Линклар

Moskvada istiqomat qilayotgan qo‘shiqchi Zelimxan Bakaevning qarindoshlari u 8 avgustdan beri qayoqqadir g‘oyib bo‘lganini aytmoqda.

Chechenistonlik mashhur qo‘shiqchining oilasi uning qaerda ekani xususida ma’lumot talab qilmoqda. U avgust boshida Chechenistonda dom-daraksiz ketgan edi.

Bugungi kunga kelib, Chechenistondagi hukumatga qarashli OAV qo‘shiqchi Zelimxon Bakaev Germaniyada ekanini iddao qilmoqda. Ayni choqda inson haqlari himoyachilari mahalliy xavfsizlik kuchlarini odam o‘g‘irlaganlik va inson haqlarini qo‘pol tarzda buzganlikda ayblamoqda.

Biroq Grozniy-TV davlat kanalidan yangragan ushbu iddao faqat YouTube kanaliga joylashtirilgan ikkita videorolikka asoslanadi. Ularda Bakaevga o‘xshagan bir kishi Germaniyada vaqtini chog‘ o‘tkazayotgani haqida hikoya qilinadi.

Videoroliklar shubha tug‘diradi. Ularning ikkitasini YouTube kanalining foydalanuvchisi Artyom Lebedev joylashtirgan. Roliklar Germaniyadan boshqa joyda tasvirga olingan va Bakaevning qaerda ekanini aniqlashga bo‘lgan urinishlarni chalg‘itish uchun Internetga joylashtirilgan deb taxmin qilinmoqda.

Bakaevning sirli yo‘qolib qolishi va qo‘qqisdan qayta paydo bo‘lishi Checheniston xavfsizlik kuchlarining xatti-harakatlari bilan bog‘liq xavotirlar yangrayotgan paytda paydo bo‘ldi. Xavfsizilk kuchlari qonunbuzarlik, xususan, odamlarning yo‘qolib qolishi, qiynoqqa solinishi va o‘g‘irlab ketilishida ayblanmoqda. Bundan oldinroq ushbu mintaqadagi noan’anaviy jinsiy moyilligi bor kishilarning haqlari poymol qilingani va ularni qiynoqqa solish kampaniyasi o‘tkazilganiga oid ma’lumotlar paydo bo‘lgan edi. Ushbu kampaniya ilk marta surishtiruv o‘tkazishga ixtisoslashgan “Novaya gazeta”da yoritilgandi.

“Na vahhobiy va na terrorchi”

Qarindoshlari Moskvada istiqomat qiladigan qo‘shiqchi Bakaevning 8 avgustdan beri dom-daraksiz ketganini aytmoqda. Bir qarindoshining 16 avgustda “Ozodlik” radiosiga bildirishicha, Bakaev avgust oyi boshida singlisining to‘yida qatnashgani Checheniston poytaxti Grozniy shahriga kelgan.

Uning qaerda ekani xususida savollar paydo bo‘lgach, oradan bir necha kun o‘tib, Chechenistonning matbuot va axborot vaziri Jambulat Umarov Bakaev sog‘-salomat ekani va “tez orda ko‘rinish berishi”ni aytdi. Biroq u bu gapni qaerdan olgani hamda qo‘shiqchining qaerda ekanini ma’lum qilmadi.

Shu bilan birga u Bakaevning na vahhobiy va na terrorchi ekanini, unga qonunni qo‘llovchi idoralar daxl qilmaganini bildirdi.

Checheniston hukumati qonunbuzarlikda ayblanmoqda

Checheniston o‘zining qattiqqo‘l yetakchisi Ramzan Qodirov rahbarligida 90-yillar boshidan boshlangan va respublikani vayron qilgan qaqshatqich urush va buzmakor qo‘zg‘olonlarni tinchitdi. Qodirov Grozniy shahrining qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborgan qurilish ishlariga bosh-qosh bo‘ldi.

Lekin Kreml tanqidchilari prezident Vladimir Putin Qodirovga Chechenistonni bo‘lginchilik va qonunbuzarliklarga yo‘l bermaydigan tarzda boshqarishga ruxsat berganini aytib keladi. Checheniston Rossiyaning musulmonlar ko‘p yashaydigan mintaqasi hisoblanadi.

Aprel oyida “Novaya gazeta” Chechenistondagi xavfsizlik kuchlari noan’anaviy jinsiy moyilligi bor kishilarni bir joyga yig‘ib, qiynoqqa solgani haqida xabar tarqatgan edi.

“O‘g‘lim biror joyga bormoqchi bo‘lsa, bizga aytib ketar edi”

Joriy oyning boshida Bakaevning onasi Qodirovga o‘g‘lini topishda yordam berishni so‘rab murojaat qildi. Lekin respublika Ichki ishlar vazirligidagi manbaning ma’lum qilishicha, Bakaev “o‘zi ketgani sababli” uning yo‘qolib qolishiga oid jinoyat ishi ochilmadi. Endi ushbu xabar Checheniston rahbariyatiga yetib borgan va ular ushbu masalani o‘rganmoqda.

Bavaevning do‘sti “Ozodlik” radiosining Shimoliy Kavkaz xizmatiga qo‘shiqchining mamlakatdan chiqib ketish rejasi ham, uning Yevropa ittifoqiga kirishiga izn beradigan Shengen vizasi ham bo‘lmaganini aytdi.

Bakaevning onasi esa videoroliklar YouTube kanaliga qo‘yilishidan oldin “Ozodlik” muxbiriga, “o‘g‘lim biror joyga boradigan bo‘lsa, bizga aytib ketar, men u qaerga borishini har doim bilar edim”, deb aytgan edi.

XS
SM
MD
LG