Линклар

Sirdaryo viloyat, Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Egamberdievdan kaltak yegan maktab direktorlaridan biri qonunsizlik va mushtumzo‘rlik tuman hokimligidagi majlislarda doimiy ekanini aytdi. Sayxunobod tuman hokimi tumandagi maktablarning direktorlarini yig‘ib, ularni bir qatorga tergan holda kaltaklagani tasvirlangan video 12 sentabr kuni Inernetda tarqaldi va tarmoqda qizg‘in muhokama qilinmoqda. ​

Eng ko‘p kaltak yegan direktor nima dedi?

Ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan maktab direktorining aytishicha, o‘sha kuni u hokimdan eng ko‘p kaltak yegan va Inernetda 12 sentabr kunitarqalgan videotasvir hokimdan kaltak yeyish manzarasining bir qismi xolos.

- Doim shunaqa, boshqa soha bo‘yicha rahbarlarga ham qo‘l ko‘targan, fermerlardan tortib tibbiyot sohasi rahbarlarini ham kaltaklagan, tepkilagan. Tepib, "tur yo‘qol", deb chiqarib yuborganini ko‘rganman. "Men hokimman, men zo‘rman", deb o‘ylasa kerak, lekin unaqa bo‘lmaydi-da. U tarqalgan video hammasi emas. O‘sha kuni ayrimlarni tepib, chiqarvordi, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan Sayxunobod tumanidagi maktablardan birining direktori.

Sayxunobod tuman hokimi tumandagi maktablarning direktorlarini yig‘ib, ularni bir qatorga tergan holda kaltaklagani tasvirlangan videodagi ​hokimning so‘zlaridan anglash mumkinki, maktab direktorlari Mustaqillik bayramiga o‘qituvchilarni olib kelmagani uchun jazolangan.

Nima bo‘lgan edi?

Sayxunobodlik maktab direktori Ozodlik bilan suhbatda hokimiyatdagi o‘sha kungi majlisni shunday xotirladi.

- Bu 28 avgustda bo‘lgandi. Bir kun avval tumandagi stadionda Mustaqillik bayrim bo‘lgan. Bizga bayramga bir soat qolganda o‘qituvchilarni olib chiqinglar, degan ma’lumot keldi. Biz yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda bo‘lyapti-da bu, ulgurmadik. Hokim bayramga odam olib kelmading deb bizni kaltaklay ketdi. Eng ko‘p kaltak egan men bo‘ldim o‘sha kuni. Yuzimga uch marta tushirdi. Yonimdagi direktorga tegmadi, yoshi katta-da uni, meni urdi, - deydi maktab direktori.

"U hokim, men bir oddiy o‘qituvchi bo‘lsam.."

Lekin, hokimdan kaltak yegan maktab direktori bu yuzadan huquq-tartibot idoralariga shikoyat qilish niyati yo‘qligini aytdi.

- U baribir hokimda. Shikoyat qilsak prokuratura baribir hokimning yonini oladi, bizni aybliga chiqaradi. Endi hamma videoni ko‘ribdi. "Hokimdan kaltak yeb qarab turaverdingmi, sen ham yuziga tushirmadingmi", deydi tanishlarim. Axir u hokim, men oddiy o‘qituvchi bo‘lsam?! Men ham basharasiga tushirishim mumkin edi, kuchim bor. Lekin, hokim o‘qituvchini ursa oddiy xol, lekin o‘qituvchi hokimni ursa jinoyat, deb sudga bervorishlari mumkin. Kerak bo‘lsa, hamma direktorlar meni shu yerni o‘zida aybdorga chiqarib qo‘yishi ham mumkin edi. Shuning uchun kaltak yeb turaverdik, u hokim-da baribir, - deydi sayxunobodlik maktab direktori.

Prokuratura tekshiruv boshladi

Ayni paytda Sayxunobod tumani prokuraturasi hokim maktab direktorlarini do‘pposlagani aks etgan video bo‘yicha tekshiruv boshlaganini bildirdi.

- Bu bo‘yicha tekshiruv bormoqda, - deya gapni qisqa qildi prokuratura xodimi.

Kun.uz nashriga ko‘ra, Sirdaryo viloyati hokimligida ham bu xolat muhokama qilingan.

Lekin, viloyat hokimligi matbuot xizmati rahari Ortiq Sultonov Ozodlik bilan suhbatda bundan xabarsiz ekanini aytdi.

- Paxtada edik, hozir kelib shu videoni ko‘rib turuvdik, bu haqda hech narsa aytolmayman-da. Hokimiyatda otdel boshliqlari bo‘lmasa , hammasi paxtada, - dedi matbuot xizmati boshlig‘i.

Kun.uz: Hokim direktorlardan kechirim so‘radi

Kun.uz sayti xabariga ko‘ra, 12 sentabr oqshomida viloyat hokimi G‘ofurjon G‘anievich Mirzaev Sayxunobod tumaniga kelib, yig‘ilish o‘tkazgan.

Unda tuman hokimi hamda maktablarning direktorlari ham ishtirok etgan, Nosirjon Egamberdiev go‘yo o‘qituvchilardan uzr so‘ragan.

Yig‘ilishda ushbu vaziyat yuzasidan hali tegishli chora ko‘rilishi, u uzr so‘rash bilan qutula olmasligi qayd etib o‘tilgan.

“Hokimning ishi paxta terimi mavsumidan keyin ko‘rib chiqiladi. Uning ishda qolishi masalasi taqdiri yuqoridan keladigan ko‘rsatmaga bog‘liq”, deya xabar qildi kun.uz o‘z manbasiga tayanib.

Direktorlar Ozodlikka: Hokimning bizdan kechirim so‘raganidan xabarimiz yo‘q

Lekin Ozodlik suhbatlashgan Sayxunoboddagi kamida ikki maktab direktori, jumladan hokimdan kaltak yegan direktor ham tuman rahbari ulardan kechirim so‘raganidan xabari yo‘q ekanini aytdi.

- Kechirim so‘raydigan bo‘lsa chaqirsin hokimlikka, hamma tuman ahlini yig‘ib ularni oldida kechirim so‘rasin. Chunki video tarqalib bo‘ldi, - dedi maktab direktori.

Hokim telefonini ko‘tarmadi, yordamchisining videodan xabari yo‘q

Ozodlik kun bo‘yi Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Egamberdievning qo‘l teleqoniga qo‘ng‘iroq qildi, lekin hokim telefonni ko‘tarmadi.

Hokimning Sherzod ismli yordamchisi esa Ozodlik bilan suhbatda tarqalgan videodan xabari yo‘qligini aytdi. Keyin esa u bilan ham boshqa bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.

Nosirjon Egamberdiev Sayxunobod tumaniga 2016 yilning oktyabrida hokim etib tayinlangandi.

Undan avval u Sirdaryo viloyati o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Hamkasblari uning qattiqqo‘lligi bilan nom chiqarganini aytishadi.

XS
SM
MD
LG