Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 06:30

Bir oilaning uch a’zosini chavaqlab ketgan sobiq mahkum qidirilmoqda


Militsiya qotillikni sodir etgan deb gumon qilinayotgan noma’lum shaxsning suratini ham e’lon qildi va uni ko‘rgan-bilganlardan ma’lumot istamoqda.

Toshkent viloyati militsiyasi viloyatning Zangiota tumanida bir oilaning uch a’zosini pichoqlab o‘ldirgani gumonlanayotgan 38 yoshli M. M. ismli sobiq mahkumni qidirmoqda. Qurbonlar yaqinlariga ko‘ra, 14 avgust kuni noma’lum shaxs Zangiota tumani Nazarbek mahallasining Tarnov daxasida yashovchi 79 yoshli otaxon Ma’ruf Komilovning uyiga qamoqdagi o‘g‘lidan xabar olib kelgan bo‘lib, mehmon bo‘lib qolgan va yarim tunda otaxon, uning 64 yoshli nogiron singlisi Shaxodat va 49 yoshli qizi Sharifani bo‘g‘izlagan.

Militsiya oyoqqa turgan

Toshkent viloyati Zangiota tumani Ichki ishlar bo‘limi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda qotilni shaxsi aniqlanganini bildirdi.

IIB mulozimiga ko‘ra, qaroqchilik va qotillik bo‘yicha qamalib, yaqinda ozodlikka chiqqan 38 yoshli M. M. (ismi Ozodlikka ma’lum) Zangiotadagi mudhish qotillikda gumonlanib, qidirilmoqda.

U nima maqsadda bu ishga qo‘l urgani noma’lum bo‘lib qolayotgani noma’lum.

- Hozir u qidirilyapti, butun viloyat militsiyasi oyoqqa turgan, - dedi viloyat IIBsining mulozimi.

Militsiya qotillikni sodir etishda gumonlangan M.Mning suratini ham e’lon qildi va uni ko‘rgan-bilganlardan ma’lumot istamoqda.

Toshkent viloyat IIBsi mulozimining ma’lum qilishicha, M. M. marhum Ma’ruf Kamolovning qamoqdagi o‘g‘li bilan bir muddat Navoiy viloyatidagi Zarafshon qamoqxonasida birga jazo o‘tagan.

Hozirda Toshkent viloyati prokuraturasi jinoyat kodeksining qotillik bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochgan.

Qotil mehmon

Qotillik qurboni bo‘lgan oila yaqinlaridan biri Ozodlikka bo‘lib o‘tgan voqeani gapirib berdi.

- Ma’ruf tog‘amizni o‘g‘li 159-modda bo‘yicha qamalgan. Bu odam o‘g‘lingizdan xabar olib keldim, deb tog‘amizni uyiga kirgan, choy ichib, u bilan uzoq suhbat qurib o‘tirgan. Tog‘amizdan bir kun uyda tunab qolishga ruxsat so‘ragan. Tog‘amlar juda mehmondo‘st bo‘lganlar, “mayli bemalol qolavering”, deganlar. Yarim tunda bu mal’un turib uxlab yotgan otaxonni bo‘g‘izlab o‘ldirgan, nogiron Shahodat ammani ham, yalinib yolvorishiga qaramay, pichoq bilan so‘ygan, keyin otaxonni qizlari Sharifani ham chavaqlagan. 12 yoshli nevaralari Soliha divanni tagiga berkinib olgan, qotil uni topa olmagan va Soliha uydan tong payti chiqib ketgan, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan ayol.

Ichki ishlar xodimiga ko‘ra, hozirda 12 yoshli Soliha qotillikka yagona guvoh sifatida ko‘rsatma bermoqda.

Qotilning surati ham uning ko‘rsatmasi asosida tuzilgani aytilmoqda.

M.M. qotillikni o‘g‘irlik maqsadida qilgan bo‘lishi mumkin, degan farazlar ham bor.

- Chunki qotillikni qilib, uydagi tilla taqinchoqlar va tog‘amni yig‘ib qo‘ygan pullarini olib chiqib ketgan, - dedi marhumning yaqinlaridan biri Ozodlikka.

Voqea rivojini Ozodlikda kuzatib boring.

XS
SM
MD
LG