Линклар

Besh yil oldin yopilgan So‘x-Rishton yo‘lining ochilishi kutilmoqda

  • Озодлик

O‘zbekistonning So‘x eksklavida 2013 yil 5-6 yanvar kunlari mahalliy aholi va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro ortidan So‘x-Rishton yo‘lidagi chegara punktlari yopib qo‘yilgan edi.

Ozodlikka kelgan xabarga ko‘ra¸ oddiy so‘xliklar orasida 2013 yil yanvarida yopilgan So‘x-Rishton yo‘lining qayta ochilgani to‘g‘risidagi ovozalar tarqagan. Farg‘ona va Botken viloyati rasmiylari esa¸ bu yo‘l bo‘yidagi chegara punktlarining yaqin kelajakda ochilishi kutilayotgani¸ shu maqsaddagi muzokaralar barobarida¸ chegara-o‘tkazish punktlarida texnik ishlar olib borilayotganini bildirdilar.

“Mirziyoevga rahmat”

Ozodlikning Telegram kanaliga 19 sentabr kuni ovozli xabar yo‘llagan so‘xliklardan biri¸ So‘x-Rishton yo‘lining ochilganini aytib¸ buning uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevga minnatdorchilik bildirdi.

“To‘rt-besh yil hal bo‘lmagan bu yo‘l muammosi bugun hal bo‘lipti. Buning uchun prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga katta rahmat. Shuncha yil hal bo‘lmagan muammoni shu odam hal qildi”¸ deb xabar qoldirdi o‘z shaxsini ochiqlamagan so‘xliklardan biri.

Ozodlikning Farg‘ona viloyati So‘x tumani hokimligiga yaqin manbasi O‘zbekiston tomoni So‘x-Rishton yo‘lining ochilishi uchun hozirlikni boshlaganini tasdiqladi¸ ammo yo‘lning hozircha ochilmaganini bildirdi.

“Kecha shu masala Toshkentda ko‘rib chiqildi. Kosonsoy chegara punkti ochildi¸ So‘x-Rishton yo‘nalishidagi punktlar¸ yana “Madaniyat”ni ochish uchun texnik shtat olish aytildi. Ochilishi kutilayapti¸ lekin ozgina zaderjka bor”¸ dedi So‘x hokimligiga yaqin mahalliy mulozim.

Qirg‘iz rasmiylarining Ozodlikka bildirishicha¸ O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëevning 5 sentabr kuni Bishkekka qilgan davlat tashrifi chog‘ida o‘zaro chegaralarni ochish bo‘yicha hukumatlararo protokol imzolangan.

Ammo mazkur protokol bo‘yicha ochilishi belgilangan chegara punktlari ro‘yxatiga Apkan punkti kirmay qolgani bois¸ hozircha So‘x-Rishton yo‘lining ochilishi kechikmoqda¸ dedi Ozodlikning mahalliy muxbiri gaplashgan Botken viloyati rasmiysi:

- Botken viloyati rasmiylariga ko‘ra¸ bu protokolga Kaytpas punkti kiritilgan¸ ammo Apkan kirmagan. So‘x-Rishton yo‘lini ochish uchun ularning ikkalasi ham ochilishi kerak. Qirg‘iz tomoni uch kun burun Kaytpasni ochipti¸ lekin Apkan ochilmagani uchun u ham hozir qayta yopilgan. So‘xdan Farg‘onaga borib-kelish oldingidek faqat Vodil yo‘li orqali bo‘lmoqda. Ikkala tomon muzokaralarni davom ettirayapti ekan¸ kelishsa¸ yo‘l ochilar ekan¸ deydi Ozodlik qirg‘iz xizmatining Botkendagi muxbiri Jenish Aydarov mahalliy hokimiyat rasmiysiga tayanib turib.

O‘zbekistonning So‘x eksklavida 2013 yil 5-6 yanvar kunlari mahalliy aholi va Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro ortidan So‘x-Rishton yo‘lidagi chegara punktlari yopib qo‘yilgan edi.

Farg‘ona viloyatining ikki tumanini bog‘lovchi taxminan 70 kmlik bu yo‘l deyarli to‘lig‘icha Qirg‘iziston hududidan o‘tadi.

So‘xni O‘zbekistonning qolgan hududi bilan boshlovchi eng qisqa yo‘l yopilganidan beri o‘tgan qariyb besh yil davomida so‘xliklar Farg‘onaga o‘tib-qaytish uchun Vodil orqali 130 km.dan ko‘proq yo‘l bosishga majbur bo‘lmoqda.

Yo‘lning ikki baravarga uzoqlashgani¸ buning ortidan O‘zbekistondan kolib kelinadigan tovar va xizmatlar narxining keskin oshgani¸ qirg‘iz chegarachilari va yo‘l-patrul xizmatidagi ta’magirliklardan muntazam shikoyat qilib kelayotgan so‘xliklar o‘tgan davr mobaynida prezident Islom Karimov¸ keyingi bir yil davomida Shavkat Mirziyoevga Ozodlik orqali bir necha murojaat qilib¸ So‘x-Rishton yo‘lining ochilishi masalasini hal qilishni so‘ragan edi.

- Yillar davomida Farg‘ona viloyati hokimligiga necha bor shikoyat qildik. So‘x-Rishton yo‘lini ochib bering¸ deb necha bor so‘radik. Ammo dodimizga hech kim quloq solmaydi. Toshkentga chiqolmayapmiz¸ bizga koridor ochib beringlar deb. Nahotki¸ ikki davlat hukumati bir maslahat qilib¸ shu masalani hal qilolmasa! So‘x xalqi nihoyatda qiynalib ketdi¸ ahvol yomon bu yerda¸ degan edi Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelishidan sanoqli kunlar o‘tib Ozodlik orqali so‘xliklar nomidan murojaat qilganlar biri.

5 sentabr kuni O‘zbekiston-Qirg‘iziston rasmiy delegatsiyalari uchrashuvida gapirgan Mirziyoev tez kunlarda O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegaralari cheklovlarsiz bordi-keldi uchun ochilishini va’da qilgan edi:

- Bugun 20-25 daqiqa qirg‘iz televideniesini ko‘rdim. Unda odamlar “Nahotki O‘zbekiston prezidentining kelishi bilan men yana Andijonga avvalgiday borib kelish imkoniyatiga ega bo‘laman? Nahotki, bu ish amalga oshadi?” deb gapirishayapti. Men sizlarga javob berib, shuni aytishni hohlardimki, ha, bu ish amalga oshadi, dedi jumladan O‘zbekiston prezidenti qirg‘iz hamkasbi Almazbek Atambaev bilan uchrashuvda jumladan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG