Линклар

O‘zbekiston Markaziy banki chet el valyutalarining rasmiy va birja narxlarini unifikatsiya – bir xillashtirishi oqibatida mamlakatga import qilinayotgan mahsulotlar uchun belgilangan boj to‘lovlari ikki baravarga qimmatladi.

Boj to‘lovlari dollarda belgilangan

Shu paytgacha O‘zbekistonga xorijdan olib kirilayotgan mahsulotlar uchun boj to‘lovlari stavkasi dollarda belgilangan va importyorlar uni Markaziy bank rasmiy kursi bo‘yicha so‘mda naqd yoxud naqdsiz to‘lab kelgan.

Markaziy bank 4 sentabrdan boshlab “valyuta operatsiyalari bo‘yicha buxgalteriya hisobi, statistik va boshqa hisobotlarni yuritish, shuningdek, bojxona va boshqa majburiy to‘lovlari uchun AQSh dollarining milliy valyutaga nisbatan qiymatini 8100 so‘m belgiladi”.

Bojxonada "to‘polon"

5 sentabr kuni Bojxona omboridan o‘z molini olib chiqish uchun borgan ayrim tadbirkorlar boj to‘lovlarining 4 sentabr kungi 4210 so‘m o‘rniga 8100 so‘mdan hisoblanganini ko‘rib¸ o‘z so‘zlari bilan aytganda¸ “yurak o‘ynog‘i “ bo‘lib qolgan.

“Bir kunda ikki baravar qimmatlashni hazm qilish juda qiyin. 10 ming dollarga Xitoydan yuborilgan molim uchun 85 foizlik boj to‘lovi to‘lab¸ shundoq ham zo‘rg‘a ishlab turuvdim. Bugun boj to‘lovi biz uchun 85 foiz o‘rniga¸ 170 foizga oshdi. Bojxonada rosa to‘polon bo‘ldi¸ ayrimlar hatto bojxonachilarni urmoqchi ham bo‘ldi alamiga chidolmay. 10 ming dollarlik tovarimiz bojxonadan chiqquncha 27 ming dollarga aylansa¸ biz buni kimga¸ qaysi narxda sotamiz? Bu degani bizni kasod qilish deganiku! Bu ishni qilayotganlarning esi joyidami?” deydi 5 sentabr kuni bojxona omboridan Xitoydan kelgan molini olishga borib¸ “katta to‘polon”ga guvoh bo‘lib qaytgan savdogarlardan biri.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ importchi savdogarlar “jazavasi”dan qo‘rqqan bojxona xodimlari ularga stavkalarning qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi va 10 kun ichida xabar olishlarini so‘ragan.

“Bu gapni ular o‘z jonini qutqarish uchun aytdimi¸ yoki hukumat konvertatsiyadan keyin tariflarni rostdan o‘zgartiradimi¸ bunisini bilmaymiz”¸ deb qo‘shimcha qildi suhbatdosh.

"Bojxona undir deyilgan to‘lovlarni undiradi.."

Ozodlik suhbatlashgan Davlat Bojxona qo‘mitasi rasmiysi¸ 5 sentabrdan boshlab boj va aksiz to‘lovlari uchun Markaziy bankning 8100 so‘mlik kursi asos qilib olingani va to‘lov miqdori qariyb ikki baravarga oshganini tasdiqladi.

“Bojxona ijrochi organ¸ qaror yoki qonun chiqarmaydi. Bu to‘lovlar stavkasini Moliya¸ Iqtisodiyot va Tashqi savdo vazirligi belgilaydi¸ biz shuni undiramiz. Ular stavkalarni qayta ko‘rib chiqib¸ so‘mda bugun chiqayotgan qiymatni arzonlatsa¸ biz shu tarif bo‘yicha to‘lov undiramiz. Bilishimcha¸ hozir prezidentga O‘zbekistonga olib kirilayotgan xom-ashyo va o‘zimizda yo‘q oziq-ovqat va ayrim nooziq-ovqat tovarlari uchun belgilangan import boji va aktsizlarni kamaytirish¸ yoki nolga tushirish haqidagi qaror tayyorlanib¸ imzoga berilgan. Prezident unga qachon qo‘l qo‘yishidan bexabarman. Lekin umumiyatla¸ barcha import mahsulotlariga belgilangan to‘lov stavkalarini qayta ko‘rib chiqib¸ arzonlatish rejasi borligidan xabarim yo‘q. Uni Moliya vazirligidan so‘raysiz”¸ dedi Bojxona rasmiysi.

"Hukumat siyosati importni rag‘batlantirishga qaratilmagan.."

Moliya vazirligi Byudjet boshqarmasining Ozodlik suhbatlashgan rasmiysi¸ hukumatning import mahsulotlari uchun belgilangan boj va aksiz to‘lovlari stavkalarini arzonlatish rejasi yo‘qligini bildirdi.

