Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:00

Andijonda o‘qituvchilar o‘rniga o‘quvchilarning ota-onalari paxta terishga majburlanmoqda


Andijonda maktab o‘quvchilarining ota-onalari paxtaga chiqishga majburlanmoqda. Ozodlik ega bo‘lgan ma’lumotga ko‘ra, Andijon hokimi har bir maktab direktoriga elliktadan terimchi topishni tayinlagan. Aholini terimga borishga ko‘ndirolmagan direktorlar esa o‘quvchilarning ota-onalariga “paxtaga chiqasan”, deya bosim o‘tkazmoqda. Viloyat hokimligi mulozimi maktab direktorlariga 50 nafardan terimchi topish haqida topshiriq berilganini tasdiqladi.​

Ismi sir qolishini istagan andijonlik Ozodlik bilan suhbatda farzandlari o‘qiydigan maktab direktori unga o‘n kunga yotog‘i bilan paxtaga borishni, agar borishga imkoni bo‘lmasa 10 ming so‘mdan 10 kunlik terim uchun 100 ming so‘m pul berishni so‘raganini aytdi.

- Bolalarimni direktori keldi, “yo paxtaga borib terib berasan, yo 10 kunlik yotoqqa odam yollaysan”, dedi. “Men ishlayman, xotinim ham ishlaydi borolmaymiz, terimchi yollab berishga ham imkoniyatimiz yo‘q, bolalarni formasiga shuncha pul ketdi, o‘tgan yilda qishda sovuqda uyni trubalari yorilib ketdi, 100 ming so‘m berishga sharoitimiz yo‘q”, desam, maktabni direktori “ertaga maktabni bitiradigan bolangga yordam qilmaysanmi, bolang maktabni bitirolmay qoladimi”, deganday gapiryapti-da menga, - deydi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan andijonlik.

Andijonlik boshqa ota-onalar ham maktab direktori ularni yig‘ib, paxtaga chiqishga undaganini aytishdi.

- Kecha maktab direktori hamma ota-onani yig‘ib, majlis o‘tkazdi. Mana o‘qituvchilar paxtaga chiqmasin, deb jar soldilaring, endi o‘qituvchilar chiqmaydi, o‘rniga sizlar chiqasizlar. Bekor o‘tirganlarni hammasi paxtaga chiqishi kerak, ishi borlar paxtaga chiqadiganlarni non-poniga pul berishi kerak, dedi. Shu yerni o‘zida, kim paxtaga kim pul beradi, ro‘yxati tuzildi, - dedi Andijon shahrida yashovchi ota-onalardan biri.

Andijon viloyat hokimligining ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan mulozimi Ozodlikka maktab direktorlariga 50 nafardan terimchi topish haqida topshiriq berilganini tasdiqladi.

Lekin, hokimlik mulozimi paxta terimi uchun ota-onalardan pul yig‘ish haqida buyruq bo‘lmaganini aytdi.

- Maktab direktorlariga faqat terimchi topish aytilgan. Buning uchun ota-onalardan pul so‘rash - bo‘lmagan gap, - dedi mulozim.

- Bu yil o‘qituvchilar paxtaga jalb qilinmadi, shuning uchun direktorlardan terimchi topish so‘raldi-da, ular chiqyapti, asosan uyda o‘tiradiganlar chiqyapti, chunki dalani o‘zida har bir kilo uchun 500 so‘mdan pul beryapti ularga, - dedi ismi sir qolishini istagan hokimlik mulozimi.

O‘zbekistonda talaba, o‘qituvchi va shifokorlar o‘tgan haftada paxta terimidan qaytarilgach, aksar viloyatlarda maktab va kollej direktorlari mahalla faollari bilan birga uyma-uy yurib terimchilar ro‘yxatini tuzishga kirishgan.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 22 sentabr kuni o‘tkazilgan majlisda daladan qaytarilgan talabalar o‘rniga endi uyda ishsiz o‘tirganlar paxtani terishini aytgan edi.

-Hurmatli maktab direktorlari, bog‘cha mudirlari sizlar ishingizni qilinglar, lekin mahallada eshikma-eshik yurib, menga odam jalb qilish bo‘yicha hammalaringiz guruh bo‘lib yurasizlar. Mahalladagilar chiqing uydan, ishsiz o‘tiribsiz hammang, chiqing dalaga, o‘n kun tersang 400 ming so‘m, 20 kun tersang 800 ming so‘m”, - degan edi Shuhratbek Abdurahmonov.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonda paxtaga odamlar majburlab chiqarilishini tanqid qilib keladi.

Xorijdagi o‘nlab shirkatlar majburiy mehnat sabab o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG