Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:00

OzodDayjest: Toshkentda doimiy propiska 3000 dollardan sotilgani fosh etildi


Transplantatsiyaga ruxsat yo‘qligi sabab o‘zbekistonliklar 250 ming dollargacha to‘lab chet elda operatsiya qildirishga majbur bo‘lmoqda. Toshkentda doimiy propiska uchun viloyatliklardan millionlab so‘m o‘marganpasport stoli xodimi qo‘lga olindi. Zangiotada tez tibbiy yordam markazi ko‘chada qoldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonda o‘n minglab bemor organ va to‘qimalar transplantatsiyasiga muhtoj

Bugun O‘zbekistonda o‘n minglab bemor organ va to‘qimalar transplantatsiyasiga muhtoj (“Jamiyat”, 22 sentabr). Zarurat tufayli ayrim bemorlar chet ellarga borib, 15 mingdan 250 ming dollargacha to‘lab, jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Ammo bemorlarning bari ham bunday katta mablag‘ va imkoniyatga ega emas. Inson a’zolari va to‘qimalarini ko‘chirib o‘tkazishga qonunan ruxsat yo‘qligi bois mamlakat transplantologiya sohasida jahondan ortda qolmoqda, asosiysi, bu hol vatandoshlarga qiyinchilik tug‘dirayapti. Xabarlarga ko‘ra, “Adolat” partiyasi ayni paytda “Odam a’zolarini va to‘qimalarini transplantatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilishni taklif etmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik patalasi deputati Muharram Dadaxo‘jaevaga ko‘ra, transplantologiya bo‘yicha qonunlar hatto islom davlatlarida ham qabul qilingan va O‘zbekistonda ham uni qabul qilish vaqti keldi.

Toshkentda pasport stoli xodimi doimiy propiska savdosidan 188,8 million so‘m daromad qildi

Toshkent shahri Yashnobod tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi vatandoshlarni pul evaziga noqonuniy ravishda doimiy propiskaga qo‘yish holatlari aniqlandi (“Postda”, 23 sentabr). Bo‘limda yordamchi sifatida ishlagan ayol viloyatlardan kelgan o‘nlab vatandoshlardan doimiy propiska uchun 3000 AQSh dollarigacha pul olgan. So‘ng pasport bo‘limining qat’iy hisobida turgan muhr va shtamplardan foydalanib, vatandoshlarning pasportiga yashirin ravishda muhr va shtamp bosib, doimiy propiskada turgani haqida soxta ma’lumotlar kiritgan. Ushbu noqonuniy faoliyatga ismi oshkor etilmagan bo‘lim yordamchisi rahbarlik qilgani va unga boshqa tanishlari yordam bergani xabar qilingan. Jinoyat aniqlangach, ushbu guruh a’zolari va ularga pul bergan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan Yashnobod tuman pasport bo‘limi xodimlari ham jazodan benasib qolmagan. Doimiy propiskaga oid jinoyat ishidan yetkazilgan zarar 188,8 million so‘m deb baholangan.

Zangiotada tez tibbiy yordam binosi kimoshdida sotildi – shifokorlar ko‘chada qoldi

Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek qishlog‘idagi tez tibbiy yordam shaxobchasi kimoshdi savdosida sotilganiga to‘rt yarim yil bo‘ldi (“Hurriyat”, 27 sentabr). Duppa-durust ishlab turgan tibbiy markaz binosini pullab yuborilishi 30 ming aholiga jaziramada qor yoqqandek ta’sir qildi. Shundan beri tez tibbiy yordam shaxobchasi goh kutubxona, goh choyxonada ishlab kelmoqda. Rahbarlar esa turli va’dalar berib, uning ijrosini paysalga solmoqda. “Qarang, Nazarbek tez tibbiy yordam shaxobchasi binosi to‘rt yarim yildan beri bir joydan boshqa joyga ko‘chib yurgan bo‘lsa-da, biron bir mutasaddining buyragi bulk etmasa?! Ha, haligacha oramizda xalqqa quruq va’da berishdan nariga o‘tmaydigan, hatto inson hayoti uchun muhim bo‘lgan masalalarga panja orasidan qaraydigan ishboshilar oz emas ekan”, deb yozadi gazeta.

XS
SM
MD
LG