Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:42

Tojikistonlik ID jangarilarining farzandlari Iroqdagi qamoqdan uyiga qaytmoqchi


ID jangarilaridan ozod etilgan Mosul shahri
ID jangarilaridan ozod etilgan Mosul shahri

Reyter agentligining Iroq hukumati va xalqaro gumanitar tashkilotlarga tayanib xabar qilishicha, Turkiya, Tojikiston, Ozarbayjon va rossiyalik jangarilarning 1400 dan oshiq ayoli va farzandi Mo‘sul shahridagi qamoqda ushlab turilibdi.

Ushbu ayollar va bolalar Iroq shimolida joylashgan Tal-Afar shahri yaqinidagi kurd Peshmerga jangchilariga Islom davlati (ID) guruhi tarkibida jang qilayotgan erlari va otalari bilan birga asir tushgan. Agentlikka ko‘ra, kurdlar ayollar va bolalarni Iroq qo‘shinlariga topshirgan, ular orasida Fransiya va Germaniya vatandoshi bo‘lgan ayollar ham bor.

KERAKSIZ ODAMLAR

Iroq xavfsizlik kuchlari vakilining aytishicha, ular ID bilan bog‘liq eng ko‘p sonli chet elliklar bo‘lib, mamlakat qo‘shinlari jangarilarni Mo‘sul shahri va shimoliy tumanlardan haydab chiqarayotgan payt qo‘lga olingan.

– ID jangarilari oilalari xavfsizligini ta’minlab turibmiz va hukumatning farmoyishini kutyapmiz, – dedi Iroq armiyasi polkovnigi Ahmad at-Taye. – Ular - begunoh odamlarni o‘ldirgan shafqatsiz jinoyatchilarning oilalari. Lekin, so‘roq qilib ko‘rilganda, deyarli barchasi IDning noto‘g‘ri targ‘ibotiga ishonib, aldangani ma’lum bo‘ldi.

Iroq xavfsizlik kuchlari zobitining Reyter agentligiga xabar qilishicha, qo‘lga olinganlar ko‘pchiligining hujjati yo‘q. Hokimiyat idoralari diplomatiya kanallari orqali ular shaxsini aniqlashga harakat qilmoqda. Rasmiy Bag‘dod ayollar va bolalarni vataniga qaytarish uchun elchixonalar bilan muzokara qilishni rejalashtirmoqda.

Chechenistonda tug‘ilib o‘sgan bir ayol agentlik muxbiriga bu yerga Fransiyadan eri bilan kelib qolgani, eri ID jangarilariga qo‘shilib ketgani, ayni paytda qaerda ekanini bilmasligini aytdi. U Frantsiyaga qaytib ketmoqchi, lekin buning uchun nima qilish kerakligini bilmaydi.

ORTGA QAYTISh MAShAQQATI

Tojikiston Bosh prokuraturasi vakilining 11 sentabrda “Ozodi” radiosiga ma’lum qilishicha, hukumat sobiq ID jangarilarining ayollari va farzandlarini vataniga qaytarishga harakat qilmoqda. Buning uchun Qozog‘iston tajribasidan kelib chiqib, maxsus guruhlar tashkil etishga va ularni Suriya va Iroqqa jo‘natib, ortga qaytmoqchi bo‘lgan vatandoshlarning shaxsini aniqlashga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Tojikiston hukumatining BMT Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasiga tayyorlagan ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda Suriya bilan Iroq va boshqa mojaroli hududlarda 234ta oila yoki 840 nafar Tojikiston vatandoshi bor.

So‘nggi 2 yil mobaynida Tojikiston hokimiyat idoralari janglar davom etayotgan hududlardan 19ta oila yoki 61 kishi olib chiqildi va uyiga qaytarildi.

Tojikistonning bolalar ombudsmeni Rajabmo Badriddinovaning xabar qilishicha, ota-onalar o‘zi bilan 206 nafar farzandini Yaqin Sharqqa olib chiqib ketgan.

“HOZIRChA MARYaMNING QARINDOShLARI TOPILMADI”

O‘tgan oyda Rossiya hokimiyat idoralari rasmiy Dushanbega Iroqdagi bir boshpanada saqlanayotgan uch bolaning shaxsini aniqlashda yordam so‘rab murojaat qildi. Ushbu tojik tilida so‘zlashadigan yetim bolalar Mo‘sul shahri ID jangarilardan tozalangandan so‘ng Bag‘dodga olib kelindi.

Russia Today telekanali Bag‘dod shahridagi boshpanadan reportaj bergandan so‘ng o‘sha bolalarning qarindoshlarini izlashga kirishildi.

Iroq hokimiyat idoralariga ko‘ra, Rossiya va MDH mamlakatlaridan Iroqqa ota-onasi bilan kelib qolgan 400dan oshiq bola bor. Ulardan birining ismi Maryam bo‘lib, otasi Tojikistondan ekan.

Tojikiston hokimiyat idoralari vakillari Iroq hukumati bilan aloqaga chiqish imkoni bo‘lmagani uchun ushbu masala yuzasidan Rossiyaning Iroqdagi elchixonasi bilan hamkorlik qilmoqda.

Tojikiston IIV matbuot kotibi Umarjon Emomali “Ozodi” radiosi muxbiriga ayni paytda Maryamning qarindoshlari qidirilayotganini bildirdi.

Qizchaning aytishicha, o‘zi Misrda tug‘ilgan, lekin otasi – tojik. Ayni paytda IIV 7-8 yil oldin Misrga ko‘chib ketgan kishilarning ro‘yxatini tuzmoqda. Biroq hozircha bu ish hech bir natija bergani yo‘q.

2015 yildan beri Tojikistondan ID safida jang qilish uchun 1150 kishi jo‘nab ketgan, ularning kamida 300 nafari begona yurtlardagi janglarda halok bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG