Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:20

Pens: Vashington Boltiq mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlayveradi


AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens Vashington Boltiq mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir karra ta’kidladi va ularning qo‘shnisi Rossiyani “xalqaro chegaralarni qayta bichish” va “demokratik mamlakatlarni beqarorlashtirish”ga urinayotganlikda aybladi.

Mayk Pens bu haqda 31 iyul kuni Estoniya poytaxti Tallin shahrida uchta Boltiq davlati prezidentlari Kersti Kalyulayd, Raymonds Veyonis va Dalya Gribauskayte bilan uchrashuvi vaqtida gapirdi:

- Biz bu yerda ham, butun dunyoda ham birgamiz, chunki chorak asr oldin kommunizm qulagandan beri kuchli va birdam NATOga har qachongidan ko‘ra ko‘proq ehtiyoj borligini ko‘rib turibmiz. Boltiq davlatlariga hech narsa sharqdagi qo‘shningizning tajovuzkorona xatti-harakatlarichalik xavf solayotgani yo‘q. Rossiya har lahzada xalqaro chegaralarni kuch ishlatish yo‘li bilan qayta bichish, suveren mamlakatlardagi demokratiyani beqarorlashtirish va Yevropadagi erkin millatlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib, bo‘lib tashlashga intilmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari prezident Donald Tramp rahbarligida Boltiq davlatlariga yoki NATOga a’zo ittifoqchilarimizga qarshi kuch ishlatish, tahdid qilish, qo‘rqitish yoki zararli ta’sir ko‘rsatishga har qanday urinishni qoralaydi,- dedi Pens.

Estoniya, Latviya va Litva NATOga a’zo mamlakatlardir, ular Sovet davrida Moskvaga bo‘ysunar edi.

Pens AQSh ma’muriyati NATO shartnomasining 5-moddasi, ya’ni NATOga a’zo bir mamlakatga hujum ittifoqning barcha a’zolariga qarshi hujumni anglatishi to‘g‘risidagi qoida “qat’iy bajarilishi” tarafdori ekanini aytdi.

U yana Qo‘shma Shtatlar Moskva talablariga qaramasligi va o‘z maqsadlaridan og‘ishmasligiga va’da berdi. Vitse-prezident bu haqda AQShning Rossiyadagi diplomatiya vakolatxonalaridagi xodimlar sonini keskin qisqartirish to‘g‘risidagi qarori haqida so‘z yuritayotib gapirdi.

Pens 30 iyul kuni Estoniyaga safarini boshlagandan so‘ng bosh vazir Yuri Ratas AQSh vitse-prezidenti ushbu mamlakatga “Petriot” raketaga qarshi mudofaa tizimini joylashtirish masalasini ko‘targanini ma’lum qildi.

– Bugun shu haqda gaplashib oldik, ammo uning sanasi yoki vaqtini muhokama qilganimiz yo‘q, – dedi Ratas ERR telekompaniyasiga.

Ratasning yana bildirishicha, ikki rahbar Rossiyaning Estoniya chegarasi yaqinida o‘tkazishi rejalashtirilayotgan harbiy mashqlari haqida ham fikr almashdi. “Endi Estoniya, Qo‘shma Shtatlar va NATO ushbu mashqlarni kuzatib borishi va axborot almashishi kerak”, dedi u.

Pens 31 iyul kuni Tallindan Gruziyaga, keyin NATOning eng yangi a’zosi Chernogoriyaga safar qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, u Gruziyada ushbu Kavkaz mamlakatining suvereniteti va hududiy yaxlitligi masalasiga e’tibor qaratadi. Gruziya G‘arb mamlakatlari ittifoqiga a’zo bo‘lishga intilmoqda.

Gruziya Rossiyani o‘z hududiga tajovuz qildi, deb hisoblaydi. Kreml Gruziyaning ayirmachi mintaqalari Abxaziya va Janubiy Osetiyani 2008 yilgi besh kunlik urushdan so‘ng mustaqil mamlakatlar sifatida tan oldi. Rossiya ushbu ikki mintaqada minglab harbiy xizmatchilardan iborat qo‘shinlarini joylashtirdi.

Gruziya prezidenti Georgi Margelashvili 27 iyul kuni Pensning safarini Qo‘shma Shtatlar Gruziyaga kuchli harbiy qo‘shinlarni tashkil etishda ko‘makni davom ettirayotgani namoyishi deb atadi.

Pensning safari vaqtida 800 kishilik gruzin va 1600 kishilik AQSh qo‘shinlari oldindan rejalashtirilgan “Himmatli sherik – 2017” harbiy mashqlarida qatnashadi.

Oq Uy vakilining ma’lum qilishicha, Pens 31 iyul kuni kechqurun Tbilisiga tashrif buyuradi va Gruziya bosh vaziri Giorgi Kvrikashvili mezbonlik qiladigan rasmiy ziyofatda ishtirok etadi.

Keyinchalik u safarining so‘nggi manzili – Chernogoriyaga borib, NATOning yangi a’zosini qutlaydi. Uning NATOga a’zo bo‘lib kirishiga Rossiya keskin qarshilik ko‘rsatgan edi.

AQSh rasmiy shaxslari Pensning 2 avgust kuni Chernogoriya poytaxti Podgoritsa shahrida Adriatika dengizi xartiyasi sammitida ishtirok etishi haqida xabar tarqatdi.

Ushbu tadbirda Albaniya, Bosniya va Gertsegovina, Xorvatiya, Kosovo, Makedoniya, Serbiya va Sloveniya rahbarlari ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

XS
SM
MD
LG