Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:53

Aholidan musodara qilingan kvartiralar militsionerlarga berildi


Toshkent shahridagi militsioner. Illyustrativ rasm
Toshkent shahridagi militsioner. Illyustrativ rasm

Toshkentning Amir Temur xiyobonida 10 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi safiga qabul qilingan yangi hodimlarining tantanali qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston IIV matbuot hizmati vakilining Ozodlikka aytishicha, o‘sha kuni 150 nafar inspektorga imtiyozli kreditlar hisobiga shaxsiy avtomashinalar hamda xizmat kvartiralarining kaliti topshirilgan.

Toshkentlik mustaqil jurnalist¸ musodara qilingan uylar haqida qator maqolalar muallifi Aleksey Volosevichning aniqlashicha¸ militsionerlarga aholidan musodara qilingan kvartiralar berilgan.

O‘zbekiston IIV 20 iyul kuni o‘tkazgan brifing chog‘ida Toshkent shahar IIB boshlig‘i muovini Doniyor Toshxo‘jaev yil boshidan beri shaharda 400 ta fohishaxona aniqlanib, "priton"ga aylantirilgan bu kvartiralar musodara qilinganligini aytgan edi.

IIV matbuot xizmati vakiliga ko‘ra, kvartira va avtomobillar O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 20 apreldagi qaroriga binoan berilgan.

Ayni paytda, IIV mulozimi militsiya xodimlariga musodara qilingan kvartiralar berilganini ham tasdiqladi.

Qarorda profilaktika inspektorlariga o‘zlari xizmat qilayotgan hududdan oila a’zolari bilan yashashi uchun uy ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bu qarorda militsiya xodimlari uchun mahalliy hokimiyat turar-joy fondini shakllantirishi lozimligi ta’kidlanadi.

Qaror militsionerlar uchun mo‘ljallangan turar-joy fondi¸ mahalliy hukumat balansida turgan¸ ikkilamchi bozordan sotib olingan va davlat foydasiga musodara qilingan kvartiralardan tashkil topishi lozimligini uqtiradi.

O‘zbekiston IIV tizimiga xo‘jalik mollari va xizmat kiyimi etkazib beradigan shirkat hodimining Ozodlikka aytishicha¸ vazirlikda ikkilamchi bozordan kvartira sotib olishga mablag‘ yo‘q¸ mahalliy hokimiyat balansida esa, bo‘sh kvartiralar qolmagan.

- Shu bois Toshkentda musodara qilingan uy va avtomobillarni militsiya xodimlariga berish masalasi yuqori bilan kelishib hal qilindi¸ 10 sentabr kuni 150 IIV xodimiga kvartira berildi. Umuman, yil oxiriga qadar, 500 militsioner kvartira bilan ta’minlanadi,- deydi suhbatdosh.

O‘zbekiston IIV matbuot xizmati vakilining Ozodlikka aytishicha¸ yil oxirigacha jami 537 militsioner kvartira bilan ta’minlanadi.

Mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning Ozodlikka aytishicha ¸ Toshkent shahar IIB boshlig‘i muovini Doniyor Toshxo‘jaev aytgan musodara qilingan kvartiralar kaliti militsionerlarga topshirilgan.

- O‘zbek huquq tartibot organlari militsionerlarni kvartira bilan ta’minlash haqidagi prezident rejasini deyarli bajarib bo‘lishdi. Faqat yana 137 ta pritonni aniqlab¸ daliliy ashyo sifatida musodara qilishsa bo‘ldi¸ deya ta’kidlaydi Volosevich.

Toshkent viloyati Yangiobod shahrida istiqomat qiluvchi va o‘zini Zaripov Ruslan deb tanishtirgan elektrik yigit Ozodlik bilan suhbatda o‘zi yashayotgan ko‘p qavatli uyning uch xonali kvartirasiga uchastka militsioneri ko‘chib kelganini gapirib berdi. Zaripovga ko‘ra¸ bu uy sud qaror bilan egasidan tortib olingan:

- Uyning egasi kvartirasini ijaraga bergan edi. Ijarachilar ustidan uyni pritonga (fohishaxona) aylantirganlik aybi bilan sud bo‘ldi. Sud daliliy ashyo sifatida uyni tortib oldi. O‘shandan keyin hokimiyat bu kvartirani remont qildi. 11 sentabr kuni bu uyga militsioner ko‘chib o‘tdi¸ deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG