Линклар

Samarqand hokimi paxta dalalariga sovetcha Qizil bayroq o‘rnatmoqda

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Shuhrat Abbosov suratga olgan "Dilor.. Dilor, Dil va Or" filmidan bir kadr. Filmda Sovet davridagi paxta safarbarligi tanqid qilingan edi.

Samarqand viloyatidagi 7 ta oliy o‘quv yurti talabalari va o‘qituvchilarini 15 sentabrdan boshlab 5 kun ichida kolonna qilib paxtaga yuborish to‘g‘risida viloyat hokimi topshiriq berdi. Bundan oldin viloyatdagi barcha idora va tashkiotlar paxtaga chiqarilgan edi. Paxta shtabidagi faollar har bir terimchidan “O‘z ixtiyorim bilan paxtaga chiqdim”, degan mazmunda tilxat olmoqda.​ Viloyat hokimi paxtasi terilgan dala maydonlariga qizil bayroq o‘rnattirmoqda.

Bu xabarni viloyat paxta shtabidagi mulozim Ozodlikka aytib berdi. Suhbatdoshga ko‘ra, hokim tibbiy spravka bilan paxtadan qolish masalasiga ham e’tibor qaratib “Kasali yengil bo‘lganlarga spravka berilmasin”, deb viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘iga buyruq bergan.

- Samarqand davlat chet tillar instituti, Samarqand tibbiyot instituti, Samarqand davlat universitetining ayniqsa xotin-qizlar ko‘p bo‘lgan biologiya, filologiya, pedagogika, san’atshunoslik fakultetlarinig talabasi bo‘lgan homilador, yosh kelinchaklar, yosh bolalilarga "Yo odam topib kelasan, yo paxtaga terimchilar uchun kartoshka, go‘sht, sabzi, yog‘, guruch va boshqa mahsulotlar bilan qarashasan" deb qat’iy topshiriq berildi¸ deydi viloyat paxta shtabidagi mulozim.

Kasallar ham terimga hissa qo‘shsin!

Samarqanddagi chet tillar institutida ishlaydigan o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, “shaxsan dekan va zamdekanlar xomilador va emizikli bolasi bor o‘qituvchi va talabalardan o‘rniga paxta terish uchun mardikor chiqarishni” talab qilgan:

- Yo paxtaga odam qo‘yasan, aytganimizni qilib, yo senlar bilan sessiyada hisob-kitob qilamiz, deb ogohlantirishdi¸- dedi o‘qituvchi.

Unga ko‘ra, paxtaga tibbiy sabab bilan chiqa olmaydiganlar 300-400 ming so‘mlik bozorlik qilib shtabga yordam berishga majburlanmoqda.

Portalga yozmaslik talab qilindi

Ozodlik ayni institutdagi starostalardan biri bilan gaplashdi. Unga ko‘ra starostalarga portalga yozmaslik talabi qo‘yilgan.

- Agar u yoq, bu yoqqa yoki portalga murojaat qilganingni bilsam, xafa bo‘lma. Lyuboy talabadan lyuboy moment xato topsa bo‘ladi. Keyin hech kim yordam berolmaydi¸ deb dekanning o‘zi tahdid qildi, dedi starosta.

Samarqand tibbiyot instituti talaba va o‘qituvchilari¸ texnik personal birgalikda 15 sentabrdan boshlab paxtaga chiqmoqda.

Ayni institutda laborant bo‘lib ishlaydigan ayolning aytishicha, juma kuni rektor Azamat Shamsiev talabalarga murojaat qilib hamma 100 foiz paxtaga chiqishini aytgan:

- Biz o‘rnak bo‘lib 100 foiz yavka beramiz dedi. Paxtaga chiqmaganlar, homilador va emizikli bolasi borligidan qat’iy nazar otchislenie qilinadi deb qo‘rqitdi. Uje institutda chiqmaydiganlar o‘rniga mardikor topib beradigan dallollar yuribdi¸ deydi suhbatdosh.

Samarqandda "favqulloda xolat"

Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev paxta yig‘im-terimiga safarbar qilinganlarni maksimum ishlatish uchun viloyatda xarbiy uslubni eslatadigan tartib joriy qildi.

“Vaqtinchalik tartib” deb nomlangan, "Viloyat hokimligi yig‘ilishi bayoniga 8- ilova" Ozodlikka kelib tushdi.

Bu tartibga ko‘ra, viloyatdagi to‘yxona, restoran va boshqa katta ovqatlanish muassasalari bir oy middatga faoliyati to‘xtatib qo‘yildi va tadbirkorlar va taksoparklar har kuni odamlarni dalaga olib chiqishga majburlanmoqda.

