Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:29

Iqtisodiyot universitetiga kirgan va kirmaganlar ballari o‘rtasidagi farq nega bu qadar katta?


 Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kirgan va kirmagan abiturentlarning testda to‘plagan ballari o‘rtasidagi farqning juda kattaligi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs uyg‘otdi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdievning Facebook sahifasida "Narxozdagi tasodif" va "Narxozning sirlari ochilmoqda" nomli ikki post chiqargani va Iqtisodiyot universitetiga kirish imtihonlarining adolatli bo‘lganini shubha ostiga olgani bu bahsning yanada kuchayishiga turtki bo‘ldi.

1 avgust kuni o‘tkazilgan test sinovi natijasiga ko‘ra¸ Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetiga qabul qilingan abiturient Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda test savollarini unga universitet o‘qituvchisi echib berganini e’tirof etdi.

Ayni paytda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan mazkur universitet sobiq rahbarlaridan biri oliygohga kirish imtihonlari shaffof o‘tmaganiga oid da’volar asosli ekanini bildirdi.

"Tasodif"

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev o‘z postlariga ilova qilgan bir nechta fotosuratdan Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga qabul qilinganlar va kira olmaganlar to‘plagan ballar o‘rtasidagi tafovut o‘ta katta ekani namoyon bo‘ladi.

Kirish imtihonlari natijalari
Kirish imtihonlari natijalari

Xushnudbek Xudoyberdiev kirish imtihonlari payti “shaffoflikni ta’minlash uchun zamonaviy texnologiyalar”dan foydalanilganini ijobiy qadam deya baholashi barobarida “qabul jarayonlari xalq kutganidek, ya’ni adolatli, qattiqqo‘llik bilan, shaffof tarzda” o‘tganiga shubha bildiradi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining (o‘sha mashhur Narxoz) Korporativ boshqaruv yo‘nalishida kirish ballariga e’tibor qilsak, davlat granti uchun o‘tish balli 214,2, kontraktning eng oxirgi balli esa 163,8 bo‘lgan. Lekin eeeeeng qizig‘i¸ kira olmaganlar, ya’ni chiziqdan pastdagilarning birinchi o‘rnida turgan abiturient 97,3 ball to‘plagan. Undan keyingi abiturientlar 87, 84, 83, 80 ball olishgan. Tasavvur qilayapsizmi?! Yo‘q, Siz farqni tasavvur qilayapsizmi, salkam 70 ball?!” – deya taajjub bildiradi huquqshunos.

Xushnudbek Xudoyberdiev bu holatni “tasodifiy emas”, deya baholaydi.

Xo‘sh, aytingchi, bu shunchaki tasodif ekanligiga, bu yerda hech qanday “sxema” ishlatilmaganiga kimni ishontira olasiz? Kimni? Xalqni shunchalik axmoq deb o‘ylashadimi ayrim vijdonini pulga sotayotgan “uddaburon”lar!” – deb yozadi u.

Tayyor javoblar

Ozodlik huquqshunos qayd etgan holatni o‘rganish maqsadida so‘nggi test natijasiga ko‘ra¸ Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga kirgan yangi talaba bilan suhbatlashdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan abiturient-talaba test savollarini unga universitet o‘qituvchilaridan biri yechib berganini hikoya qildi.

Imtihon boshlangan paytdan boshlab tugaguniga qadar o‘zimizcha chizib-yozib o‘tirdik. Tushlik paytida nazoratchilar “vaqt bo‘ldi” deb, variantlarni yig‘ib oldi. Auditoriyada qolgan abiturientlarga nazoratchilar uchta fandan javob qog‘ozlarini keltirdi. “Shoshilmay, javoblarda xato qilmay¸ belgilab chiqinglar”¸ deb chiqib ketishdi. Bemalol, soat ikkigacha javoblarni yozib chiqib ketdik,” dedi bu suhbatdosh.

Ayni paytda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan universitet sobiq rahbarlaridan biri kirish imtihonlari shaffof o‘tmaganiga oid da’volarni "asosli" deya baholadi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot xizmati boshlig‘i Farhod Babashev Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetida imtihonlarning shaffof o‘tgani yuzasidan bildirilgan shubhalarni o‘rganishga va’da berdi:

- Har bir holatni o‘rganib chiqish kerak. Ana undan keyin xulosa qilsa bo‘ladi. Imkoni bo‘lsa, buni o‘rganib chiqish kerak, dedi vazirlik rasmiysi Farhod Babashev.

Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti mutasaddilari ijtimoiy tarmoqlarda bahs mavzusiga aylangan masalaga izoh berishni istashmadi.

Ozodlik test sinovlari o‘tkazish uchun mas’ul bo‘lgan Davlat test markazi rasmiylari bilan 28 avgust kuni bog‘lana olmadi.

"Kalit"

O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida har yili o‘tkaziladigan test sinovlari Davlat test markazidan 1 avgust kuni ertalab oliy o‘quv yurtlariga yetkazib berilgan byulletenlar, ya’ni savol-javoblar majmuasi asosida o‘tadi.

Bu savol-javoblar davlat siri darajasida qo‘riqlanadi¸ uni hozirlaydiganlarning bevosita O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari nazoratida ishlashi aytiladi va belgilangan tartibga ko‘ra¸ testda tushadigan savollar ro‘yxati va ular "kaliti" respublika bo‘ylab sinovlar boshlanishidan sanoqli soat avval ochilishi kerak.

Biroq Ozodlik suhbatlashgan manbalardan ma’lum bo‘lishicha, yillardan beri bu savol-javoblar majmuasi, hali ular joylangan qalin papkalardagi muhrlar buzilmasdan turib, uning abiturentlar va o‘qituvchilar tili bilan aytganda¸ "X" varianti allaqachon joylardagi tegishli odamlar qo‘liga etib borgan bo‘ladi.

Bu yil O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalariga 543 mingdan ziyod abiturient hujjat topshirdi va bu raqamning mustaqillik yillari uchun rekord ko‘rsatkich bo‘lgani aytildi.

O‘tgan yili O‘zbekiston oliygohlarga kirish uchun 480 ming abiturient ariza topshirgan va bitta o‘ringa o‘rtacha 8,5 kishidan to‘g‘ri kelgan bo‘lsa¸ bu yil har bir oliy ta’lim diplomi uchun da’vogarlik qiluvchilar soni o‘rtacha 9,36 dan oshgan.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga bu yil ja’mi bir mingdan ziyod abiturient o‘qishga qabul qilindi.

Universitetda 6 mingdan ziyod talaba ta’lim oladi.

XS
SM
MD
LG