Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 04:37

O‘zbekistonda Boeing boshqaradigan uchuvchilar tayyorlash boshlandi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

O‘zbekiston havo yo‘llari samolyotlari

Toshkentda xalqaro standartlar darajasida grajdan aviatsiyasi uchuvchilarini tayyorlaydigan kurs ish boshladi. "O‘zbekiston Havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ bu kursda aviakompaniyaning oliy texnik ma’lumotga ega bo‘lgan uchuvchilari qayta tayyorlanmoqda.

Mulozimga ko‘ra¸ kurs harajatlari "O‘zbekiston Havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi tarafidan qoplangan.

- Bu kurslarni tugatganlarga Boeing-757/767 va A320 uchoqlarini boshqarish huquqi beriladi. Kursga qabul qilinganlarning dastlabki guruhi tasdiqlandi. Kurs to‘la tarzda ikki oydan keyin ish boshlaydi¸ dedi kompaniyaning o‘quv-trening markazi mulozimi.

Unga ko‘ra¸ shu paytgacha o‘zbek uchuvchilari Rossiya va AQShda malaka oshirib kelgan.

O‘zbekistonlik xalqaro toifadagi uchuvchi Andrey Litvinovning Ozodlikka aytishicha¸ Bosh vazir Abdulla Oripov tarafidan imzolangan qaror asosida ish boshlagan bu o‘quv dargohi nafaqat O‘zbekiston¸ balki Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham mutaxassis kadrlar tayyorlash salohiyatiga ega:

- Toshkentda uchuvchilar uchun texnikaviy jihozlangani bo‘yicha Markaziy Osiyoda muqobili yo‘q o‘quv – trenirovka markazi bazasida bu o‘quv dargohi ochilmoqda. Toshkentdagi o‘quv-trenirovka markazi sovet davrida ham malakali mutaxassislar qayta tayorlanadigan joy edi. Shu kunda bu markazda Boeing uchoqlari uchun simulyator ishlayapti. Bu simulyatorning mavjudligi o‘quv dargohining jiddiyligidan darak beradi¸ deydi Litvinov.

Shu paytgacha o‘zbek uchuvchilari qayta tayorgarlikdan o‘tib kelgan Sankt Peterburgdagi grajdan aviatsiyasi universiteti prorektori Yuriy Mixalchevskiyning yordamchisi ekanligini aytgan, lekin ismini aytmagan xodim ham Toshkentdagi o‘quv markazi bazasida ochilayotgan kurslarning saviyasi yuqori bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Ayni paytda facebookdagi “Voditeli Tashkenta” guruhi yuzerlari “Toshkent avtoshkolasini tugatib prava olgan haydovchi mashina hayday olmagani kabi Toshkent uchuvchilar maktabini tugatganlarning samolet uchirishiga ishonmayapmiz”, deya kesatishdi.

Bundan oldin rossiyalik taniqli komik akter Anna Ardova "O‘zbekiston havo yo‘llari" shirkati styuardessa va uchuvchilarini hajv qiluvchi videorolikda suratga tushgan edi.

Videorolik o‘zbek uchoq shirkatini "qoloq va malakasiz", deya kinoya qiladi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbek uchuvchisi Baxtiyor Xolmatov bu kinoyani o‘rinli, deb topmadi:

- Toshkentning UTO ( o‘quv-trenirovka bo‘limi) sini yaxshi bilaman. U yerda hech qachon poblajka (tanish-bilishchilik) bo‘lmagan. Sotib olish bo‘lmagan. Sotib olib bo‘lgan bilan bu mashina emas, samolet. Uni uchirish kerak¸ qo‘ndirish kerak¸ deya ta’kidlagan uchuvchi Toshkentda ochilgan yangi kurslar ahamiyatiga ham to‘xtaldi:

- Ko‘p yosh uchuvchilar chet ellarga borib o‘qib, o‘sha yerda qolib ketishmoqda. Bilishimcha, Toshkentda ochilgan kursni bitirganlar ish shartnomasi bilan ham ta’minlanar ekan. Bu juda yaxshi. Milliy kadrlar o‘zimizda ish bilan ta’minlanadi. Uchuvchilarni xalqaro standartda o‘qishitishga qurbimiz etadi. Faqat yana ham malakasi kuchli o‘qituvchilarni jalb qilish va iloji boricha korruptsiyani yaqinlashtirmaslik kerak, - deydi uchuvchi.

Shu bilan birga suhbatdosh “xalqaro standartlar darajasida grajdan aviatsiyasi uchuvchisi” degan gapga aniqlik kiritdi.

- Albatta, bu kukuruznik samolyotini boshqaradigan uchuvchidan farq qiladi. Xalqaro toifadagi uchuvchi dispetcher bilan aloqalarni ingliz tilida olib boradi. Layner ichidagi yo‘lovchilarga ingliz tilida murojaat qilib, parvoz haqida malakali ma’lumot beradi. Eng muhimi, u O‘zbekiston Havo yo‘llari aviaparkidagi asosiy samolyotlar Boeing¸ A320¸ RJ kabi G‘arbda ishlab chiqarilgan samoletlarni boshqara oladi¸ deydi o‘zbek uchuvchisi Baxtiër Xolmatov.

Yana bir o‘zbekistonlik uchuvchi Andrey Litvinov “93 yillik tarixga ega o‘zbek grajdan aviatsiyasi o‘z kadrlarini o‘zi tayyorlay” boshlaganini olqishladi.

- 1924 yilning 12 mayida Toshkentdan Olmaotaga ilk passajir reysi amalga oshirilgan edi. O‘sha paytda yetishib chiqqan o‘zbek uchuvchisi Abdusamad Taymetov 1945 yilda Berlindan Moskvaga fashistlar Germaniyasi mag‘lub bo‘lgani haqdagi aktni keltirgan samoletni boshqargan edi. 1996 yili Arslon Ro‘zmatov Boeingni boshqarib, Atlantika okeani ustidan uchgan ilk o‘zbek uchuvchisi bo‘ldi. Bu samolet Sietlda O‘zbekiston uchun yasalgan edi. O‘zbek aviatsiya maktabi kechagi tajribani tramplin qilib yuksak professional darajaga etishiga ishonaman¸ deydi uchuvchi Litvinov.

XS
SM
MD
LG