Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:24

Jurnalist Bobomurod Abdullaevning uyida tintuv o‘tkazildi, uning o‘zi qo‘lga olingan


Jurnalist Bobomurod Abdullaev
Jurnalist Bobomurod Abdullaev

Toshkentlik 44 yoshli jurnalist va sport sharhlovchisi Bobomurod Abdullaevning uyida 29 sentabr kuni peshindan keyin Yunusobod tuman IIB tezkor guruhi tarafidan tintuv o‘tkazildi. 3 kundan buyon qaerdaligi noma’lum qolayotgan Bobomurod Abdullaevning o‘zi esa, 27 sentabr kuni o‘g‘irlikda gumonlanib qo‘lga olingani Ozodlikka bir necha soat oldin ma’lum bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining ismi aytilishini istamagan zobiti ma’lum qildi.

Unga ko‘ra¸ Bobomurod Abdullaev 27 sentabr kuni Yunusobod IIB va MXX tezkor kuchlari ishtirokidagi tezkor amaliyot natijasida qo‘lga olingan.

Bundan oldin jurnalistning turmush o‘rtog‘i Katya Balxiboeva erining "yo‘qolib qolgani" haqida Ozodlik muxbiriga aytgan edi.

Balxiboeva Toshkent shahar¸ Yunusobod tuman IIBsiga Bobomurod Abdullaev yo‘qolib qolgani haqida 29 sentabr kuni ertalab ariza topshirdi.

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining ismi aytilishini istamagan zobiti Ozodlik muxbiriga, qonunga binoan, qo‘lga olingan shaxsning yaqinlariga bu haqda o‘sha kunning o‘zdayoq ma’lum qilinishi kerakligini eslatdi.

«Ammo operativ operatsiya samaradorlilgi yuzasidan ba’zi hollarda qo‘lga olish jarayoni sir tutiladi. Abdullaev masalasida MXX talabi bilan uning oilasiga xabar berilmadi»¸ dedi.

Mulozimning aytishicha¸ Yunusobod tumanida yuz bergan o‘g‘irlik jinoyatida Abdullev gumon qilinuvchi sifatida ko‘rilmoqda.

Abdullaev yaqinlarining aytishicha¸ uning uyi tintuv qilish davomida maxsus kompyuter muhandislari jurnalistning kompyuteri fayllarini tekshirdi.

Jurnalistni yaqindan tanigan hamkasbi Qudrat Bobojonovning fikricha¸ Bobomurod Abdullaev kasbiy faoliyati uchun «jazolanmoqda»

- Shaxsan men Bobomurod Abdullani, uzoq vaqtlardan beri birga ishlaganim uchun, nihoyatda to‘g‘ri va halol jurnalistlardan biri sifatida bilardim¸ dedi Qudrat Bobojon Ozodlik bilan suhbatda.

28 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda jurnalist Bobomurod Abdullevning bedarak yo‘qolgani haqida havotirlar paydo bo‘lgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda Bobomurod Abdullaevning turmush o‘rtog‘i Balxibaeva "26 sentabr kuni soat 13.30 da kimdir mashina ustasiman deb erimni tashqariga olib chiqib ketdi. Shundan so‘ng qo‘ng‘iroqlarimga ham, SMSlarimga ham javob bermadi", dedi jurnalistning turmush o‘rtog‘i.

"Markaziy Osiyoda inson huquqlari" uyushmasi rahbari Nadejda Ataevaning Ozodlikka ma’lum qilishicha, u Bobomurod bilan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlar orqali aloqa qilgan va o‘shanda Bobomurod so‘nggi vaqtlarda uni kimdir kuzatib yurganini sezganini aytgan.

Bobomurod Abdullaev futbol sharhlovchisi sifatida Stadion.uz saytida ishlagan.

Keyingi paytlarda mamlakatdagi futbol mulozimlarini keskin tanqid qilib kelgan.

Abdullaev, shuningdek, o‘z siyosiy qarashlarini "Ozod ovoz" mustaqil veb saytida bayon qilib kelgan. Ammo sayt O‘zbekiston matbuot va axborotlashtirish qo‘mitasi talabi ortidan yopib qo‘yilgan edi.

Jurnalist bir necha yil muqaddam Britaniyaning urush va tinchlikni yoritish instituti (IWPR)ning Toshkentda muxbiri sifatida va «Internyus» xalqaro tashkiloti media loyihalarida ishlagan.

Bobomurod Abdullaev Ozodlik radiosi davra suhbatlarida qatnashib turgan.

Ozodlik jurnalist Bobomurod Abdullaevning Toshkentda hibsga olnishi bilan bog‘liq voqealarni kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG