Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 07:33

Shia mazhabidagi buxorolik yigit diniy ekstremizmda ayblanib ishi sudga oshirildi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Shia kitoblarini tarqatgani uchun ayblangan Jahongir Qulijanov

Buxoro shahrida yakka tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan shia mazhabidagi 34 yashar Jahongir Qulijonov «dinlararo nizo qo‘zg‘atuvchi diniy adabiyotlarni» tarqatishda ayblanib, ishi sudga oshirildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudida shu kunlarda davom etayotgan sud jarayoni majlisida Qulijonovga O‘zbekiston jinoyat kodeksining 216- va 244- modda, 1- bandi bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.

(244-modda: "Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish", 216-modda (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish)

Qulijonovni himoya qilayotgan advokatga ko‘ra¸ jarayonda ishtirok etayotgan prokuror ayblanuvchiga 7 yil qamoq jazosi berilishini so‘ragan.

Ayblov xulosasiga ko‘ra¸ Jahongir Qulijonov Vazirlar mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi tasdig‘idan o‘tgan 114 ta shia mazhabiga oid adabiyotlar ro‘yxatiga kirmagan kitobni o‘qigan va ikki nafar shia mahabidagi yaqinlariga tarqatgan. Bundan tashqari Qulijonovga shia voizi Amin Raminning O‘zbekistonda izn berilmagan va’zlarini tinglash aybi ham qo‘yilgan.

Ayblov xulosasi
Ayblov xulosasi

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan ayblov hulosasiga ko‘ra¸ Qulijonov “2011-2015 yillar mobaynida Iroq va Eron davlatlariga borganidan keyin Amin Ramin ismli shaxsning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan kitobining elektron versiyasini internetdan chiqarib olib tarqatgan”.

Qulijonov yaqinlarning aytishicha, u shia masjidida mavjud bo‘lgan va izn berilgan «Karbalo fojeasi» haqidagi kitobning rus tilidagi Moskvadan olib kelingan tarjimasini o‘qiganlikda ayblanmoqda.

Shialar uchun muhim bo‘lgan Karbalo kitobi
Shialar uchun muhim bo‘lgan Karbalo kitobi

Buxorodagi shia masjidi imomi Ibrohim Habibovning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ O‘zbekistonda o‘qish uchun izn berilgan 114 ta shia mazhabiga doir kitoblarning arab va fors tilida bo‘lgani bois masjidnimng bu tilni bilmaydigan qavmlari uni rus tilida o‘qigan:

- Ayni kitobning rus tilidagi tarjimasini o‘qisa muammo yo‘q deb o‘ylayman. Zotan Karbalo fojeasi mashhur hikoyadir. Bu hikoyani qaysi tilga tarjima qilsang ham ma’nosi bir xil bo‘ladi. Shu ma’noda bu kitobni fors tilida emas, balki rus tilida o‘qigan odamni jinoyatchi deyish mumkinmi? Men sud adolat qiladi deb o‘ylayman¸ deydi shia imomi Ibrohim Habibov.

Shia adabiyotini tarqatgan 20 kishi qamalgan edi

Qulijonovning advokatiga ko‘ra, hozir sud hukmini kutayotgan Jahongir Qulijonov joriy yilning 2 fevralida qo‘lga olingan, u bilan birgalikda shia mazhabidagi 20 buxorolik qo‘lga olingan, ular oldiniga «bezori-huquqbuzar» sifatida hibsga tashlangan:

- MXX ning Buxoro viloyat boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan reyd davomida 20 kishi bezorilikda ayblanib qamaldi. Ertasiga ulardan 15 nafarini jarimaga tortib qo‘yib yuborishdi. Besh nafarini esa «bezorilik» da ayblab, 15 sutka qamashdi. Izolyatorda bu yigitlarni MXX tergovchisi intensiv so‘roq qildi. Bu besh kishi ichidan ikki nafariga ya’ni Jahongir Qulijonov va Shavkat Azimovlarga 216-modda (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bo‘yicha ayb yuklandi¸- deydi advokat Ozodlikka.

Advokatga ko‘ra¸ Jahongir Qulijonovga qarshi 244- modda bo‘yicha ayblov shundan keyin paydo bo‘lgan. Shunday qilib, shu kunda Qulijonov Jinoyat Kodeksining 216- va 244- moddalari bo‘yicha ayblanmoqda, tergov izolyatorida saqlanmoqda. 216-modda bo‘yichagina ayblanayotgan Shavkat Azimovdan esa, shaharni tark etmaslik to‘g‘risida tilxat olingan.

Buxorodagi sud eshigi oldida
Buxorodagi sud eshigi oldida

Bibi Zaynabning tug‘ilgan kuni

Ozodlik muxbiri diniy ekstremizmda ayblanayotgan Jahongir Qulijonov¸ Shavkat Azimov va boshqalarning oila a’zolari bilan suhbatlashdi. Ular shia bo‘lgani uchun aksari sunniy musulmon bo‘lgan aholi toqatsizligiga nishon bo‘layotganini iddao qilishdi. Qulijonovning yaqinlariga ko‘ra¸ Jahongir Qulijonov va Shavkat Azimov payg‘ambarning nabirasi tug‘ilgan kunini nishonlab turganida qo‘lga olingan:

- Biz shialarda Bibi Zaynab ehtirom qilinadi. 2 fevral Bibi Zaynab ya’ni payg‘ambarimiz nabiralarinining tug‘ilgan kuniga to‘g‘ri keldi. O‘sha kuni to‘planib ziyofat qilmoqchi bo‘lganida Jahongir va Shavkatni olib ketishdi. 216-modda (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bo‘yicha ayb yuklandi¸ deydi suhbatdosh.

Shialarga nisbatan adolatsizlik qilinyaptimi?

Suhbatdoshlarning iddao qilishicha, Buxoroda shia mazhabida ibodat qilayotganlarga nisbatan adolatsiz munosabat mavjud.

Ismi aytilmasligi sharti bilan ovozi efirga uzatilishiga rozi bo‘lgan buxorolik ayol nega ashur oyida Karbalo ziëratiga borganlar MXX tarafidan so‘roq-savol qilinadiyu Ka’baga borganlar alohida ehtirom qilib kutib olinadi, deya savol qo‘ydi.

O‘zbekistonning eng yangi tarixida shialar bilan bog‘liq bitta sud jarayoni haqida Ozodlik yozgan edi.

2013 yili "O‘zbekiston-Eron” do‘stlik jamiyatining Samarqand bo‘limi yetakchisi Ravshan G‘ulomov shia yo‘nalishini targ‘ib etgani uchun 5 yil qamoq jazosiga mahkum etilgan edi.

Shuningdek, o‘sha yili Samarqanddagi bir necha masjidda shialikni targ‘ib qilayotgani haqida O‘zbekiston telekanali “fosh qiluvchi” ruhdagi ko‘rsatuvni yoyinlagan edi.

Buxorodagi shia masjidi imomi Ibrohim Habibov esa “diniy rahbarlar va oddiy aholining shialarga munosabati samimiy va ijobiy” ekanligini e’tirof etdi.

Ibrohim Habibovga ko‘ra, O‘zbekistonning Samarand va Buxoro viloyatlarida shia mazhabidagi bir necha ming musulmon istiqomat qiladi.

XS
SM
MD
LG