Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:02

Andijon hokimi xususiy shirkatlarni harbiy qismni asfaltlashga majburladi


Andijondagi xususiy asfalt shirkatlari viloyat hokimi ularni Jalaquduq tumanidagi harbiy qismga asfalt yetkazishga majburlaganini aytishmoqda. Shirkat egalaridan birining Ozodlikka aytishicha, viloyat hokimi ularni 12 sentabr kuni to‘plab, har biriga 200 tonnadan asfaltni harbiy qismga jo‘natishni tayinlagan, transport harajatini ham ular zimmasiga yuklagan. Hokimlik mulozimi Ozodlikka, asfalt shirkatlaridan yordam so‘ralganining sababi viloyatdagi qurilishlar uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘ yetmay qolganligida ekanini aytdi.​

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyatdagi asfalt-beton ishlab ishlab chiqaruvchi hususiy shirkatlar egalarini yig‘ib, Jalaquduq tumanidagi Janubiy Olamushuk hududida joylashgan harbiy qismga asfalt yetkazib berishni buyurgan.

Bu esa iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xususiy asfalt shirkatlari egalari noroziligini uyg‘otgan.

Shirkat egalaridan biri bu haqda Ozodlikka shunday dedi:

- Hokim 12 sentabr kuni mulkchilik shakli xususiy bo‘lgan asfalt zavodlari egalarini to‘plab bosim o‘tkazdi. Uning aytishicha, har bir asfalt zavodi katta kichikligiga qarab, 200 tonnagacha asfalt olib borib berishi kerak ekan. 1 kilogramm asfalt 230-240 so‘m bo‘ladigan bo‘lsa, bizga bu, yetkazib berish harajati bilan, 50 million so‘mdan ko‘proqqa tushadi. Qaerdan olamiz buni, boshimiz qotgan, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan asfalt zavodi rahbari.

Andijondagi yana bir asfalt-beton shirkati egasi Ozodlik bilan suhbatda hokimni hususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish o‘rniga uni talash bilan shug‘ullanayotganlikda aybladi.

- Ko‘pchilik asfalt shirkatlari kasod yoqasiga kelib qolgan. Mahsulot ishlab chiqarish bo‘lmayapti. Chunki bitum, ya’ni smola yo‘q. Bitum erkin savdoda yo‘q. Hokim asfalt talab qilishdan oldin bitum topib berishga yordam bersa bo‘lar edi. Lekin, hokimni bu qiziqtirmaydi. Yerni tagidan bo‘lsa ham asfalt topib jo‘natasan, deyapti. Bola-chaqani rizqini qiyib, yil bo‘yi misqollab topgan daromadimiz hisobidan hokim buyrug‘ini bajarishga majburmiz. Aks xolda ertaga nalogchilarni ustimizga haydaydi, - dedi andijonlik tadbirkor.

Ozodlik bu yuzadan Andijon viloyati hokimliga bog‘langanida matbuot xizmati rahbari bu haqda izoh berolmasligini aytdi.

Hokimlikning boshqa bir mulozimi Ozodlikka, asfalt shirkatlaridan yordam so‘ralganining sababi viloyatdagi qurilishlar uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘ yetmay qolganligida ekanini aytdi.

- 1500 tonnadan ko‘proq asfalt kerak bo‘lyapti. Shuning uchun hayriya, hashar yo‘li bilan tadbirkorlardan bu ishni qo‘llab-quvvatlash so‘raldi. "Aslbek-fayz" va boshqa shirkatlar o‘zlari, o‘z ixtiyori bilan asfalt yetkazib berishni zimmasiga oldi, - dedi Andijon viloyati hokimligi mulozimi.

O‘zbekistonda mahalliy hokimlarning og‘zaki buyruqlari bilan tadbirkorlardan qurilishlarga, turli xil tadbirlarga pul o‘tkazishga yoki qurilish materiallari yetkazib berishga majburlaniishi odatiy holga aylangan.

Bundan avval Andijon qatori boshqa viloyatlarda ham hokimliklar hususiy shirkatlarni "Nuroniy maskanlari" qurilishi uchun 5 million so‘mdan 10 million so‘mgacha pul o‘tkazishga majburlagani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG