Линклар

Nurullo Otaxonov kitobida ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib etganlikda gumonlanmoqda

  • Озодлик

Yozuvchi Nurullo Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon) Turkiyada 2 yil muhojirlikda yashadi.

Turkiyadagi muhojirotdan vataniga qaytgach Toshkent aeroportida ushlangan yozuvchi Nurullo Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon) "Bu kunlar" nomli asarida ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib etganlikda gumonlanmoqda.

Bu haqda 63 yashar adibning turmush o‘rtog‘i Gulnora Otaxonovaga Toshkent shahar Yashnobod tumani IIB tergovchilari ma’lum qilgan.

Nurullo Otaxonovning 2015 yilda Turkiyada nashr etilgan "Bu kunlar" romanida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov asos solgan rejim, mamlakatda shakllangan yakkahokimlik tuzumi va butun jamiyatda urchib xavfli tus olib borayotgan ulkan yolg‘onga qarshi keskin munosabat bildirgandi.

Otaxonovni istalmagan kishiga aylantirgan kitob muqovasi
Otaxonovni istalmagan kishiga aylantirgan kitob muqovasi

Nurullo Otaxonovning ayoli Gulnora Otaxonovaning telefon orqali Ozodlikka ma’lum qilishicha, Toshkent aeroportida uchoqdan tushganlaridan so‘ng militsiya xodimlari Nurullo Otaxonovning qo‘liga kishan taqqanlar.

Shundan so‘ng yozuvchi Yashnobod tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Gulnora Otaxonovaning aytishicha, uning keskin talablaridan keyin, militsiya xodimlari so‘roq qilinayotgan Otaxonov bilan uchrashishga izn berganlar.

Qisqa uchrashuv paytida tergovchilardan biri Otaxonovning hibsga olinishiga "Bu kunlar" romanida aks etgan g‘oyalar asos bo‘lganini bildirgan.

Gulnora Otaxonovaning ichki ishlar xodimlariga tayanib ma’lum qilishicha, Nurullo Otaxonovning mazkur asari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan "ekstremistik" deb topilgan.

Ichki ishlar xodimlari Nurullo Otaxonov yaqinlariga adibning qo‘yib yuborilmasligini bildirib, unga advokat olishni tavsiya qilganlar.

So‘nggi ikki yilda Turkiyada yashayotgan yozuvchi “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkatining seshanba kungi Istanbul -Toshkent uchog‘iga chiqishdan oldin Ozodlik bilan suhbatlashgan edi.

Mazkur suhbat davomida yozuvchi "Bu kunlar" asari Turkiyada nashrdan chiqqanidan so‘ng O‘zbekistonda istalmagan shaxs sifatida qidiruvga berligani to‘g‘risida gapirib bergandi.

O‘tgan yili Andijon shahar "Uyg‘ur" jome masjidi imom xatib noibi “Bu kunlar” romaniga qarshi maqolani internetda e’lon qilib¸ yozuvchini sotqinlikda ayblagan edi.

Nurullo Otaxonov O‘zbekiston yangi prezidentining 20 sentabr kuni Nyu-Yorkda o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvda qilgan “chetdagi vatandoshlar O‘zbekistonga qaytsin” degan chaqirig‘idan ruhlanib¸ O‘zbekistonga qaytgan ilk taniqli shaxsdir.

Nurullo Otaxonov Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Oyimcha Qaqir qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi bo‘limini tamomlagan. “Yo‘l boshida” “Dunyo keng”, “Shu yerlik kishi” kabi qissa va hikoyalar to‘plamlari orqali tanildi.

Yozuvchining sevgi mavzusidagi “Oq bino oqshomlari” hikoyasi “Sharq yulduzi” jurnalida chop etilgach, “Yilning eng yaxshi hikoyasi” deb topilgan edi.

XS
SM
MD
LG