Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:45

Borovskiy kolleji yopilishidan norozilar aksiyasini shahar hokimi tarqatdi


Borovskiy kolleji oldidagi norozilar (Surat 8 avgust kuni olingan)
Borovskiy kolleji oldidagi norozilar (Surat 8 avgust kuni olingan)

8 avgust kuni P.F.Borovskiy​ nomidagi Toshkent shahar tibbiyot kolleji binosiga yig‘ilgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari kollej yopilayotganidan norozilik bildirdi. Voqea guvohlariga ko‘ra, huquq-tartibot organlari xodimlari yig‘ilganlarni tarqalishga ikki soat davomida ko‘ndira olmagan. Kollejga borgan shahar hokimining va’dasi bilangina norozilar uylariga qaytgan. Ayni paytda ikki kun avval mazkur kollejda MXX maktabi uchun texnik jihozlarni o‘rnatish ishlari boshlangani ma’lum bo‘ldi.

Ikki soatlik norozilik yig‘ini

Seshanba kuni kollejga yig‘ilgan ota-onalardan birining Ozodlikka aytishicha, norozilar kollej oldida ikki soatcha turishgan:

“Ertalab soat 10 da kollejning 2- va 3- kurs o‘quvchilari va ularning ota-onalari hammasi shu yerda edi. Ikki soatcha bo‘ldik o‘sha yerda. Talablarimizni aytdik. MXX, militsiya ham shu erda. Bizdan tarqalishni so‘rashdi. Lekin hech kim joyidan jilmadi. Keyin shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning o‘zi kollejga keldi. Bizga talablarimiz inobatga olinishiga va’da berdi”, dedi kollej o‘quvchilaridan birining onasi.

O‘rta, maxsus kasb-hunar ta’limi Markazidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Borovskiy kollejining 2- va 3- kurs o‘quvchilari soni 1600 nafarni tashkil qiladi. Ushbu o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan qanchasi 8 avgust kungi norozilik yig‘inida ishtirok etgani Ozodlikka ma’lum emas. Voqea guvohlariga ko‘ra, norozilar soni yuzlab bo‘lgan:

“Odam juda ko‘p edi, aniq sonini bilmayman. Shu paytgacha bunchalik ko‘p bo‘lib, bitta joyga hech yig‘ilmagan edik”, deydi o‘quvchilardan yana birining onasi.

“Kollej tugatilmasin!”

Kollej o‘quvchilaridan birining otasi Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, ular kollej tugatilmasligini va o‘quvchilar boshqa kollejlarga tarqatilmasligini talab qilishgan.

Joriy yilda Borovskiy kollejiga yangi o‘quvchilar qabul qilinmadi. O‘tgan oyda kollejning 2- va 3- bosqichini tugatgan o‘quvchilari shahardagi boshqa tibbiyot kollejlariga taqsimlanishi e’lon qilindi.

“Faqat bir-ikkita o‘quvchigina boshqa kollejga o‘tishga rozi bo‘lgan. Boshqa hamma norozi. Hali hech kim “ko‘chishga roziman”, degan arizaga qo‘l qo‘ymadi. “Bolalar boshqa kollejga o‘tsa ham ularga Borovskiy diplomini beramiz”, deb bizni aldashayapti. Kollej tugatilsa, uning diplomi qanday berilishi mumkin? Nahot bizni bunga aqli yetmaydi deb o‘ylashsa?”, deydi o‘quvchilardan birining otasi.

Borovskiy kolleji o‘quvchilari. (Suratning 8 avgust kungi voqeaga aloqasi yo‘q)
Borovskiy kolleji o‘quvchilari. (Suratning 8 avgust kungi voqeaga aloqasi yo‘q)

Hokim va’dasi

Toshkent shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, "hokim Usmonov kollej talabalari va ularning ota-onalari talablarini o‘rganib, ijobiy hal qilishga va’da bergan".

O‘rta, maxsus kasb-hunar ta’limi Markazi mulozimi ham "barcha mutasaddi tashkilotlar Borovskiy nomidagi kollej taqdiriga oid so‘nggi qarorni joriy hafta oxirigacha qabul qilishini" bildirdi.

Mulozimga ko‘ra, qaror qabul qilishda albatta o‘quvchilar va ularning ota-onalari talablari inobatga olinadi.

Kollej yopilishi sabablari

Borovskiy kollejini yopish masalasi kollejning 2- bosqich o‘quvchisi Jasurbek Ibrohimovning o‘limidan so‘ng o‘rtaga chiqdi.

Jasurbek Ibrohimov joriy yilning 3 may kuni o‘z kursdoshlari tomonidan kaltaklangan va u 5 marta jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazib, voqeadan bir oy o‘tgach, olamdan o‘tgandi.

Jasur Ibrohimovning o‘limi Facebook va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Jasur Ibrohimov oilasini qo‘llab-quvvatlab, aybdorlar jazolanishi talabi bitilgan petitsiyaga imzo chekish uchun 400 ga yaqin odam Bobur bog‘iga yig‘ildi.

Тошкентда уриб ўлдирилган ўқувчи ҳимоясига акция ўтказилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:21 0:00
Бевосита линк

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan tergov harakatlarini esa O‘zbekiston Bosh prokurori shaxsan nazoratga oldi. Petitsiyadan bir kun o‘tib, Ibrohimovning o‘limi bo‘yicha bir o‘quvchi hibsga olindi.

Jasur Ibrohimovning o‘limi ortidan u o‘qigan P.F.Borovskiy nomidagi tibbiyot kolleji direktori Lutfi Yusupova va direktorning ikki o‘rinbosari ishdan haydaldi.

Ushbu shov-shuvli xabarlar ortidan 15 iyun kuni favqulodda majlis chaqirilib, o‘quvchilar kollej yopilishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.

Rasmiylar ushbu kollejda o‘quv ishlari, ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani va kollejning o‘quv xonalari talabga javob bermasligi bois uni yopishga qaror qilingani ta’kidlashdi.

Kollej o‘rnida MXX maktabi

Iyun oyida Borovskiy kolleji o‘rnida MXX maktabi ochilishi rejalangani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

Ozodlikka 8 avgust kelgan xabarga ko‘ra, ikki kun avval kollejda MXX maktabi uchun texnik jihozlarni o‘rnatish ishlari boshlangan.

XS
SM
MD
LG