Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:52

Ayrim dissidentlar MXXdan vatanga qaytish taklifini olganini aytmoqda


Ayrimlarga hatto O‘zbekistonga qaytish uchun bepul bilet berish ham taklif qilingan.
Ayrimlarga hatto O‘zbekistonga qaytish uchun bepul bilet berish ham taklif qilingan.

Karimov hukumatini tanqid qilgani ortidan boshlangan ta’qiblar tufayli O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan ayrim siyosiy faollar va jurnalistlarga vatanga qaytmoqchi bo‘lsa¸ bu jarayonda muammo yo‘qligi haqida bildirilmoqda. Ozodlik bilan suhbatda shunday taklif olgan siyosiy qochqinlar¸ bunday mujdaning hozircha quyi darajadagi rasmiylardan og‘zaki shaklda kelganini aytdi.

Ozodlik muxbiri 23 avgust kuni keyingi ikki hafta ichida u yoki bu shaklda O‘zbekistonga qaytsa¸ yo‘llar ochiqligi bildirilgan yoki nomi qora ro‘yxatdan chiqarilgani rasman xabar qilingan xorijdagi bir necha faol bilan gaplashdi.

Tili achchiq faolga taklif

Ismini hozircha ochiqlashni istamagan Yevropa davlatlaridan birida yashayotgan faolga ko‘ra¸ unga o‘zi yashab turgan davlatdagi O‘zbekiston elchixonasi diplomati qo‘ng‘iroq qilib¸ nomi qora ro‘yxatdan o‘chirilgani¸ endi bemalol O‘zbekistonga qaytishi mumkinligini bildirgan.

“Menga yo‘llar ochilgani¸ vatanga bemalol qaytishim mumkinligini aytishdi. Qaytsam¸ hatto mansab berilishi mumkinligiga ham shama qilishdi”¸ dedi bu suhbatdosh.

Muxolifatchi jurnalistga taklif

90-yillar o‘rtalaridan beri AQShda yashab kelayotgan taniqli jurnalist Jahongir Muhammad Islom Karimovni ochiq tanqid qilishi ortidan ustidan ikki marta jinoiy ish ochilgan¸ 1993 va 1999 yillarda prezidentga tuhmat qilish kabi jinoyatlarda aylanib¸ xalqaro qidiruvga berilgan.

Jurnalistning Ozodlikka aytishicha¸ uzoq yillar tazyiq ostida yashagan Samarqanddagi yaqinlari uyiga 18 avgust kuni mahalliy rasmiylar kelib¸ uning qora ro‘yxatdan chiqarilganini bildirgan:

- Ikki oydan o‘tdi¸ Oliy sudga¸ Ichki ishlar vazirligi va prezident ma’muriyatiga reabilitatsiya qilishlarini¸ ya’ni to‘liq oqlashlarini so‘rab rasman murojaat qilgandim. Men ikki marta ham noto‘g‘ri ayblanganman¸ qarindosh-urug‘larim mening ortimdan juda qattiq aziyat chekkan deb¸ odil bir guruh tuzib¸ shularni ko‘rib chiqishni so‘ragandim. 18 avgust kuni Samarqandda yashaydigan opalarimning uyiga odam kepti. Afsuski¸ ismi-sharifini so‘rashmapti. Viloyat xavfsizlik xizmatidanmiz¸ deyishipti. So‘rapti hammasini. Keyin aytipti¸ ukangiz to‘liq oqlanganlar¸ kelib-ketishlari¸ istasalar butunlay kelishlari mumkin¸ tekshirib chiqtim¸ nomlari ro‘yxatlardan olingan¸ depti. Ammo to‘la oqlanganim haqida biror hujjat ko‘rsatishmapti¸ berishmapti¸ dedi bunday “xushxabar”larga skeptitsizm bilan yondashishini ta’kidlagan Jahongir Muhammad.

Mustaqil jurnalistga taklif

Xorijda yashovchi mustaqil jurnalistlardan yana birining elektron pochtasiga o‘n kuncha avval MXX xodimidan kelgan qisqa maktubda agar vatanga qaytish istagi bo‘lsa¸ bu rasmiy o‘zining yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan.

Bu odam o‘tmishda menga nihoyatda qo‘pol munosabat qilib¸ yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilgan MXX xodimlaridan biri. Endi O‘zbekistonga qayting¸ o‘zim yordam beraman deb¸ yozipti. Bu uning o‘zicha harakatimi¸ yoki umumiy bir ko‘rsatma bo‘lganmi¸ bunisidan bexabarman”¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda xorijdagi jurnalist shaxsi sir qolish sharti bilan.

Yozuvchiga taklif

Turkiyada yashayotgan o‘zbekistonlik yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon 8 avgust kuni Facebook sahifasida “XUShXABAR” sarlavhasi bilan o‘z yaqinlariga yetkazilgan yangilikni e’lon qildi.

Hozirgina uydan tilpon qilishdi. Tumanimiz hokimiyatiga chaqirishibdi. Bu yog‘i hamma biladigan gap: o‘zlari tuzgan "qora ro‘yxat"dan mening nomimni o‘chirishganini e’lon qilishibdi! Yurtdan chekkadagilar qaytsin, bilet olib berishimiz ham mumkin deyishibdi”¸ deb yozgan yozuvchi o‘zining "qora ro‘yxat"larga loyiq ish qilmagani¸ faqat Islom Karimov o‘rnatgan tuzumning kamchiliklarini tahlil qilib kitob yozgani” uchun ta’qibga uchraganini eslatib o‘tadi.

Mana, bo‘larkan-ku! Bugungi Prezident salafidan qolgan kamchiliklarni tuzatishga kirishdi! Jiddiy kirishdi shekilli, eng xunuk meroslardan birini - "qora ro‘yxat" degan baloni o‘rtadan ko‘tardi! Mening va men kabi minglagan vatandoshimizning yuzini qora deganlarning o‘zlarining yuzi qora bo‘ldi!”¸ deb sharhladi o‘z yaqinlariga etkazilgan taklifni bu yozuvchi.

“Bu takliflar hali siyosiy islohotlar darakchisi emas!

Muxolifatdagi “Erk” partiyasining Toshkentda yashab kelayotgan bosh kotibi Otanazar Oripov quyi bo‘g‘in rasmiylarining xorijdagi muxolifatchilar va jurnalistlarga o‘zicha taklif yubormasligini¸ bu borada yuqoriroqdan ko‘rsatma bo‘lganini inkor qilmasligini aytadi. Ayni paytda professor Oripov¸ hali Shavkat Mirziyoev tub siyosiy islohot qilish rejasi borligini ko‘rsatadigan biror harakatga qo‘l urmaganini ta’kidlaydi:

- Agar ertaga Oliy sud Muhammad Solih (Erk partiyasining xorijdagi asoschi va raisi – tahr.) ni reabilitatsiya qilish haqida qaror chiqarsa va bu jamoatchilikka ochiq e’lon qilinsa¸ shunda siyosiy muxolifatga¸ dissidentlarga nisbatan munosabat o‘zgarganiga ishonaman. Bu siyosiy islohot boshlangan-boshlanmaganining lakmus qog‘ozi bo‘ladi. Bu ish bo‘lmasa¸ qolgan hammasi shunchaki gap¸ dedi Otanazar Oripov.

Hozirga qadar prezident Shavkat Mirziyoev Karimov davri muxoliflari haqida ochiq bayonot bergani¸ ularni reabilitatsiya qilish¸ vatanga qaytarish niyati bor-yo‘qligiga biror ishorat bergani yo‘q.

Ayni paytda¸ O‘zbekiston Oliy sudi Karimov davrida uzoq yillarga qamalgan bir qator sobiq rahbarlarni reabilitatsiya qilish haqida qaror chiqargan.

Ular orasida Toshkent shahrining sobiq hokimi Kozim To‘laganov¸ sobiq prezident maslahatchisi Mavlon Umrzoqov¸ O‘zbekiston Kompartiyasining sobiq 1-kotibi Inomjon Usmonxo‘jaevlar bor.

XS
SM
MD
LG