Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 11:29

O‘zbek muhojiri: Domodedovodagi taksichilardan ehtiyot bo‘ling!


Moskvaning Domodedovo aeroportiga kelib tushgan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri mahalliy taksichilar tuzog‘idan arang qutuldi. O‘z boshidan kechirgan beruniylik yigit O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelayotgan muhojirlarni manzilga arzon etkazib qo‘yishni taklif qilayotgan shaxslardan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qildi.

Ozodlikning Moskvada muxbiriga murojaat qilgan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri Domodedovo aeroportidan kelayotganida firibgar va zo‘ravon taksichi qurboniga aylanganini aytib berdi.

17 avgust tong saharda Urganchdan kelib qo‘ngan uchoqdan tushgan 44 yashar beruniylik Alisher Komilovni aeroport zaliga chiqish oldida taksichilar kutib olgan.

- Nazoratdan o‘tib, tashqariga chiqdim. Ertalabki 7:30 lar edi. Bir politsiyachi o‘rta osiyolik bolalarni tekshirib turgan ekan. O‘sha yerda haydovchi paydo bo‘lib qoldi. “Men ishdan chiqdim, ketsang yo‘l-yo‘lakay olib ketaman 100 rublga Domodedovskiy metrogacha”, dedi. Kechasi uxlamasdan charchab kelyatuvdim, rozi bo‘ldim. Parkovkasi uzoqda ekan, olib borib, oldi tomonga o‘tirgizdi. Avval 100 rublni berdim. Yarim yo‘lda to‘xtatib, “Shu yergacha 2,5 ming rubl bo‘ldi!”, dedi. Ko‘rinishidan, millati rus, yoshi 40 larda. “Siz yo‘l-yo‘lakay olib boraman degan edingiz 100 rublga”, desam, “Taksida 100 rublga olib bormaydi – kilometri 100 rubl!”, dedi. Birvaqt “Domodedovo metrosiga olib boraman – u yog‘iga ham 2,5 ming rubl berasan”, deyapti, dedi Alisher.

Urganchlikning aytishicha, u takchisiga politsiya posti oldiga borishni va o‘sha yerda hisob-kitob qilishini aytgan. Shundan keyin, u o‘zining sheriklariga telefon qilgan.

- Dispetcheriga “Pul berishdan bosh tortyapti”, deb telefon qildi va menga uzatdi. U yerdan ham menga do‘q-po‘pisa boshlanib ketdi. Bu ishni bir o‘zi qilmayapti ekan-da! Asosiy e’tiborni ular O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston vatandoshlariga qaratayapti ekan – o‘sha yerdan kelgan samolyotlarni nazorat qilib yurganini sezib qoldim. Ular yolg‘iz yo‘lovchilarni izlar ekan-da - bir necha kishiga indamas ekan. Meni Podolsk tomonga ancha haydab o‘rmonga olib kirib ketdi. Do‘q-po‘pisa qildi. Qattiq turmaganimda 5 ming rubl emas, cho‘ntagimdagi hamma pulni olishi mumkin edi. Harakatlaridan qurolsiz odamga o‘xshamadi. Boshida u meni qaerda ishlashimni, qaerdan ekanimni so‘rab oldi – Shchyolkovskiyda dvornik bo‘lib ishlashimni aytib qo‘yibman-da. Oxiri 1200 rubl berib qutuldim undan, dedi Alisher Komilov.

O‘zbekistonlik migrant unga zo‘ravonlik qilgan rus millatiga mansub haydovchi “190 U 527 TU” davlat raqamli “BMV” yoki “Folksvagen” avtomobilida ekanini aytdi.

O‘zbek muhojiri agarda hodisa tunda sodir bo‘lganida, ko‘rinishidan baquvvat bo‘lgan bu taksichi unga nisbatan kuch ishlatishdan ham toymasligini aytadi.

Qo‘lida yuki borligi va o‘ta toliqqani sababli Alisher politsiyaga murojaat qilmaslikka qaror qilganini bildirdi. Suhbat oxirida Moskvada farrosh bo‘lib ishlayotgan muhojir hamyurtlarni Domodedovodan taksi yollashda o‘ta ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Алишер Комилов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:30 0:00
Бевосита линк

Ozodlikning Domodedovo Trasport politsiyasiga qilgan murojaatiga navbatchi ofitser "taksichilarning xorijliklarga nisbatan biror marotaba zo‘ravonlik qilish holatlari kuzatilmagan", deb javob berdi.

Ozodlik Moskvada ancha yillardan buyon haydovchilik qilayotgan 40 yoshli Fayzulloga vaziyatni izohlab berishini so‘rab murojaat qildi.

Fayzulloning fikricha, qaroqchi-taksichilardan tashqari, xususan, Domodedovo aeroporti atrofida izg‘ib yurgan muhojirlar uchun yanada xavfliroq shaxslar bor.

- Bu holat anchadan beri bor. O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelayotgan bolalardan zo‘rlik qilib, pulini olganidan keyin, muhojirlar dodini qaerga aytishni ham bilmaydi. Qo‘rqadi, chunki biror militsiya bilan ish qiladigan bo‘lsa, aybdor so‘zsiz o‘zi bo‘lib qolaveradi. Nima bo‘lsa ham “Peshonadagi sho‘r!”, deb kelaveradi. Bu holatni rus taksichilari ham yaxshi biladi. Domodedovodagi militsiya xodimlari rus bo‘lmaganni stoyankada ko‘rib qolsa, biror bahona bilan otdelga olib ketadi va 5 ming rubl so‘raydi. Shaxsan o‘zim 4 ming berib qutilganman. Shu uchun, taksichilardan tashqari bu qaroqchilar ham bor! Bunday vaziyatga tushmaslik uchun O‘zbekiston yo Tojikistondan bo‘lgan o‘zimizni taksichilarni oldindan gaplashib olish kerak. Mahalliy taksichilar qo‘liga tushgandan keyin esa qutilishning yagona yo‘li – pulni berish! “Pul bermayman!”, deb bir tarsaki urib qo‘ysangiz – tamom: arini uyasini qo‘zg‘adingiz degan gap, dedi bunday holatlar tez-tez sodir bo‘lib turishini aytib bergan Fayzullo.

Ozodlik Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar zo‘ravonlik va qalloblik qurbonlari bo‘lgan boshqa holatlar to‘g‘risida ham xabar berib keladi.

Jumladan, o‘tgan yilning yanvar oyida Bahodir ismli buxorolik yigit ham qallob taksichilar qo‘liga tushganini Ozodlikka so‘zlab bergandi.

XS
SM
MD
LG