Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:55

Madaniyat vazirligi Buxorodagi madrasa devori o‘pirilib tushganidan bexabar


Buxorodagi Abdulazizxon madrasasining devori qulab tushdi.
Buxorodagi Abdulazizxon madrasasining devori qulab tushdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimlari Ozodlikka Buxorodagi o‘rta asrlarga oid madrasa devori qulab tushganidan bexabar ekanliklarini aytdi. Buxoroning eski shahar qismida o‘z studiyasiga ega me’morning Ozodlikka aytishicha¸ XVI asrda qurilgan Buxoro markazidagi Abdulazizxon madrasasining devori yaqinda boshlangan ta’mir paytida qulab tushgan. Unga ko‘ra¸ quruvchilar madrasa tagidan komunikatsiya quvurlari uchun shaxta qazgan paytda devor o‘pirilib ketgan.

O‘zbekiston madaniyat vazirligining "Madaniy meros" boshqarmasi mulozimi Dilmurod Tegildiev Ozodlikka qadimiy madrasaning qulaganidan bexabar ekanligini aytdi.

Qadimiy obidalar ta’mir qilinayotgan paytda jarayonni nazorat qilishi kerak bo‘lgan mutasaddi xodimining madrasaning madaniy meros obidasi sifatida muhofaza qilinishi kerak bo‘lgan inshoot ekanligini bilmasligi ham ayon bo‘ldi.

Buxorolik fotosuvratchi Anzor Buxarskiy shahardagi qurilishlarni aks ettirgan
Buxorolik fotosuvratchi Anzor Buxarskiy shahardagi qurilishlarni aks ettirgan

Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Genjaev ham Ozodlik bilan suhbatda "paxta shtabida navbatchi bo‘lgani bois" madrasa qulaganidan xabari yo‘qligini aytdi:

-Xabarim yo‘q. Qulabdimi? Men paxta shtabida edim¸ shu bois bexabar qolibman. Lekin remont bo‘layotgan edi¸ - deydi mulozim.

Buxorodagi talon -toroj qilingan koshin
Buxorodagi talon -toroj qilingan koshin

O‘zbekistonlik san’atshunos-blogger Akmal Rizaevning aytishicha¸ qadimiy bino ta’mir qilinayotgan paytda Madaniyat vazirligi mulozimlarining 24 soatlik nazorati ta’minlangan bo‘lishi lozim.

- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 martdagi 53-sonli qaroriga asosan Abdulazizxon madrasasi va unga yondosh binolar moddiy - madaniy meros ob’ekti sifatida davlat muhofazasigaga olingan. Bu holatda madrasa madaniy meros ob’ekti sifatida asli qanday bo‘lsa, shundayligicha konservatsiya qilinishi va har xil volyuntaristik ta’mirlardan himoyada bo‘lishi kerak edi. “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun talabi ham shu. Ammo shu paytgacha Madaniyat vazirligida aynan shu vazifa uchun shtatda turgan mulozimlar birorta obidani saqlab qolish uchun pinagini ham buzmadi¸ - deydi suhbatdosh.

Unga ko‘ra¸ iyun oyida Buxoroda boshlangan ta’mir oqibatida yana ikkita obidaga zarar yetgan:

- Madrasadan tashqari shaharning qadimiy qismidagi “Toqi zargaron” bozori tag-tugi bilan yo‘q qilindi. Unga yondosh “Shahriston” oltin bozori va gilam bozorlari ham buzuldi. Bu qadimiy joy o‘rnida nima qurilishi esa noma’lum. Buxoro bozori degan tushunchaning o‘zi o‘ta qadimiydir¸ - deydi san’atshunos.

Rizaevning ilova qilishicha¸ ta’mir paytida Ulug‘bek madrasasining poydevorida darz paydo bo‘lgan.

- Ta’mir ishlarini restavratsion jarayondan umuman bexabar bo‘lgan oddiy quruvchilar amalga oshirmoqda. Masalan, Mir Arab va Abdulazizxon madrasasi orasidagi ko‘chaning qadimiy tosh qoplamasi qo‘porib tashlanib, o‘rniga zamonaviy plitalar to‘shalmoqda. Bu esa Buxoroning tarixiy qiymatini yo‘qqa chiqaradigan omildir, - dedi u.

Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Yo‘ldosh Genjaev ko‘chalarga yangidan to‘shalayotgan plitalar dizayn jihatdan eski uslubga yaqin ekanligini ta’kidladi:

- Yangi plitalarning dizayni eskisiga o‘xshaydi. Xorazmdan ustalar chaqirdik. Yana Hindistondan usta chaqiramiz. Asliga o‘xshatamiz ishqilib¸ - deydi mulozim.

Ozodlikning “nega ko‘chaga to‘shalgan toshlarning aslini o‘zi qoldirilmadi?” degan savoliga mulozim javob bera olmadi.

Qadimiy Buxoro nomi ostidagi “Yevroremont”

Prezident Shavkat Mirziyoev maxsus qaror bilan Buxoroga xorij sayyohlarini ko‘proq jalb etish maqsadida eski shahar qismida “Qadimiy Buxoro” nomli zamonaviy markaz qurishga topshiriq berishi ortidan Buxoroning qadimiy qismi qurilish maydoniga aylandi.

Jahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilishga oid 1972 yilgi xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qilgan davlat sifatida O‘zbekiston¸ YuNESKO tomonidan belgilangan tarixiy hudud va bufer zonada biror ta’mir yoki qurilish qilishdan oldin¸ YuNESKOning Parijda joylashgan Umumjahon merosi markazi bilan muvofiqlashtirishi lozim.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Ozodlik suhbatlashgan mutasaddilari joriy yilning iyun oyida “Qadimiy Buxoro” loyihasining YuNESKO bilan muhokama qilinib¸ ular bilan muvofiqlashtirilayotganini iddao qilgan edilar

Ammo 2 iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda Umumajahon merosi markazining Osiyo bo‘limi rahbari Feng Jing (Feng Jing) “Qadimiy Buxoro” loyihasini birinchi marta eshitib turganini e’tirof qilgan edi:

- Bunaqa vaziyatda¸ Umumjahon merosi bo‘yicha qabul qilingan xalqaro qonun – 1972 yilgi konvensiya asosida ish ko‘riladi. Bu hujjatda esa¸ qilinadigan qoida va protseduralar¸ amaliy yo‘riqnomalar aniq qilib belgilab qo‘yilgan. Bu kelishuvning amaliy yo‘riqnoma qismida, agar a’zo davlat tarixiy obidalarga tegishli biror loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lsa¸ hukumatlararo qaror chiqaruvchi organ - Umumjahon merosi qo‘mitasini xabardor qilishi lozim¸ deyiladi. Biz ana shu qo‘mitaning kotibiyatimiz¸ lekin “Qadimiy Buxoro” loyihasiga oid xabarni sizdan eshitib turibman. Hozircha bizga loyihaga oid aniq hujjatlar jo‘natilgani yo‘q¸ - degan edi YuNESKO rasmiysi.

O‘shanda Madaniyat vazirligi mulozimi "YuNESKO roziligini olmasdan biror binoga tegilmaydi," - deya Ozodlik muxbiriga va’da bergandi.

Ammo Buxoro viloyat hokimi topshirig‘i bilan shaharning qadimiy qismida katta qurilish ishlari mutaxassislar ishtiroki va ruxsatisiz boshlab yuborildi.

"Qadimiy Buxorodagi yevroremont Shahrisabzdagi evroremontni eslatmoqda. Mulozimlar qadimiy binolarni xuddi o‘zini hovlisi kabi o‘z ta’blariga ko‘ra¸ yaltillatishga urinayotgani qadimiy obidalar uchun fojiaviy oqibatlarga olib kelmoqda," dedi san’atshunos Akmal Rizaev.

XS
SM
MD
LG