Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:20

Farg‘onada uchastka noziri pasport tekshirayotgan paytda pichoqlab o‘ldirildi


Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida uchastka noziri pasport tekshiruvi o‘tkazayotgan paytda pichoqlab o‘ldirildi.

Guvohlar va viloyat huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimining aytishicha, voqea 18 avgust kuni sodir bo‘lgan.

Shu kuni Yangiqo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘ini uchastka noziri bo‘lib ishlagan 29 yoshli leytenant Doniyorjon Ortiqov Katput qishlog‘idagi xonadonlardan biriga pasport tekshirish uchun kelganida shu xonadon egasi tarafidan pichoqlangan.

Voqeadan xabardor katputliklardan biri Ozodlik bilan suhbatda militsiya zobiti qishloqda “Tozalash” tadbiri payti o‘ldirilganini aytdi.

- Bizning qishloqda o‘tgan hafta maxsus tozalash tadbiri o‘tkazilayotgandi. Militsiya uyma-uy yurib pasport tekshiruvi o‘tkazayotgandi. Qishlog‘imizdagi uylardan biriga kirganida orada janjal chiqqan, qanday gap-so‘z chiqqanini bilmayman, pichoqlab qo‘ygan xodimni, - dedi ismi sir qolishini istagan katputliklardan biri.

Farg‘ona viloyat huquq-tartibot idoralaridan biri mulozimi Ozodlikka Yangiqo‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘ini uchastka noziri bo‘lib ishlagan 29 yoshli militsiya leytenanti Doniyorjon Ortiqov pichoqlab o‘ldirilganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, militsiya zobitini pichoqlab o‘ldirganlikda gumonlanib, muqaddam talonchilikda ayblanib, qamalib chiqqan Abbos Xoliqnazarov ismli shaxs hibsga olingan.

- Pasport so‘ragan, u odam esa muqaddam 166- modda, "Talonchilik" bo‘yicha sudlanib, olti yil qamoqda o‘tirib chiqqan ekan, uchta joyiga pichoq urib o‘ldirib qo‘ygan. Hozir bu bo‘yicha Oltiariq tuman prokuraturasi tergov olib bormoqda, - dedi ichki ishlar mulozimi.

O‘zbekistonda huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan kuch qo‘llash holatlari, kam bo‘lsada, uchrab turadi.

Xususan, o‘tgan yili fevral oyida Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi “Qo‘riqlash” boshqarmasi xodimi Tohir Haydarov “Farg‘ona Azot” korxonasi oshpazi tomonidan pichoqlangan, o‘nga yaqin joyidan pichoq yegan militsiya zobiti og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

2016 yilning yanvar oyida esa Namanganning Haqqulobod shahrida militsiya xodimining oila a’zolarini o‘ldirgan 4 shaxs 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan.

XS
SM
MD
LG