Линклар

"Mirziyoev Usmonovning uchog‘idan foydalanishida manfaatlar to‘qnashuvi bormi?"

  • Ҳурмат Бобожон/Озодлик

Mirziyoevni Nyu-Yorkda Amerika — O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm kutib oldi. Surat president.uz saytidan olindi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 18 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72- sessiyasida qatnashish uchun Nyu-York shahriga rossiyalik biznesmen Alisher Usmonovning uchog‘ida uchib ketgani ehtimolini avvaliga Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati ilgari surgan edi. O‘zbekiston hukumati transport tizimidagi Ozodlik manbasi mamlakat prezidenti Usmonovning samolyotida uchib ketganini tasdiqladi. Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda munozaraga sabab bo‘ldi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar bu yerda “manfaatlar to‘qnashuvi” bo‘lishi ehtimoliga e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati ham, tashqi ishlar vazirligi ham Mirziyoev nega o‘zining davlat uchog‘i qolib rossiyalik milliarder uchog‘idan foydalangani yuzasidan izoh bermadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev nega Nyu-Yorkdagi nufuzli anjumanda qatnashish uchun o‘zining davlat ramzi tushirilgan va mamlakat xavfsizlik tizimi panohida bo‘lgan uchog‘i qolib, O‘zbekiston hukumati a’zosi bo‘lmagan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning hususiy uchog‘ida AQShga uchib bordi?

Ozodlik shu savol bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga murojaat qilganida “bu yuzadan izoh berolmaymiz”, degan javobni oldi.

O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati matbuot xizmatida esa, Ozodlikning bir necha bor qilgan qo‘ng‘iroqlariga hech kim javob bermadi.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi o‘zbekistonliklar telesyujetlarda Prezident Nyu-Yorkka ketadigan samolyot yirik planda ko‘rsatilmaganiga e’tibor qaratmoqdaki, ularning fikricha, "Mirziyoev Usmonovga qarashli uchoqda mamlakat jamoatchiligidan yashirin tarzda AQShga uchgan" va bu hodisa ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

O‘zbekistonlik jurnalist Ulug‘bek Bakirov Facebookdagi sahifasida

"Alisher Usmonov Shavkat Mirziyoevga o‘zining shaxsiy samolyotini sovg‘a qildimi yoki vaqtinchalik foydalanishga ijaraga berdimi? Bunga sabab nima?.Prezidentning davlat uchog‘iga nima bo‘ldi?" kabi savollarni o‘rtaga tashladi.

www.eltuz.com sayti esa Mirziyoevning Usmonov uchog‘idan foydalangani xajv qilingan karikaturani e’lon qildi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlar esa, bu yerda “manfaatlar to‘qnashuvi” bo‘lishi extimoliga e’tibor qaratishdi.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov Mirziyoev jamoatchilikka nega birovning hususiy uchog‘idan foydalangani haqda tushuntirish berishi kerak, deydi.

- Mirziyoevning bir necha milliard dollari bor va siyosiy qarorlarga ta’sir o‘tkazish salohiyatiga ega bo‘lgan biznesmenning uchog‘idan foydalangani ko‘plab savollarni o‘rtaga chiqaryapti. Shunday savollardan biri “bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qmi”, degan savol. Menimcha, bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi yaqqol ko‘rinib turibdi. Alisher Usmonov davlat rahbariga o‘z uchog‘ini foydalanishga berar ekan, u buning evaziga nufuzli mamlakat rahbaridan nima istamoqda, qandaydir imtiyoz yoki uzoqni ko‘zlangan manfaat? Usmonovning nima manfaat xohlayotgani menga qorong‘u. Usmonov Kremlga juda yaqin odamlardan. U Kremlning O‘zbekistondagi manfaatlari tamsilchisi sifatida ham ko‘rilishi mumkin. Nima bo‘lganidan qat’inazar, menimcha, Mirziyoev nega biznesmenning xususiy uchog‘idan foydalangani haqida darhol izoh berishi kerak,- deydi Alisher Ilhomov.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda "O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev xavfsizlik xavotirlari sabab o‘z mamlakati milliy xavfsizligi nazoratida bo‘lgan uchoqda emas, balki Usmonov uchog‘ida AQShga yo‘l oldi" degan farazlar aytilmoqda.

Alisher Ilhomov bu farazlarda jon bo‘lishi mumkin, deydi.

- Mirziyoev Milliy xavfsizlik xizmati nazoratida bo‘lgan uchoq qolib muqobil transortni tanlashi uning xavfsizlik xizmatlariga ishonmayotgani belgisi ham bo‘lishi mumkin. Men prezident va MXX o‘rtasida qandaydir taranglik bor-yo‘qligini bilmayman. Lekin, bu taxminlarni ham nazardan soqit qilmayman, - deydi Alisher Ilhomov.

Biron mamlakat rahbari biron tadbirkorning xususiy uchog‘ida xorijiy davlatga safar qilishi davlat protokolining buzilishini anglatadimi?

Moskvadagi Xalqaro munosabatlar instituti professori Valeriy Bren Ozodlik bilan suhbatda bu savolga shunday javob berdi.

- Prezident istasa biron shirkatning yo‘lovchi uchog‘iga bilet olib ham uchib borishi mumkin. Davlat byudjetini tejab, ko‘plab davlat rahbarlari shunday qiladi. Uchoq bu shunchaki transport vositasi xolos, buni davlat protokoliga hech aloqasi yo‘q, - deydi professor Bren.

Lekin, AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshev fikricha, har qanday prezident o‘zi uchun mo‘ljallangan uchoqda uchishi muhim narsa.

- Chunki, prezidentning samolyoti maxsus aloqa vocitalari bilan jihozlangan bo‘ladi. Prezident mamlakatda bo‘layotgan vaziyatdan xabardor bo‘lib turishi kerak. Davlat rahbarining aloqa vositalari boshqa, hususiy tadbirkor uchog‘idagi aloqa vositasi boshqa. Prezidertniki maxsus shifrlangan, kodlangan aloqa vositasi. Mamlakatda biron narsa bo‘lsa u o‘zining maslahatchilari bilan rossiyalik tadbirkor Usmonovning aloqa vositasida gaplashadimi? Bu ham manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lyapti, Mirziyoev Usmonovning uchog‘iga o‘tirib, o‘z mamlakati manfaatini oyoq osti qilayotganini ko‘rish mumkin bu erda. Bundan tashqari prezident o‘zining samolyotida uchishi ramziy ahamiyatga ham ega. Chunki samolyotga davlat ramzlari tushirilgan va prezident shu davlat ramzlarini tashuvchisi ham sanaladi, - deydi Toshpo‘lat Yo‘ldoshev.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlash va O‘zbekiston-AQSh Biznes forumida qatnashish uchun Nyu- York shahriga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovga tegishli Airbus A340-313 uchog‘ida uchib ketgani mahalliy televidenie va matbuotda yashirilganiga qaramay fosh bo‘ldi.

Mirziyoev Nyu-Yorkga Usmonovning uchog‘ida uchib ketgani ehtimolini avvaliga Bi-Bi-Si O‘zbek xizmati ilgari surgan edi.

O‘zbekiston hukumati transport tizimidagi Ozodlik manbasi ham mamlakat prezidenti Usmonovning samolyotida uchib ketganini tasdiqladi.

Flightradar24 da ham Usmonovning Airbus A340-313 samolyoti shu kuni Toshkentdan Nyu Yorkga uchgani qayd etilgan.

O‘zbekiston prezidenti har safar xorijga jo‘nashi payti uchoqqa chiqishi sahnasini ko‘rsatib kelgan “Axborot” dasturi 18 sentabr kuni Mirziyoevning qo‘riqchisi bilan Toshkent aeroportidan chiqib ketayotganini namoyish qildi.

Lekin, O‘zbekiston prezidenti Nyu-Yorkka yetib borgani haqidagi "O‘zbekiston 24" telekanali e’lon qilgan lavhada Mirziyoevning ortida turgan Usmonovga tegishli ekani aytilgan samolyotning bir qismi ko‘rinib qoldi.

Endi prezident mamlakatga qanday uchoqda qaytadi va O‘zbekiston televideniesi uni qanday yoritadi, bunisi - hozircha qorong‘u.

XS
SM
MD
LG