Линклар

Ahmadboy ishi bo‘yicha sud jarayonining ikkinchi majlisiga kelganlar zalga sig‘madi

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Toshkent viloyat, Chinoz tumanida moliyaviy piramida qurib, o‘n minglab odamni aldaganlikda ayblanayotgan Ahmadboy Tursunboev va uning sherigi ekani aytilayotgan 6 shaxs ustidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida boshlangan mahkama jarayonining 9 avgust kuni bo‘lgan ikkinchi majlisida guvohlarning ko‘rsatmalari tinglandi.

Ahmadboy piramidasidan jabr chekkan o‘nlab odam shu kuni sudga kelib, sudlov o‘tayotgan zalga kirishga urindi, lekin bo‘sh joy qolmaganligi sababli ularning ko‘pchiligi sud zaliga kiritilmadi.

- Odamlar pullarini, mashinalarini talab qilib sudga kelishgan, lekin kiritilmadi. Faqat ro‘yxat bo‘yicha kirityapti. Sud ochiq deydi, lekin ellikdan ortiq odam tashqarida qoldik. O‘tiradigan joy yo‘q ekan, - deydi Ahmadboy sudiga kelgan Zarifa ismli ayol.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda Tursunboev va yana 6 sudlanuvchi ustidan mahkama ko‘rsatma berishni xohlovchi barcha uchun ochiq ekani, lekin sud zalida o‘rindiqlar kamligi sabab hamma ham u yerga kiritilmaganini aytdi.

- Ahmadboy Tursunboev bilan birga uning hisobchisi va g‘aznachilari, jami 7 sudlanuvchi bugun sud zaliga olib kelindi. Bugungi majlisda guvohlar va moliyaviy piramidadan jabr ko‘rganlarning ko‘rsatmalari tinglanyapti. Sud ochiq bo‘layotgani uchun taklif etilmagan odamlar ham kelgan. Ularni ham majlisga kiritishga harakat qilyapmiz, lekin joy yetishmayapti. Ayblanuvchilar yettita, har birining qarindoshlari bor. Sudda odamlar tikka turishi mumkin emas, - dedi sud mulozimi.

“Chinoz halol chorva” va “Chinoz avto hamkor” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning muassisi Ahmadboy Tursunboev odamlardan bir yilda ikki barobar qilib qaytarish sharti bilan katta mablag‘larni noqonuniy ravishda olib kelganlikda ayblanmoqda.

Ahmadboy nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor o‘tgan yilning iyun oyida qo‘lga olingan.

U O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik),168-moddasi (firibgarlik) va 170-modda (aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan mulkiy zarar yetkazish), shuningdek, 177-modda - valyutani qonunga xilof ravishda olish va 178-modda - chet el valyutasini yashirish bandlari bo‘yicha ayblanmoqda.

Ahmadboyga tegishli ekanligi aytilayotgan 12 million dollardan ortiq pul ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

38 yoshli tadbirkorga pul bergan va olgan odamlarning soni bir necha o‘n mingdan ko‘p ekani aytiladi.

Toshkentda o‘tayotgan sud jarayonini mahalliy jurnalist Bobomurod Abdulla ham kuzatmoqda.

- Hozir sud binosi oldida turibmiz. Bu yerda shu Ahmadboydan zarar ko‘rgan odamlar suddan shu zararlarini undirib berishni so‘rab murojaat qilishgan, lekin sudga faqat ro‘yxatga olingan guvohlar kiritilyapti, - dedi jurnalist.

Ahmadboy aholidan naqd puldan tashqari qimmatbaho taqinchoqlar va avtomashinalarni noqonuniy ravishda qabul qilib olgani bildirilgan.

Lekin, pul va ashyolarni olarkan, tadbirkor hech qanday kafolat xati bermagan.

O‘zini Zarifa deb tanishtirgan ayol Ahmadboyga 6 ming dollardan ortiq mablag‘ bergani va bu bo‘yicha sudda guvohlik berishga tayyorligini aytdi.

- Ahmadboyga ikki baravar qilib qaytarib berishi evaziga pul, tilla taqinchoqlarni berganmiz. Hammasi bo‘lib 6000 dollar teng qilib qayd qilib yozib qabul qilib olishgandi. O‘za paytda hamma shu ishni qilayotgandi. Militsiya, sud, prokurorlar ham unga hech narsa demagan, ular ham pul bergan, shuning uchun o‘shanda bu ishni noqonuniy ekanini bilmaganmiz. Men pulimni undirib berishlarini suddan so‘rayman, - deydi Zarifa.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi mulozimi Ahmadboy ishi bo‘yicha sud jarayonining navbatdagi majlisi 14 avgust kuni bo‘lib o‘tishini aytdi.

Sud jarayonini Ozodlikda kuzatib boring...

XS
SM
MD
LG