Линклар

11 декабр 2017, Тошкент вақти: 20:14

O‘zbekistondagi barcha bilim yurtlarining paxtaga jalb qilingan talabalari va o‘qituvchilari 22 sentabr kuni shoshilinch ravishda ortga qaytarildi. Bir kun avval O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini 22 sentabr, soat 17:00 ga qadar ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq bergani to‘g‘risida kun.uz sayti o‘zining “ishonchli manbasiga” tayanib xabar qilgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston Oliy va maxsus ta’lim vazirligining mulozimi hamda bir qator oliy o‘quv yurtlarining rektor yordamchilari 22 sentyabr kuni bosh vazirning buyrug‘i asosida talabalar paxtadan qaytarib bo‘linganini tasdiqladi.

– Kutilmaganda bizga bu haqda buyruq bo‘ldi. Bugun hamma talaba va o‘qituvchimiz paxtadan qaytib keldi. Dushanba kunidan o‘qish, - dedi Jizzax Politexnika instituti rektorining yordamchisi.

Bu xabarni bir qator universitetlarning talabalari ham tasidiqlashdi.

- Bizni institut hammasi shaharga qaytyapti, dushanbadan o‘qish, - dedi Toshkent Agrar universitetining ikkinchi kurs talabasi Tolib.

Ijtimoiy tarmoqdagi foydalanuvchilar ham ushbu xabar to‘g‘riligi haqida yozishdi.

- Meni o‘g‘lim qaytib kelyapti. Guliston Davlat universitetida o‘qiydi. Dushanba kunidan o‘qishga deb aytishibdi, - deb yozdi Facebook tarmog‘ining Abbos Ro‘ziev ismli foydalanuvchisi.

21 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida yarim tunda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani va unda 22 sentabr soat 17:00ga qadar paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq berilganligi haqida xabar hukumat nashrlari xabar qilgandi.

Bunday buyruq ko‘pchilik oliy o‘quv yurtlari uchun kutilmagan xol bo‘lgan.

- Qo‘qqisdan bizga paxta tamom, hamma uyiga, dushanba kunidan o‘qish deb e’lon qilishganida hech kim ishonmadi. Chunki o‘zi o‘tgan haftadan paxtaga chiqarishgandi. Qaytayapmiz, lekin ko‘pchilik hozir bu ham ko‘zbo‘yamachilik bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapti. Chunki, endi paxtani ko‘ngilli fidoiy yoshlar otryadlari teradi deyapti. Fidoiy yoshlar ham talabalarku, - deydi Jizzax Politexnika institutining ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan talabasi.

Fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan hosilni yig‘ib-terib olish uchun aniq belgilangan chora-dasturlar va konsepsiya asosida aholi va "Fidoyi yoshlar otryadlari" jalb qilinishi aytilgan.

Ozodlik radiosi 17 sentabr kuni O‘zbekiston bo‘ylab Yoshlar Ittifoqi tashabbusi bilan 575 ta "Fidoiy yoshlar" otryadi tuzilgani haqida xabar bergan edi.

​Rasmiy ma’lumotlarda "Fidoyi yoshlar" otryadlariga jami 51 ming 138 ta "uyushmagan yoshlar" qamrab olingani, ularning soni kun sayin ortib borayotgani xabar qilingan.

kun.uz sayti xabarida talabalarni paxtadan qaytarish sabablari to‘g‘risida aytilmagan.

Ayni paytda Ozodlikka joylardan kelayotgan ba’zi xabarlardan talabalarning paxtadan qaytarilishi sabablarini taxmin qilish mumkin.

Navoiy viloyatidan kelgan xabarni aynan keltiramiz:

“Salom, men Navoiy shaxridan yozayapman. Biz talabalarni dushanba kuni (Navoiy pedinstituti) paxtaga olib ketgandi. Bugun bizni uyga olib kelishdi kaytarib. Sababi Yevropadanmi - qaerdandir tekshirish kelibdi. Shunga Gorniy institutni kecha olib ketgandi bugun ularni xam kaytarishdi. Shunaqa qo‘rqishib yashirib paxta terdirar ekan, kimga zarur paxtaga talabalarni yashirincha chikarib?!” deb yozdi talaba.

O‘zbekistonlik yana bir talaba esa kutilmaganda paxtadan qaytayotganini mamlakat prezidentining AQShga tashrifi bilan bog‘laydi.

-Bu buyruq prezident Mirziyoev AQShdan qaytib kelishi bilan berilyapti. Aftidan AQShda unga bosim bo‘lgan, majburiy mehnatni yo‘q qilish ko‘ndalang qo‘yilgan va to‘satdan mana shunaqa bo‘lyapti, - deydi Andijon davlat universitetining 3 -kurs talabasi.

Paxtaga jalb etilgan talabalar va byudjet xodimlarining soni haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari har yili 1 million aholining majburan paxtaga chiqarilishini aytadilar.

XS
SM
MD
LG