“Prezidentimiz asosiy e’tiborni eksportni rag‘batlantirishga qaratmoqda. Ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur xom-ashyo va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importiga nisbatan engillik beriladi. Lekin bunday imtiyoz Xitoydan kelayotgan aksar tovarlarga taalluqli bo‘lmaydi. Ularga shu paytgacha belgilangan 30 foizlikmi¸ 100 foizlikmi boj va aksiz to‘lovlari o‘zgarmaydi va bu to‘lovlar Markaziy bank kursi bo‘yicha undiriladi. Byudjetga tushadigan kirim qismini soliq hisobidan ko‘paytirmasak bo‘lmaydi”¸ dedi Moliya vazirligi rasmiysi.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim savdogarlar¸ agar hukumat tez orada boj va aksiz to‘lovlari stavkasini yalpi qayta ko‘rib chiqib¸ uni arzonlatmasa¸ import mahsulotlari narxining nihoyatda qimmatlashishi¸ mamlakatga import kelishi keskin qisqarishi¸ muhimi¸ o‘n minglab savdogarning kasodga uchrab¸ ishsizlar safiga qo‘shilishidan xavotirga tushmoqda.

"Abu Saxiy" va "O‘rikzor"chilar qatlami yo‘q bo‘lishi mumkin"

Toshkentlik iqtisodchi va tadbirkor Jahongir Shosalimov¸ bunday vaziyatda yillardan beri O‘zbekistondagi o‘ziga to‘q qatlam bo‘lib kelgan import mollari bilan savdo qiluvchi tadbirkorlarning “qatlam sifatida yo‘q bo‘lishini” taxmin qiladi:

- Chet eldan mol olib kelib savdo qilayotganlarning 30 foizdan 50 foizigacha hozirgi boj va aksiz stavkalar o‘zgarmasa¸ bir-ikki oy ichida bankrot bo‘lishi tabiiy. Ular boj va aksiz to‘lovini yonidan to‘lamaydiku¸ uni olib kelgan mahsuloti tannarxiga uradi¸ tannarx keskin ko‘tarilib¸ uni sotolmay qoladi. Oqibatda¸ ular bozori kasod bo‘lib¸ Abu Saxiy va O‘rikzordagilar¸ ulardan mol olib¸ viloyatlarda tirikchilik qilib yurganlar bir qatlam sifatida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin¸ deydi toshkentlik tadbirkor.

Rasmiy kursdan mazza qilib kelganlar¸ endi boj imtiyozlaridan mazza qiladi¸ qolganlarga "katta ko‘cha"mi?

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik iqtisodchilardan biri¸ import mollari uchun boj va aksiz to‘lovlarini dollar rasmiy kursini devalvatsiya qilishdan oldin qayta ko‘rib chiqib¸ importyorlar manfaatini himoya qilmagani uchun hukumatni tanqid qildi:

“Moliya vazirligini tushunaman. Ular byudjetga qaerdandir pul topishi kerak. Bojxonadagi majburiy to‘lovlar¸ shunaqa manbalardan biri. Lekin hukumat manzaraga kengroq qarashi¸ vaziyatni chuqurroq tushunishi kerak. O‘zbekistonda ishlab chiqarish nihoyatda zaif ¸ borlari ham raqobatbardosh bo‘lmagan hozirgi sharoitda aholi asosan Xitoydan kelayotgan import mollarini sotib olayotgan¸ qancha xalq import orqasidan tirikchilik qilayotgan edi.

Hukumat bularga devalvatsiyadan keyin keladigan zarbaning oldini olish uchun stavkalarni oldindan o‘zgartirishi kerak edi. Ayrim mahsulotlarga solingan boj va aksiz soliqlarining olib tashlangani ortida¸ yana o‘sha bir guruh monopolistlar manfaati turgandek tuyulayapti menga. Oldin ayni guruh rasmiy kursda dollar almashtirib boyigan bo‘lsa¸ endi ular soliqsiz import qilish imtiyozini qo‘lga kiritdi. Ikki 15 bir 30 bo‘layapti. Bunaqa imtiyozi yo‘q tadbirkorlarning 50¸ hatto 80 foizigicha hozirgi sharoitda bankrot bo‘lishi mumkin”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik iqtisodchi.

Prezident Mirziyoevning 15 avgust kungi qaroriga muvofiq, 1 sentabrdan O‘zbekistonga keltiriladigan go‘sht¸ un¸ o‘simlik yog‘i¸ sariyog‘ va kartoshka kabi asosiy iste’mol mahsulotlariga qo‘yilgan aksiz solig‘i olib tashlandi.

Bojxona rasmiysining Ozodlikka bildirishicha¸ bunday ro‘yxatni uzaytirish ko‘zda tutilgan qaror prezidentga taqdim etilgan. Boj va aksiz to‘lovlaridan ozod etilishi kutilayotgan bu mahsulotlar ro‘yxati¸ hozircha¸ Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG