Линклар

16 декабр 2017, Тошкент вақти: 08:23

O‘zbekistonda Ucell brendi ostida faoliyat yuritadigan Telia (sobiq Teliasonera) kompaniyasi O‘zbekistonda mobil bozoriga kirish uchun pora berganiga oid iddaolar bo‘yicha AQSh va boshqa davlatlarda davom etayotgan tergov-surishtiruv ishlarini bosdi - bosdi qilish uchun kamida 965 million AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘ldi. Bloomberg nashrining yozishicha, payshanba kuni Nyu Yorkda o‘tgan mahkamada shunday kelishuvga erishilgan.

Qariyb 1 milliard dollarlik jarimaning 548 millioni AQSh Adliya vazirliga, 417 million dollarlik tovon puli AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga to‘lanadi. AQSh Adliya vazirligiga to‘lanadigan pulning yarmi Niderlandiya prokuraturasiga beriladi. AQSh qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasi pulni Shvetsiya prokuraturasi bilan bo‘lishib oladi.

Bu tergov surishtiruvi chog‘ida shirkatning O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga aloqador ko‘rilgan shirkatga millionlab AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid iddaolar tergov qilindi. Tergov ortidan shirkatning Shveytsariya, Belgiya, Lyuksemburgdagi bank hisoblarida bo‘lgan 850 million dollardan ortiq mablag‘i muzlatib qo‘yildi.

Bu pora mojarosiga nafaqat Telia, balki ​VimpelCom Ltd. va Mobile TeleSystems shirkatlari ham aloqador ko‘rilmoqda.

2016 yilning fevral oyida VimpelCom​ shirkati ham O‘zbekistonda pora berganiga oid iddaolar ortidan 795 million dollar miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgan edi.

Sud jarayonida aniqlashicha, Telia shirkati 2007 yildan 2010 yilgacha, Gulnora Karimovaga tegishli ko‘rilgan Takilant shirkatiga bir necha yuz million dollar miqdorida pora bergan. Prokurorlar bu pora evaziga telekom shirkati O‘zbekistonda tegishli litsenziyani olishga erishganini da’vo qilgan.

Telia shirkati va AQSh Adliya vazirligi o‘rtasida erishilgan bu kelishuvga ko‘ra, 3 yil davomida shirkat pora iddaolari bo‘yicha davom etayotgan tergovga hamkorlik qiladi va alohida shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortishga ko‘maklashadi.

"Bugungi kelishuv Telia kompaniyasi tarixidagi ayanchli sahifasini yopadi" - dedi Telia kompaniyasining boshqaruvchi rahbari Yohan Denelind (Johan Dennelind).

XS
SM
MD
LG