Линклар

Bu me’yor mamlakat parlamenti Jinoyat kodeksiga kiritgan o‘zgartish bilan qonun tusiga kirdi.

Dushanbe yaqinidagi Ro'daki tumanida yashaydigan Bobojon Safarov 3 yil oldin xotinidan ajrashib 2 farzandiga aliment to'lar edi.
Aytishicha, u o'tgan yili Rossiyadan deportatsiya bo'lganidan buyon olayotgan oyligidan 300 somoniy (taqriban $34) miqdorida aliment to'lashga qodir emas.


“Hozir men maktabda qorovullik qilib, oyiga 600 somoniy oylik olaman. Bu pul bir o'zimning kun kechirishimga ham yetmaydi. Shu sababli uch oydan beri aliment to'lolmayapman. Meni sudga chaqirib, agar alimentni o'z vaqtida to'lamasang senga nisbatan jinoiy ish ochamiz, deb po'pisa qilishdi. Nima qilishimni bilmay qoldim”, -dedi Bobojon Safarov.

Tojikiston adliya vazirligiga ko‘ra, mamlakatda 65 mingga yaqin aliment to‘lashdan bosh tortayotgan shaxs bor. Bu vaziyatga chek qo‘yish uchun 2 oktabrda Tojikiston Oliy Majlisining quyi palatasi Jinoyat kodeksiga o'zgartishlar kiritishni ma’qulladi. Agar oldin aliment to'lashdan bosh tortgan odamlarga nisbatan shartli qamoq jazosi yoki jarimaga qo‘llanilgan bo‘lsa, endi ularga qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Tojikiston adliya vaziri Rustami Shohmurod Ozodlik radiosiga yangi tartibni izohlar ekan, jumladan bunday dedi:

“O‘zgartishga binoan, aliment to'lashdan bosh tortgan shaxs katta jarima to'lashi yoki ikki yillik shartli qamoqqa hukm etilishi mumkin. Agar bu shaxs bunday qonunbuzarlikni takrorlasa unga uch yil qamoq jazosi qo'llanadi”, - dedi Rustami Shohmurod.

Adliya vazirining aytishicha, alimentni to'lamagan shaxslarning ko'pini mehnat muhojirlari tashkil etadi. Ularning ba’zilari Rossiyada boshqatdan uylanib, Tojikistondagi ayol va bolalariga moddiy yordam ko'rsatmaydi. Boshqa tomondan Rossiyadagi iqtisodiy bo'hron sababli juda ko'p muhojirlar ishsiz qolib o'z vatanlariga qaytishga majbur bo'lgan.

O'zbekistonda ham ayni shu muammolar mavjud. 2017 yilning 1 iyulidan bir oydan ortiq aliment to‘lamagan shaxslarga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoqqa olish chorasini qo‘llash haqida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga qo‘shimcha band kiritildi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra¸ aliment to‘lashdan bo‘yin tovlash takroran sodir etilgan taqdirda shaxs jinoiy javobgarlikka tortiladi. Bunday shaxslarga nisbatan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.Shunindek, qarzdorlar chet elga chiqish imkoniyatidan vaqtincha mahrum etiladi.

XS
SM
MD
LG