Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:05

Hokim tadbirkordan qurbonlikka qo‘y undirib, Prezident nomidan kambag‘alga berayapti


Andijon viloyatining Asaka tumani hokimi tadbirkorlar va chorvachilik bilan shug‘ullanadigan fermerlarni birma-bir suhbatga chorlab, Qurbon hayiti uchun bittadan qo‘y yoki mol berishni talab qilmoqda. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan tadbirkorlarning aytishicha, hokim bu qo‘y va mollarni kam ta’minlangan oilalarga hokimiyat va prezident nomidan ehson qilib topshirishini aytgan. Hokimiyatning bu ishlarga mas’ul vakili esa, bu xayriyalar ismi oshkor etilmaganini so‘ragan saxovatli homiylar tomonidan berilganini aytdi.

Asaka tumanilik ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorlardan birining aytishicha, tuman hokimi Erkinjon Yakubov chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va tadbirkorlarni hokimlikka chaqirib olib, “birga-bir” xos suhbat o‘tkazgan:

“Men ham hokimlikka borganimda o‘n chog‘li tadbirkor va fermerni qabulxonada kutib o‘tirganini ko‘rdim. Hokim bitta-bitta ichkariga chaqirib olyapti ekan. Men ham kirib, salom berdim, hokim osmondan tarasha tushganday “shakalmasmisan”, dedi. Gangib qoldim, “yo‘g‘e hokim buva”, dedim. Keyin hokim, “Qurbon hayitiga bitta qo‘y berasan, kambag‘al oilalarga beramiz”, dedi. “Hokim buva, axir.. deb gap boshlagan edim, “erkakmisan, berasan, dedim berasan”, dedi. “Xo‘p”, deb chiqib ketdim”, deydi tadbirkor.

Ҳоким қурбонликка тадбиркордан қўй ундириб, Президент номидан камбағалга беряпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:01 0:00
Бевосита линк

“Birga-bir” suhbatga kirib chiqqan, ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, hokim qo‘y berish haqidagi gaplar tashqariga chiqmasligi, aks holda tadbirkorlarning faoliyatidan “kamchilik” topilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan:

“Men ham hokimning qabulida bo‘ldim. Menga ham bitta mol berasan, dedi. Sharoitni sal tushuntiray desam, baqirib ketdi. “Xohlasang shu, xohlamasang berma. Lekin, bilib qo‘y, ish bor joyda kamchilik bo‘ladi, tushungandirsan”, deb tazyiq o‘tkazyapti. Yana, “shakal bo‘lmalaring, portalga yozmaysan, hech qaerga shikoyat qilmaysan”, deb aytyapti. Noiloj, aytganini qildim”, deydi fermer.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, 28 avgust kuni Yangiobod qishlog‘ida hokim majlis o‘tkazib, kam ta’minlanganlar oilasiga 10 ta qo‘y va bir bosh qoramol topshirgan.

Hokim bu ehsonlar Qurbon hayiti arafasida prezident va hokimlik tomonidan berilayotganini ta’kidlagan.

Bu tadbirda ishtirok etgan asakaliklardan birining aytishicha, kam ta’minlangan oilalar bu ehsonlardan juda xursand bo‘lgan va prezident bilan hokimni duo qilgan.

Asaka tumani hokimligining iqtisod bo‘limi boshlig‘i Dilshodbek Qosimov, kam ta’minlanganlar oilasiga qo‘y va mol ehsoni topshirilayotganini tasdiqlar ekan, bu ehsonlar tadbirkorlardan majburlab olinayotganini inkor qildi:

- Mana hozir ham Markayuz qishlog‘ida hokim majlis qilyapti. Majlisdan so‘ng hokim kam ta’minlanganlarga mol, gaz ballon, nogironlarga aravacha beradi. Bu tadbirkorlar hisobidan emas, hokimlikni o‘zining homiylik mablag‘laridan qilinyapti, deydi hokimlik mulozimi.

Dilshodbek Qosimovning aytishicha, homiylar ismi oshkor etilmasligini iltimos qilgan:

- Bizning xalqimizni shunaqa saxovatpesha, birovga aytmasdan qiladiganlari bor. Shularni hisobidan, birov ehson qilib beradi, birov zakot qilib beradi. Hayitlik bu, bayram bu, tadbirkor va fermerlarning bunga aloqasi yo‘q, - deydi Dilshodbek Qosimov.

Tadbirkorlar so‘zlariga ko‘ra, 2 sentabr kuni “Asaka” to‘yxonasida hokimlik bayramlar munosabati bilan osh berishni rejalashtirgan.

Bu oshning xarajatlari ham tadbirkorlar hisobidan qilinayotgani aytiladi.

Asaka tumani hokimi Erkinjon Yakubov joriy yilning 21 iyulida hokimlikka tayinlangan edi.

XS
SM
MD
LG