Линклар

Bosh vazir tanqididan so‘ng chiqmay qolgan Xalqaro press klub ko‘rsatuvlari jonli efirga qaytmoqda

  • Озодлик

Xalqaro press klub ko‘rsatuvlaridan biri.

Bosh vazir Abdulla Aripov tanqididan so‘ng televideniya efiridan olib tashlangan Toshkentdagi Xalqaro press klub ko‘rsatuvlari yana jonli efirga qaytmoqda. Bu haqda ma’lum qilgan press klub raisi Sherzod Qudratxo‘jaev bu haqda ma’lum qilar ekan, “Press klub ko‘rsatuvlari hukumat bosimi ostida yopildi”, degan iddaolarni yana bir bor rad etdi va "Xalqaro Press klubga hech kim tazyiq o‘tkazayotgani yo‘q. Texnik muammolar bois jonli chiqmadik”, deb bildirdi.

Press klub raisi Sherzod Qudratxo‘jaev Bi-bi-si radiosiga bergan suhbatida “moderator sifatida o‘rnini yosh kadrlarga bo‘shatishi”ni ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bundan buyon jonli efirni Jamoliddin Usmonov va Marjona Igamnazarova olib boradi.

Yaqin kelajakda esa klubning ingliz va fransuz tillaridagi ko‘rsatuvlari ham rejalanmoqda. Bu ko‘rsatuvlarni Fransiyaning Bordo universitetida doktorlik ishini yoqlagan Sardor Usmonov olib borishi mumkin.

Qudratxo‘jaevning o‘zi esa muhim va murakkab mavzularga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarga boshlovchilik qiladi.

Sherzod Qudradxo‘jaev “Xalqaro press klubga kimdir tazyiq o‘tkazdimi?” degan savolga: "Xalqaro Press klubga hech kim tazyiq o‘tkazayotgani yo‘q. Texnik muammolar bois jonli chiqmadik. Endi yana faoliyatni oldingidek jonli efirda davom ettiramiz. Boshlovchilikka yosh kadrlarni jalb qilamiz", - deb javob berdi.

Ozodlik radiosi manbalari 23 avgust kuni Xalqaro press - klub ko‘rsatuvlarining so‘nggi uch soni odatdagi vaqtida jonli efirga uzatilmagani, yozib olingan so‘nggi 3 dasturning efirga qachon berilishi ham hozircha noma’lum ekanini aytgan edilar. Shuningdek, "O‘zbekiston" telekanalidagi "Munosabat" ko‘rsatuvi ham jonli efir setkasidan olib qo‘yilgan.

21 avgust kuni MTRK jurnalistlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda Bosh vazir Abdulla Aripov Xalqaro press klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jaev olib borayotgan jonli ko‘rsatuvlarini tanqid qilib, uni “haddidan oshib ketganlikda” ayblagan edi.

Shundan so‘ng press klubga nisbatan bosim bo‘layotgani to‘g‘risida gap-so‘zlar paydo bo‘lgandi. Bunga javoban Qudratxo‘jaev 24 avgust kuni o‘zining Facebook sahifasida O‘zbekistonda “so‘z erkinligi poymol qilinayotgani” borasidagi fikrlarga qarshi ekanini bildirgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov Xalqaro Press klub tashkil bo‘lganidan to shu kungacha uni qo‘llab - quvvatlab kelmoqda. Tashkiliy masalalarni hal etishda yaqindan yordam ko‘rsatmoqda. Biroq ish jarayoni doim ham tekis va silliq kechmaydi. Shunday alohida holatlardan mamlakatda demokratiya islohotlari to‘xtagani, so‘z erkinligi poymol qilinayotgani haqida global xulosalar qilish mutlaqo noto‘g‘ri va o‘rinsizdir”, deb yozdi Qudratxo‘jaev.24 avgust kuni o‘zining Facebook sahifasida.

XS
SM
MD
LG