Линклар

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha vakili Federika Mogerini joriy yilning noyabrida O‘zbekistonga safar qiladi.

Bu haqda Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha maxsus vakili Peter Burian Ozodlik radiosiga bergan suhbati davomida bayonot berdi. Burianga ko‘ra, safar davomida Ittifoq vakilining O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashishi kutilmoqda. Bu uchrashuvda Yevropa Ittifoq-O‘zbekiston hamkorligi masalalari muhokama qilinadi.

Peter Burian
Peter Burian

YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili O‘zbekiston rahbariyati o‘zgargach, bu mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlar dinamikasini yuqori baholadi.

“Biz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston munosabatlaridagi yangi dinamikani yuqori baholaymiz. O‘zbek hamkorlarimiz bilan uzoq vaqt muhokama qilganimiz masalalar - bozorni ochiqroq, valyutani konvertatsiyalash usullarini qulayroq qilish masalalarida katta siljishlar bo‘layotganini ko‘rayapmiz”, Peter Burian.

Joriy yilning 17 iyulida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida Islom Karimov vafotidan so‘ng o‘tkazilgan eng yuqori darajali siyosiy so‘zlashuvlarda O‘zbekistondagi demokratiya¸ inson haqlari vaziyati muhokama qilingan edi.

Bu haqda o‘zaro uchrashuvdan so‘ng YeIning joriy prezidenti¸ Estoniya Tashqi ishlar vaziri Sven Mikser va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bayonot bergan edi:

- Biz 2005 yilgi voqealarni bu uchrashuvda muhokama qilganimiz yo‘q. Ammo bu biz nozik masalalarni muhokama qilishdan tiyildik¸ degani emas. Uchrashuvda inson haqlari¸ fundamental erkinliklar va qonun ustivorligi kabi mavzularda obdon gaplashdik¸ degan edi YeI rasmiysi jumladan.

Toshkent diplomatlari rahbari ham¸ o‘z estoniyalik hamkasbi bayonotini quvvatlab:

- 2005 yilgi Andijon voqealarini muhokama qilmadik. Biz bu voqealar yuzasidan keng ko‘lamli va chuqur tergov o‘tkazganmiz. Hozirgacha bu voqealarga oid savol bergan hamkorlarimizning hammasiga har tomonlama qanoatlanarlik javob berib bo‘lingan¸ degan edi jumladan.

YeI va O‘zbekiston o‘rtasida 17 iyul kuni bo‘lib o‘tgan siyosiy so‘zlashuvlarda o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga oid kelishuvga erishilgan edi.

XS
SM
MD
LG