Линклар

12 sentabrda Rossiyada O‘zbekiston Madaniyati kunlari boshlandi. Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlanib, Kremlda tantanali ravishda ochilishi kutilayotgan Madaniyat kunlari 13 sentabrda Butunrossiya dekorativ-amaliy va xalq san’ati muzeyida davom etadi.

Bu haqda Rossiya Federatsiyasi madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston Madaniyati kunlarining 12 sentabrda Kreml katta zalida bo‘lib o‘tadigan ochilish marosimida Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Vladimir Aristarxov va O‘zbekiston Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev, vazirlikning sport va madaniy ishlar bo‘yicha muovini Kamol Oqilov, Rossiyaning madaniy aloqalar bo‘yicha maxsus vakili Mixail Shvidkoy, O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonovlar ishtirok etishi aytildi.

- Gumanitar sohadagi aloqalarimiz davlatlarimiz orasidagi hamkorlikda alohida o‘rin egallab keladi, dedi bu tantanalar borasida so‘zlagan Vladimir Aristarxov.

Rossiya Madaniyat vaziri o‘rinbosari o‘tgan 2016 yilning noyabrida O‘zbekistonda Rossiya madaniyat kunlari nishonlanganini eslatib o‘tdi.

Kreml saroyi sahnasiga “O‘zbekiston” va “Navbahor” qo‘shiq va raqs ansambllari, “Maqom” xalq musiqa ansambli, “O‘zbegim”, “Yalla”, O‘zbekiston Yoshlar simfonik orkestri chiqishi kutilmoqda.

Shuningdek, Rossiya poytaxti Moskvada bu kunlari O‘zbekiston madaniy merosi va noyob tarixiy eksponatlari namoyish etiladi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi Madaniyat kunlari doirasida 13 sentabr kuni “Rossiya Federatsiyasi to‘plamlarida O‘zbekiston madaniy merosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tadi. Unda rossiyalik taniqli ekspertlar va olimlar, Davlat Ermitaji mutaxassislari, Davlat Tretkov galereyasi va Rossiya Milliy kutubxonasi vakillari, Rossiya etnografiya muzeyi va Sharq qo‘lyozmalari instituti tahlilchilari qatnashadi.

Bu tadbirda Rossiyaning eng ilg‘or muzey va kutubxonalariga “Jahon to‘plamlarida O‘zbekiston madaniy merosi” loyihasining besh jildli nashri sovg‘a qilinadi.

Butunrossiya dekorativ-amaliy va xalq san’ati muzeyining Balkon zalida o‘tkazilajak bu yig‘ilishlar davomida o‘zbek madaniy san’ati namunalari ham namoyish etilishi rejalashtirildi.

Rossiya Madaniyat vazirligi bu aloqalar doirasida O‘zbekistonning yirik milliy teatrlari texnik xodimlarining Rossiyaga malaka oshirishga qabul qilishga tayyor ekanini bildirdi. Undan tashqari, madaniy kollektivlarining ikki mamlakatga gastrollarini tashkil etilishi masalasi hal etilgani ma’lum qilindi.

O‘zbekiston Madaniyat kunlari 14 sentabr kuni Moskvaning “Kosmos” konsert zalida katta konsert dasturi namoyishi bilan o‘z yakuniga yetadi.

O‘zbekiston madaniyat kunlarini Rossiyada o‘tkazilishi borasida prezident Shavkat Mirziyoevning aprel oyidagi davlat tashrifi kelishib olingan edi. O‘shanda O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligi munosabati bilan konsertlar, foto va badiiy ko‘rgazmalar hamda boshqa madaniy tadbirlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratilishi aytilgandi.

Joriy yilning 6 aprelida Rossiyada eng yirik A.S.Pushkin nomidagi tasviriy san’at muzeyida butun jahonga tanilgan Nukusdagi “Savitskiy kolleksiyasi” durdonalari ko‘rgazmasi namoyish etilgan edi.

XS
SM
MD
LG