Shvetsiya prokurorlari Telia shirkati sobiq rahbari Lars Nyubergni O‘zbekistonda 3G telekom tarmog‘iga litsenziya olish uchun pora berganlikda aybladi. Kuni kecha bu shirkat O‘zbekiston marhum prezidentining qizi Gulnora Karimovaga tegishli ko‘rilgan shirkatga por berganiga oid da’volarni hal qilish uchun qariyb 1 milliard AQSh dollari jarima to‘lash va pora ishiga mas’ul shaxslarni aniqlashda hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan edi.
Reuters agentligining Shvetsiya prokurori Gunnar Stetlerga tayanib xabar qilishicha, 22 sentabr kuni Shvetsiya prokuraturasi shirkatning sobiq bosh direktori Lars Nyuberg va yana ikki mulozim ustidan da’vo arizasini kiritgan.
Bundan bir kun muqaddam shirkat ayni pora ishi bilan bog‘liq AQShda va Yevropaning bir necha davlatida borayotgan tergov-surishtiruv ishlarining shirkatga aloqador qismini yotqizish uchun qariyb 1 milliard AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgandi.
Telia va AQSh Adliya vazirligi o‘rtasida erishilgan kelishuvga muvofiq, O‘zbekistonda millionlab dollar miqdorida pora berilganiga oid da’volardan qutulgan shirkat bu ishga mas’ul alohida shaxslarni aniqlab, jazolashda tergovga hamkorlik qilishi lozim.
Shvetsiyada ayblangan Lars Nyuberg esa, Reuters agentligi xabariga ko‘ra, prokurorlar qo‘ygan ayblovlarni rad etmoqda.
Agentlik Nyubergning advokati Stefani Pleyeldan: "Fikrimcha, bu ortiqcha cho‘zilgan ish Nyubregning oqlanishi bilan tugaydi, chunki, bu ayblovlarga asos yo‘q", degan iqtibosni keltirdi.
Lars Nyuberg va yana yuqori lavozimdagi yana 4 mulozim 2013 yilda shirkatni tark etgan edi.
Uning iste’fosiga sabab bo‘lgan tergov surishtiruvi chog‘ida shirkatning O‘zbekiston marhum prezidenti Islom Karimovning katta qizi Gulnora Karimovaga aloqador ko‘rilgan shirkatga millionlab AQSh dollari miqdorida pora bergani o‘rtaga chiqqan.
AQShdagi sud jarayonida aniqlashicha, Telia shirkati 2007 yildan 2010 yilgacha, Gulnora Karimovaga tegishli ko‘rilgan Takilant shirkatiga bir necha yuz million dollar miqdorida pora bergan. Prokurorlar bu pora evaziga telekom shirkati O‘zbekistonda tegishli litsenziyani olishga erishganini da’vo qilgan.
Tergov ortidan shirkatning Shveysariya, Belgiya, Lyuksemburgdagi bank hisoblarida bo‘lgan 850 million dollardan ortiq mablag‘i muzlatib qo‘yildi.
"Bugungi kelishuv Telia kompaniyasi tarixidagi ayanchli sahifasini yopadi", deya bayonot berdi Telia shirkatining boshqaruvchi rahbari Yohan Denelind (Johan Dennelind), Nyu York mahkamasida erishilgan kelishuvdan so‘ng.
Shu yil yakuniga qadar Telia shirkatining Ozarbayjon, Qozog‘iston, Moldova, Gruziya va O‘zbekistondan chiqib ketishi kutilmoqda.
O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun berilgan pora mojarosiga nafaqat Telia, balki VimpelCom Ltd. va Mobile TeleSystems shirkatlari ham aloqador ko‘rilgan.
2016 yilning fevral oyida VimpelCom shirkati O‘zbekistonda pora berganiga oid iddaolar ortidan 795 million dollar miqdorida jarima to‘lashga rozi bo‘lgan.