Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2019, Тошкент вақти: 07:05

Bosh prokuratura Rossiyadan Gulnora Karimovaning mulklarini hibsga olishni so‘radi


O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Rossiya hukumatidan Gulnora Karimovaning ko‘chmas mulklarini hibsga olishni so‘rab murojaat qilgani to‘g‘risida «Interfaks» agentligi Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga tayanib xabar qildi.

"Rossiya Bosh prokuraturasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan Gulnora Karimova jinoiy ishi bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish haqida so‘rov keldi. Unda ko‘chmas mulk ob’ektlarini hibsga olish so‘ralgan", - deyilgan xabarda.

Xabarda ayni damda so‘rov ko‘rib chiqish jarayonida ekani aytilgan. "O‘zbekiston tomoniga ko‘ra, so‘rov tarkibidagi ma’lumotlar mahfiydir", degan agentlikka Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

«Interfaks» agentligi xabar qilgan yangilikka doir ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi rasmiy saytida yo‘q.

Bosh prokuratura joriy yilning 28 iyulida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan Gulnora Karimovaga Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bo‘yicha ayblov e’lon qilingani va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgani to‘g‘risida xabar qilgan edi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi Bosh prokuraturaning rasmiy saytida "G.Karimovaga nisbatan jinoyat ishlari yuzasidan xabar" sarlavhasi ostida 28 iyul kuni maxsus bayonot e’lon qilingan.

O‘sha materialda keltirilgan bayonotga binoan Gulnora Karimovaning "Rossiyada – 6 mln. AQSh doll. miqdoridagi pul mablag‘lari, umumiy narxi 2 mln. AQSh doll. bo‘lgan Moskva shahri “Kamelot” turar joy kompleksidagi “pentxaus”, “Rublevka” massividagi hashamatli turar joy va 8 ta kvartira, Yalta shahridagi mehmonxona kompleksi, turar joy va yer uchastkasi" bor.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi 28 iyuldagi bayonotini mana bu ma’lumot bilan yakunlagan edi:

"Xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning vakolatli organlariga tergov organlarining uyushgan jinoiy guruhning yuqorida qayd etilgan aktivlarini xatlash to‘g‘risidagi qarorlari yuborilgan.

Hozirgi kunda uyushgan jinoiy guruhning boshqa aktivlarini aniqlash va ularni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tezkor-tergov tadbirlari davom ettirilmoqda", deyilgan Bosh prokuratura bayonotida.

XS
SM
MD
LG