Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 00:34

Obamaning sharhi Twitter tarixida eng ko‘p o‘qilgan tvit bo‘ldi


Barak Obama Virjiniya shtatida saylovchilar bilan uchrashgan paytda olingan surat. 2012 yil.
Barak Obama Virjiniya shtatida saylovchilar bilan uchrashgan paytda olingan surat. 2012 yil.

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Sharlotsvilldagi to‘qnashuvlarga munosabat bildirib Nelson Mandelladan keltirgan iqtibos Twitter tarixidagi eng ko‘p o‘qilgan sharx bo‘ldi.

Twitter ijtimoiy tarmog‘ida qoldirilgan sharhlarning ommalashuvi statistikasini kuzatib boruvchi Favstar nashrining bildirishicha, Obamaning sharhini 2 million 800 ming odam “layk” qilgan. 1 million 150 ming foydalanuvchi esa bu sharh bilan bo‘lishgan.

Obama Twitter sahifasida JARning sobiq prezidenti Nelson Mandelladan iqtibos keltirgan edi.

“Hech kim boshqa bir odamga tanasining rangi, kelib chiqishi yoki diniga nisbatan nafrat bilan tug‘ilmaydi. Odamlar nafratlanishga o‘rganishadi va agar ular nafratga o‘rganayotgan ekan, demak ularni muhabbatga ham o‘rgatishga harakat qilish lozim. Negaki muhabbat inson yuragiga yaqinroqdir”, degan iqtibosni Obama Twitter sharhlari ko‘lami cheklangani uchun uch qismga bo‘lib e’lon qilgan.

Shuningdek, Obama tvitning birinchi qismiga Meriled shtatidagi bog‘chalardan birida tushgan suratini e’lon qilgan. Suratda Obamaga turli irq va millat bolalari qarab turgani aks etgan.

Twitter tarmog‘ida bundan oldingi eng ko‘p o‘qilgan tvit qo‘shiqchi Ariana Grandega tegishli edi. Grande Manchesterda kontsert berayotgan paytda portlash sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng qo‘shiqchi “Chin yurakdan chuqur qayg‘udaman. So‘z aytishga ojizman”,degan sharhni qoldirgan edi.

12 avgust kuni Virjiniya shtatining Sharlotsvill shahrida oq irqchilar bilan o‘ng qanot faollar va ularga qarshilar o‘tkazgan namoyish ishtirokchilariga avtomobil bilan hujum qilingan edi.

Hujum natijasida bir ayol halok bo‘ldi, 19 odam jarohatlandi. Namoyishchilar ustiga avtomobil bilan bostirib borgan 20 yashar Jeyms Aleks Filds qo‘lga olinib, unga qarshi ish ochildi.

Sharlotsvilldagi namoyish o‘tkazilishiga mahalliy hukumatning AQShdagi vatandoshlik urushida qullik tarafdorlari qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan general Robert Liga o‘rnatilgan haykalni olib tashlash qarori sabab bo‘lgan.

Prezident Tramp dastlab Sharlotsvilldagi tartibsizliklarda “barcha tomonlarni” aybladi. Biroq uning bu bayonoti tanqidlarga uchraganidan so‘ng Oq Uy Tramp “Irqchilik bu yovuzlik va irqchilik nomidan zo‘ravonlik qilganlar¸ jinoyatchi va qotillardir”, deb bayonot berganini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG