Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 00:39

Namangandagi qabristonlarni obodonlashtirish ishlariga byudjet idoralari xodimlari jalb qilinganini inkor qilgan namnews.uz nashri buning ixtiyoriy tarzda amalga oshirilganini iddao qiladi.

Namanganning G‘uncha dahasidagi qabristonni obodonlashtirish ishlariga “maktab, bog‘cha xodimlari va mediklar” jalb etilgani, ular “har kuni ertalab soat 6 dan 10 gacha ishlatilayotgani” to‘g‘risida Ozodlikning mobil muxbiri bergan xabarni inkor qilishga uringan Namnews.uz buni mish-mish deya ataydi.

“Buni eshitib, yopiray, deya yoqa tishlashdan boshqa ilojimiz yo‘q. Nima, qabriston chiqindilarga to‘lib-toshadigan ishlab chiqarish korxonasimi, uni har kuni 4 soat tumonat odam tozalab turishi kerak bo‘lsa? Ishonging kelmaydi”, deya yozadi Namnews.uz.

Maqola davomida Namnews.uz o‘z yozganlarini inkor qiluvchi ma’lumotlarni keltiradi:

"Mavlono" qabristonida o‘tkazilgan hasharda 8000 nafarga yaqin aholi qatnashdi. 50 dan ziyod texnikada 100 mashinadan ortiq xas-xashak chiqarib tashlandi”, deya yozadi nashr.

31 iyul kuni Namangan shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi qabristonlarni obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini Ozodlikka tasdiqlab, “bu ishlarga shaharni obodonlashtirish korxonasi jalb etilgan”ini ta’kidlagan edi.

Lekin Namnews.uz hokimlik mulozimining bu gaplariga teskari ma’lumotlarni berib, “15-16 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan mazkur umumxalq hasharida Namangan shahridagi mavjud 103 ta mahalla, 30 ta masjid, 356 ta korxona-tashkilot, muassasalarning 6 ming nafarga yaqin hasharchilari” ishtirok etganini keltiradi.

Nashr hasharning ixtiyoriy ekanini isbotlash uchun o‘qituvchi Ma’suda Mirzamova so‘zlarini keltirgan:

«Bizni hasharga chiqishga majburlashgan emish. Nima degan gap bu? Majburlash u yoqda tursin, agar o‘qituvchi-tarbiyachi-shifokorlar qatnashmasin, deyishganida qattiq ranjir edik», deydi Mirzamova.

Keyingi kunlarda o‘zbek matbuoti byudjet idoralari, ayniqsa, o‘qituvchilarning «tekin mardikor»ga aylangani mavzusini qizg‘in muhokama qilayapti. Bu holat hatto rasmiy telekanallar orqali ham tanqid qilindi.

XS
SM
MD
LG