Viloyat paxta shtabi rahbari¸ viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Abdulla Abdurahmonovning yordamchisi Ozodlik bilan suhbatda tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla kengashlari, “Nuroniy” jamoat fondi, kasaba uyushmalari, Fermerlar kengashi, Yoshlar ittifoqi va boshqa barcha tashkilotlar 50 kishilik terim otryadlari tuzib, shu kunda 12 soatlik rejimda paxta terayotganligini aytdi.

Paxta terib bo‘lingan dalaga g‘alaba ramzi sifatida qizil bayroq o‘rnatiladi

Mulozimga ko‘ra¸ viloyati hokimi Turobjon Jo‘raevning o‘zi kuniga ikki marta paxta shtabidagi majlisni olib bormoqda:

- Bugun paxtasi terib bo‘lingan qaysi dalalarga qizil bayroq o‘rnatilganini hokimni o‘zi ertalabki majlisda bir-bir aytdi. Paxtaga kam odam chiqargan to‘yxona rahbarlari gaz-sveti o‘chirib qo‘yilishi yuzasidan ogohlantirildi.

Paxta shtabi rahbarining o‘rinbosari aytgan “bayroq” tizimi Ozodlik tasarrufidagi hujjatda aks etgan.

Hujjatga ko‘ra¸ qizil bayroq paxtasi terib bo‘lingan va belgilangan norma bajarilgan dalaga osib qo‘yiladi.

- Bu paxtani chanog‘ida qoldirmay terib¸ davlat oldida o‘zini oqlagan terim otryadlari ruhini ko‘tarish uchun qilinmoqda¸ deydi paxta shtabida ishlayotgan mulozim.

Barcha "o‘z ixtiyorim bilan chiqdim" degan tilxatga qo‘l qo‘ygan

Mulozimning aytishicha¸ paxta shtabidagi faollar har bir terimchidan “O‘z ixtiyorim bilan paxtaga chiqdim”, degan mazmunda tilxat olmoqda.

Ozodlikda bu tilxat nusxalari mavjud. Samarqanddagi chet tillar institutida ishlaydigan o‘qituvchining Ozodlikka aytishicha, institut kotibalari bunday tilxatlar nusxasini kseroksda ko‘paytirib, starostalarga tarqatgan:

- Xalqaro tashkilot vakillari kelganda bularni hammasi o‘z ihtiyori bilan paxtaga chiqdi, degan manzara hosil qilishi uchun bu ko‘zbo‘yamachilik qilinmoqda, dedi suhbatdosh.

Majburiy mehnat emas, ixtiyoriy hashar?

Ozodlik tasarrufidagi Samarqand viloyatida terim otryadlarini tashkil etishga doir “Vaqtinchalik tartib” deb nomlangan hujjatning 9- punktida “Terim otryadlari tomonidan paxta yig‘im-terimi ishlariga terimchilarni jalb qilishda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, xalqaro shartnomalari, shu jumladan Xalqaro mehnat tashkilotining “Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risida”gi va “Zo‘rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to‘g‘risida”gi konvensiyalari talablariga qat’iy rioya qilinishi” talab qilingan.

Hujjatning 10- punktida aholini paxtaga jalb qilishda imom-xatiblar targ‘ibotidan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimligi qishloq xo‘jaligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, viloyatda paxta masalasida favqulloda holat o‘rnatilganini Ozodlikka tasdiqladi:

“Hokimimiz paxtani qisqa muddatda terib olish tadbirlari haqida topshiriqlar berdi. Endi, ko‘pchilikka kelgan to‘y, hammamiz hashar qilib, o‘z ixtiyorimiz bilan dehqonga yordam bersak, nimasi yomon?!”, - dedi mulozim.

Qattiqo‘l rahbar

Karimov o‘lganidan so‘ng, joriy yilning fevralida Toshkent viloyatining Bekobod tumani rahbarligiga olib kelingan Turobjon Jo‘raev, 13 iyun kuni Samarqand viloyati hokimi etib tayinlangan edi.

Avval Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lib ishlagan Turobjon Jo‘raev prezident Karimovning qattiq tanqididan so‘ng 2013 yilda ishdan bo‘shatilgan edi.

Turob Jo‘raev Qashqadaryo viloyat hokimi bo‘lib ishlaganda ham ayni shu uslubdagi "qattiqqo‘llik" faoliyatini davom ettirgani aytiladi.

XS
SM
MD
LG