Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:54

Shvetsiya prokurori suddan Behzod Ahmedovni “intervyu” qilishni so‘radi


2012 yilda O‘zbekistondan qochib ketgan Behzod Ahmedov Toshkent tomonidan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi.
2012 yilda O‘zbekistondan qochib ketgan Behzod Ahmedov Toshkent tomonidan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi.

Shvetsiya prokuraturasining korrupsiyaga qarshi bosh prokurori Gunnar Stetlerning Ozodlikka aytishicha¸ o‘zbek telekom bozoriga kirish uchun 331 million AQSh dollari miqdorida pora berganini tan olgan Telia shirkati sobiq boshqaruvchilari bu jarayonda faqat bir shaxs – Behzod Ahmedov qatnashgani haqida ko‘rsatma bergan. Ayblov xulosasida prokuratura suddan hozirda Rossiyada yashayotgan Ahmedovni savol-javob qilish so‘rovi bilan Rossiya ma’murlariga murojaat qilishni so‘ragan.

Telia 1 milliard dollar to‘lab¸ AQSh sudiga chap berdi¸ ammo shved sudidan qochib qutula olmadi

21 sentabr kuni O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun 331 million dollar pora berganini tan olgan Telia (avvalgi nomi TeliaSonera) shirkati 965 million dollar jarima to‘lash evaziga AQSh Adliya vazirligi bilan sudgacha kelishuv bitimi imzoladi.

Ammo ertasiga – 22 sentabr kuniyoq AQSh sudi sirtmog‘idan uch yilga qutulgan Telianing uch sobiq menejeri ishi rasman Shvetsiya mahkamasiga oshirildi.

Aksiyalarining 37.3 foizi Shvetsiya hukumatiga qarashli Telia ishini 2012 yildan beri tergov qilayotgan prokuror Gunnar Stetler¸ shirkatning uch sobiq boshqaruvchisini 2007-2012 yillar davomida O‘zbekistonning o‘shandagi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga qarashli ekani aytilayotgan Takilant shirkatiga yuzlab million pora berganlikda ayblamoqda.

Ayblanuvchilar - 2003-2007 yillarda Telia shirkatining moliyaviy direktori va vitse-prezidenti¸ 2007-2012 yillarda esa shirkatning Yevroosiyo faoliyati prezidenti bo‘lgan Tero Kivisaari¸ 2007-2013 yillarda shirkatning bosh menejeri bo‘lgan Lars Nyuberg va Yevroosiyo faoliyati bo‘yicha bosh maslahatchisi Uli Tuimalar ishining shved sudida yil oxirigacha ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Jinoiy ishni tergov qilgan Stetler¸ ayblanuvchilar bilan sudgacha kelishuv bitimi tuzishni ehtimoldan soqit qiladi:

- Shvetsiya prokuraturasi pora berganlikda ayblanayotgan shaxslar bilan sudgacha kelishuv bitimi qilmaydi. Bu bizning qonunchiligimizda yo‘q. Mahkama qanday hukm chiqarishi haqida ham hech narsa ayta olmayman. Shvetsiya qonunchiligi pora berganlik uchun maksimum 6 yillik qamoq jazosi tayinlashni ko‘zda tutadi¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda 2012 yildan beri TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati ustidan tergov olib borgan prokuror Gunnar Stetler.

Pora kimga¸ qanday berildi?

Gunnar Stetlerga ko‘ra¸ AQSh tergovi¸ qolaversa¸ o‘zi o‘tkazgan tergov davomida TeliaSonera sobiq boshqaruvchilari 2007 yilda O‘zbekiston telekommunikatsiya bozoriga kirib¸ faoliyat boshlash uchun lozim litsenziyalarni olish va so‘ngra o‘z faoliyatini davom ettirish uchun shart bo‘lgan yuzlab million dollar porani “savdolashish” jarayonida faqat bir odam bilan ishlaganlarini bildirgan:

- Men pora berganlikda ayblagan shaxslar tergov davomida faqat bir odam – o‘sha paytda O‘zbekistondagi "O‘zdunrobita" telekom shirkati boshqaruvchisi Behzod Ahmedov bilan gaplashganlarini iddao qildi. Ular iddaosicha¸ hatto hisob raqamiga yuzlab million dollar o‘tkazilgan Takilant shirkatining qog‘ozdagi egasi Gayane Avakyanni ham ko‘rishmagan. Ularga ko‘ra hamma ish Ahmedov bilan bitgan¸ o‘zaro kelishuvga ham u qo‘l qo‘ygan¸ deydi Stetler.

Teliadan pora olgan boshqalar ham bormi?

Ozodlik bilan suhbatda shved prokurori O‘zbekiston telekom bozoriga kirish uchun rasmiy litsenziya va boshqa hujjatlarni olish jaraënida Toshkent hukumatining turli darajadagi rasmiylari ham qatnashgani va ularning ham bu korrupsion sxemalarda “maxsus roli” borligiga ishonishini aytadi.

“Ammo¸ hozircha u yoki bu shaxs nomini ayta olmayman”¸ degan Stetler¸ bu rasmiylar nomini oshkor qilishi mumkin asosiy shaxs – Behzod Ahmedov ekanini ta’kidlaydi:

- Bilishimcha¸ Behzod Ahmedov hozirda Rossiyada. Men suddan uni intervyu qilish so‘rovi bilan Rossiya hukumatiga murojaat etishni so‘radim. Bilishimcha¸ Ahmedov telekom bozorini Gulnora Karimova nazorat qilishi va O‘zbekistonda biznes qilishning yagona yo‘li unga pora berish ekanini aytgan. Ayni paytda¸ men Gulnoraning bu jarayonda yakka o‘zi ishlamaganini tushunib turibman. Telekommunikatsiya sohasi rahbarlaridan ayrimlarining bu ishlardagi roli meni ham qiziqtirmoqda. Lekin O‘zbekiston boshqaruvidagilardan aynan yana kimlarning pora olganini aniqlash Shvetsiya yurisprundensiyasi doirasidan tashqarida. Mening qolgan poraxo‘rlar kimligini tasdiqlashi mumkin faktlarga qo‘lim etmaydi. Lekin men sudga bosh pora oluvchi Gulnora ekanini isbotlovchi etarli dalillarni taqdim etdim¸ deydi Stetler.

2012 yilda O‘zbekistondan qochib ketgan Behzod Ahmedov Toshkent tomonidan firibgarlik va pul yuvishda ayblanib¸ Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan edi.

Gulnora Karimova o‘ziga qarshi avvaliga Shveysariya¸ so‘ngra Shvetsiya¸ Hollandiya va Fransiyada boshlangan jinoiy ishlarni aynan "Ahmedovning fitnasi" deb atagan edi.

2017 yilning 26 sentabr kuni Interpol rasmiy saytida xalqaro qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatida Behzod Ahmedov nomi topilmadi.

Uning qachon¸ qaysi asosda¸ kimning so‘rovi bilan xalqaro qidiruvdan olib tashlangani hozoircha Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG