Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 00:35

O‘zbekiston meva-sabzavotlar eksporti uchun yagona brend ishlab chiqdi. Bundan buyon mamlakatdagi meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari yagona UzAgro tovar brendi ostida xorijga chiqariladi. Brend egasi bo‘lgan “O‘zbekoziqovqatxolding” shirkati brendlashtirish oddiy dehqonlar manfaatlariga zid kelmasligini ta’kidlamoqda.

"UzAgro - sifat belgisi, xolos!"

Avtomobil eksporti bo‘yicha yaxshi mutaxasis sifatida e’tirof etilgan Tohir Jalilov “O‘zbekoziqovqatxolding”ga boshliq bo‘lganidan bir oy o‘tib, oziq-ovqat eksporti uchun yangi brendni tavsiya qildi.

Endilikda yangi va qayta ishlangan qishloq ho‘jaligi mahsulotlari hamda oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini xalqaro bozorda UzAgro brendi bilan sotish rejalanmoqda.

Shirkat rasmiylari UzAgro brendi mahalliy fermerlar va qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlab chiqaruvchilar uchun jahon bozorlariga eshik ochishiga va’da bermoqda.

"UzAgro - mahsulot eksportchilarini birlashtiruvchi kuchga aylanadi. Birgalikda biz birinchi bo‘lamiz", deydi “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi boshqaruv raisi Tohirjon Jalilov shirkat rasmiy sayti orqali.

GM Uzbekistan sobiq rahbari "O‘zbekoziqovqatxolding" shirkati rahbarligiga tayinlandi
GM Uzbekistan sobiq rahbari "O‘zbekoziqovqatxolding" shirkati rahbarligiga tayinlandi

Tohirjon Jalilov ishlab chiqaruvchilar yagona brend ostida nafaqat o‘z mahsulotlarini savdoga chiqarishlari mumkinligi, balki ularga bir qator masalalarni hal qilishga yordam ham berilishini ma’lum qildi:

"Masalan, bo‘lajak ekin ekish mavsumidayoq biz jahon bozorida kerakli bo‘lgan mahsulot miqdori va xususiyatlari borasida maslahat berishimiz mumkin. Saqlash va tashish xarajatlarini kamaytirishga yordam beramiz. Huquqiy yordam ham ko‘rsatamiz. Ishonchli hamkorlar topishga ham yordam beramiz", deydi Jalilov shirkat sayti orqali.

Kompaniya mutaxassislari UzAgro brendining joriy qilinishi kelajakda xarajatlarni kamaytirish imkonini ham beradi, demoqda. Ular hozirda O‘zbekistonda ortiqcha yoki kam hajmda u yoki bu mahsulot ishlab chiqarilayotgani, narx siyosatining ishlab chiqilmagani, hamkorlar tanlashdagi xatolar, logistika va mahsulotni yetkazib berish muammolari hamda moliya-kreditlash sohasidagi va boshqa muammolar o‘zbek meva-sabzavot eksporti salohiyati o‘sishiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlamoqda.

"UzAgro monopoliyaga intilish emas"

2017 yilning 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonda meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini yetishtirayotgan tadbirkorlarga o‘z mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijga sotish huquqi berildi. Prezident Shavkat Mirziyoev qarori bilan¸ "O‘zagroeksport" davlat tashkilotining bu sohadagi monopoliyasiga barham berildi.

Ayrim tahlilchilar UzAgro brendi joriy qilinishini ayni monopoliyani tiklashga urinish harakatlari sifatida baholayapti.

Biroq “O‘zbekoziqovqatxolding” shirkatining ismini oshkor qilmagan mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda eksportga mo‘ljallangan mahsulot uchun UzAgro brendi sertifikatini olish majburiy emasligini aytdi:

- Biz hamma ishlab chiqaruvchi yoki eksport qiluvchilarni mahsulotlarini bizga sotishga yoki UzAgro sertifikatini olishga majburlamaymiz. Ular UzAgro sertifikatisiz bemalol mahsulotlarini chetga sotishlari mumkin. Bu yangilik reytingimiz va sifatimiz belgisidir, xolos.

Ilgaridan Rossiya, Qozog‘iston yoki MDHning boshqa davlatlarida “o‘zbek qovuni”, “o‘zbek pomidori” ostida o‘z bozoriga ega mahsulotlar sotib kelingan. Hozirga kelib biz bu bozorlarda katta raqobatga uchrayapmiz. Shu sababli biz azaldan hammaga ma’lum “o‘zbek meva-sabzavoti” brendini shu nom ostida tiklashga urinib ko‘ramiz. Ko‘ramiz, nima chiqadi bundan, deya javob qaytardi shirkat mulozimi.

Idora vakili UzAgro brendi nomini ommalashtirishga xorijiy mutaxassislar ham jalb etilishini qo‘shimcha qildi.

“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi O‘zbekiston Oziq-ovqat sanoati korxonalari assotsiatsiyasi negizida 2016 yilning fevral oyida tuzilgan.

Mirziyoev hukumatga kelgach, rahbarlik lavozimiga qaytgan 48 yashar Tohirjon Jalilov 2017 yilning iyul boshlarida “O‘zbekoziqovqatxolding” shirkatiga rahbar etib tayinlangandi. 27 iyun kuni Mirziyoev eksport sohasidagi kamchiliklar uchun “O‘zbekoziqovqatxolding” rahbari Odilxon Rustamov va ushbu xolding tarkibida bir yil avval tuzilgan "O‘zagroeksport" maxsus tashqi savdo kompaniyasi direktori Jamshid Xolmuhammedovni “o‘z lavozimiga noloyiq” deya vazifasidan ozod etgandi.

O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalari joriy yilning o‘tgan davri davomida Rossiyaga yangi va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 612 million dollarlik shartnoma imzoladi.

XS
SM
MD
LG