Линклар

“Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining Ozodlikka ma’lum qilishicha, ularning aksiyalarini sud orqali davlat foydasiga musodara qilish xavfi paydo bo‘lgan.

Korxona rahbariyatiga yaqin mutaxassis bunday xavf mavjudligini, biroq xavfni tasdiqlovchi rasmiy hujjat hozircha yo‘qligini bildirdi.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining (Raqobat qo‘mitasi) Qashqadaryo viloyat boshqarmasidan olingan m’lumotga qaraganda, “Qashqadaryo dori-darmon” ustidan bir fuqaro shikoyat yozgan va uning arizasi ko‘rib chiqish uchun tilga olingan qo‘mitaga yuborilgan.

Korxona vakilining aytganlari

“Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlarining shikoyati ortidan Ozodlik savollariga javob bergan korxona rahbariyatiga yaqin mutaxassisning aytishicha, aksiyadorlarning tashvishlari bejiz emas, lekin hozircha, Raqobat qo‘mitasi korxonani sudga bergani to‘g‘risida rasmiy hujjat yo‘q.

Bu gaplarning paydo bo‘lishiga esa, Raqobat qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mulozimining korxona rahbariyatiga og‘zaki bildiruvi asos bo‘lgan.

Boshqarma mulozimi korxona rahbariga “Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatiga asos bo‘lgan davlat ishxonasi 1994 yili Prezident qarori bilan xususiylashtirilgan paytda, xususiylashtirish hujjatlarining qaysidir punkti buzilgani to‘g‘risida bir fuqarodan ariza tushgani haqida aytgan.

“Qashqadaryo dori-darmon” mutaxassisining aytishicha, 400 dan ortiq aksiyadori, 200 dan ortiq ishchi-xizmatchisi, chet ellik investori, zavodlari bor korxona mehnat jamoasining shu kunda qo‘li ishga bormayapti.

“Qashqadaryo dori-darmon”ga Mirziyoev 6 oy oldin borgan edi

“Qashqadaryo dori-darmon”ning ishlab turgan, rivojlanayotgan, foyda ko‘rayotgan korxona ekanligiga Prezident Mirziyoevning o‘zi ham joriy yil fevralida shaxsan ishonch hosil qilganiga O‘zAning 25 fevraldagi xabari dalildir.

O‘sha kuni mamlakat rahbari Qashqadaryoga qilgan safari doirasida “Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyatiga ham borgan, bu yerda u “Rodex Trading Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan kukun shaklidagi antibiotik dori vositalari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi.

“Qiymati 5,09 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyihaga ko‘ra klaforan, sefomed, gentomitsin, sefazolin, sefotaksim va boshqa turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyihani amalga oshirish natijasida yuzga yaqin ish o‘rni yaratiladi”, deb xabar qilgan edi O‘zA.

Raqobat boshqarmasi mulozimining aytganlari

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyat boshqarmasi mulozimining aytishicha, 10 kuncha oldin bir fuqaro “Qashqadaryo dori-darmon” ustidan shikoyat qilgan va uning arizasi ko‘rib chiqish uchun Toshkentga – Qo‘mitaga yuborilgan.“Chunki “Qashqadaryo dori-darmon” viloyat emas, respublika darajasida xususiylashtirilgan”, dedi mulozim.

Javobsiz qolgan savollar

Nima uchun bir oddiy iste’molchi butun boshli bir aksiyadorlik jamiyatining xususiylashtirilishi tarixiga qiziqib qoldi? Bu savolga mulozim javob bermadi.

Shikoyat qilgan kim? U kishi bilan bog‘lansa bo‘ladimi? Bu savollarga aniq javob berolmasligini boshqarma mulozimi ish joyida emasligi bilan izohladi.

Toshkent nima dedi?

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Xususiylashtirish boshqarmasi mulozimi Ozodlikka “Qashqadaryo dori-darmon” bilan bog‘liq hech qanday hujjat kelmaganini bildirdi. “Kelgan bo‘lishi ham mumkin, u holda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va tegishli chora ko‘riladi”, dedi.

Qo‘mita mulozimi xususiy mulk daxlsizligi mamlakat Konstitutsiyasi bilan himoyalanganini ta’kidlab aytdi. Lekin ayni paytda u boshqa bir muhim pisandani ham qildi. Ki, agar noqonuniy xususiylashtirilgan bo‘lsa, davlat tortib olishi mumkin.

Nega bu haqda yozdik?

“Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati bilan bog‘liq bu gaplar, bir qarashda, “podadan oldin chang chiqarish”day tuyulishi mumkin.

Biroq Ozodlik turli instantsiyadagi sudlarining keyingi 25 yil davomida fuqarolarga xususiylashtirib berilgan ob’ektlarni davlat ixtiyoriga qaytarishga oid qarorlari joriy yil yanvaridan boshlab ko‘payib borayotganini kuni kecha o‘rgangan ediki, o‘sha ma’lumotlar fonida “Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati uzra “qora bulut” bejiz paydo bo‘lmaganday ko‘rindi.

XS
SM
MD
LG