Линклар

O‘zbekistonda ruhiy kasalliklar shifoxonasida sal kam 11 yil majburiy va yashirin saqlangan jurnalist Jamshid Karimov ozod etiliganidan olti oy o‘tib ham unga pasport berilmayapti. Marhum prezident Islom Karimovning jiyani bo‘lgan Jamshid Karimov Ozodlik bilan suhbatda pasport olishga yordam so‘rab mamlakatni hozirgi prezidenti Shavkat Mirziyoev portaliga yozgan murojaatlari ham javobsiz qolayotganini aytdi.

O‘zbekistonda ruhiy kasalliklar shifoxonasida 2006 yildan beri majburiy va yashirin tarzda saqlanib kelingan va fevral oyida ozod etilgan jurnalist Jamshid Karimov Ozodlik bilan suhbatda pasport so‘rab qilgan murojaatlari javobsiz qoldirilganini aytdi.

- 2006 yilni yozida Shvetsiyaga ketish uchun OVIRga hujjatlarni tayyorlayotgan paytda, ya’ni qamalishimdan sal oldin pasportimni olib qo‘yishgandi. O‘shandan beri pasportsizman. Qizim prezident portaliga pasport olishimga yordam so‘rab murojaat qildi, javob bo‘lmadi. Ataylab berishmayaptimi yoki bu o‘zbekona byurokratiyami, bunisi menga qorong‘u. Pasportsiz men nafaqamni ham ololmayapman, ishga ham joylasholmayapman, mana qo‘limda qizim bergan so‘nggi olti ming so‘mim qoldi- deydi Jamshid Karimov.

O‘zbekistonning o‘tgan yil sentabr oyida olamdan o‘tgan prezidenti Islom Karimovning jiyani bo‘lgan Jamshid Karimov Jizzaxda yashaydi va 2000 yildan boshlab xalqaro matbuot bilan hamkorlik qilgan.

Islom Karimov akasi Arslon Karimovning o‘g‘li bo‘lgan jurnalist prezident amakisini oshkora tanqid qilgani uchun, rasmiylar tomonidan tazyiqqa uchragan va ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburan yotqizilgan edi.

Birinchi marta u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga 2006 yilda majburan yotqizilib, u yerda 2011 yilgacha saqlangan edi.

- Oradagi ikki oylik tanaffusni hisobga olmaganda men 10 yilu 5 oyni "If qal’asining asiri" kabi Samarqanddagi o‘sha zindonda, bir kishilik kamerada kechirdim. Meni hach qanaqa ayblov hukmisiz Samarqand chekkasidagi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi ruhiy kasallar izolyatoriga majburlab tiqishdi, - deydi Karimov.

Hibsga olinishidan avval Jamshid Karimov internetda mahalliy va markaziy hokimiyat idoralarini tanqid qiluvchi qator maqolalar e’lon qilgan.

- Menga qo‘yilgan yagona ayb – shizofreniya. Bu aybmi aslida? Odam ruhiy xasta bo‘lsa uni yo‘q qilish kerakmi? Menga o‘shanda aytishgan, “senga hech qanaqa ayblov qo‘yilmagan, seni bu yerga tiqish uchun buyruq eng yuqoridan berilgan” deb. To‘g‘risi, amakimni o‘limi men uchun bir syurpriz bo‘ldi. Meni zindondan chiqishimga amakimni o‘limi turtki bo‘ldi. Prezident o‘lganidan so‘ng yangi rahbariyatni portali ochildi. Qizim shu portalga dadamni ozod qiling deb yozdi, shundan so‘ng meni 15 kun ichida ozod qilishdi, - deydi Jamshid Karimov.

Jamshid Karimov ruhiy kasalliklar shifoxonasida unga nisbatan ehtiyotkor va ayni paytda qattiqqo‘l munosabatda bo‘lishganini aytdi.

- Men har xolda prezidentning jiyani edim. Juda ehtiyotkor va ayni paytda qattiqqo‘l bo‘lishdi menga nisbatan. U yerda hayotim ochlikda kechdi. Ochlik tufayli shu zindonda surunkali pankreatit – oshqozon kasalligini orttirdim, - deydi Karimov.

Hozirda ellik yoshni qarshilayotgan Jamshid Karimov bukilib yuradi. Ikkinchi guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, jurnalist o‘z kasbiy faoliyatini davom ettirish niyatida.

- Men albatta jurnalistikani davom ettiraman. Bu men uchun sharafli kasb, - deydi Karimov.

Jamshid Karimov 2000-chi yillarda Buyuk Britaniyaning Urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR), “Arena” va “Uznews.net”veb saytlari bilan hamkorlik qilib kelgan jurnalistdir.

XS
SM
MD
LG