Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 03:49

Byudjet tashkilotlari xodimlarini paxta terimiga majburiy chiqarishni “jinoyat” degan Andijon viloyat hokimi o‘qituvchi va tibbiyot hamshiralarini yana dalaga chiqarmoqda. Bu haqda xabar bergan o‘qituvchi va hamshiralarning aytishlaricha, dushanba kuni yog‘ib o‘tgan yomg‘irdan so‘ng, ular “vatanparvarlik” shiori ostida paxta terimiga majburlanyapti. Andijon viloyat hokimligi mulozimi esa, majburiy mehnatni inkor qilarkan, hatto MXX xodimlari ham o‘z ixtiyori bilan paxta terayotganini aytdi.

Andijondagi kasalxonalardan birida ishlaydigan katta hamshiraning 3 oktabr kuni Ozodlikka aytishicha, 1 oktabr kungi “ixtiyoriy” hashardan so‘ng, hamshiralar yana paxta terimiga jo‘natilgan:

“Yakshanba kuni hamshira va sanitarkalar uchun hashar e’lon qilingan edi. Hammamiz chiqib paxta terdik. Kecha, dushanba kuni yomg‘ir yoqqani uchun yana chiqarildi. Hokim majlisda, agar biror kishi so‘rab qolsa, “ishdan bo‘sh vaqtimizda yoki ta’tilda bo‘lganimiz uchun o‘z ixtiyorimiz bilan chiqdik”, deb aytinglar deyapti. Mana bugun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga paxta terimida og‘rib qolgan bir o‘qituvchini ham keltirishdi. Demak, o‘qituvchilar ham paxta teryapti ekan”, dedi hamshira.

Uning aytishicha, Oltinko‘l, Andijon tumanlari qishloq vrachlik punktlari hamshiralari ham yotog‘i bilan majburiy paxta terimiga chiqarilgan, Ulug‘nor tumaniga katta hamshiralar jo‘natilgan.

Shahrixon tumnidagi 31-umumta’lim maktabining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, har kuni har bir maktabdan o‘n o‘qituvchi paxta terimiga jo‘natilyapti:

“Viloyat hokimining o‘qituvchini paxta terimiga chiqarish jinoyat” degan gapidan so‘ng, “e, haqiqat bor ekanku” deb yuborgan edik. Lekin quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Hozir navbat bilan paxta terib kelyapmiz. Men bilgan 1-, 38-maktablarda ham shu ahvol”, dedi o‘qituvchi.

Viloyat hokimi o‘tkazgan selektor yig‘ilishlarida qatnashadigan paxta terish otryadlaridan birining rahbari Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, “paxta terimi siyosatida zo‘ravonlik yana birinchi o‘ringa chiqib oldi”, dedi:

“Selektor majlislaridagi so‘kishlarga, haqoratlarga inson zoti chiday olmaydi. Ko‘pchilik orasida odamlarni gadoydan olib gadoyga, itdan olib itga solish, tahqirlash, "ko‘taningni sug‘urib olaman" deb, erkagu xotinlarni orasida aytish, yaxshi emasda endi! Birinchi oktabr, o‘qituvchilar bayrami kuni viloyatda boshqa kunlarga nisbatan kamroq paxta terilgan ekan. Viloyat hokimi achchig‘i chiqib, selektorda “bayramingga tupurdim”, dedi. “O‘qituvchini paxtaga chiqarish jinoyat”, degan odamning gapi bu. Hokim janoblari aytovradi ham ekan, gapidan qaytovradi ham ekan. Bizning hokimlar shunaqa”, dedi maktab direktori.

Andijon viloyat hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimlaridan biri, byudjet tashkiloti xodimlarining paxta terimiga majburan olib chiqilayotganini inkor qildi:

“Paxta milliy boyligimiz. Vijdoni bor odam bu qisqa vaqt ichida dehqonga yordam berishi kerak. Bu uchun qishloqlardagi ishsiz odamlar hisobidan maxsus otryadlar tashkil qilingan. Kerak bo‘lsa melisalarimiz, MXXchilarimiz ham o‘z ixtiyorlari bilan chiqib paxta teryapti. Andijon shahar hokimi butun oilasini hasharga olib chiqdi. Hammasi ixtiyoriy, vijdon amri bilan, majburlash yo‘q”, dedi hokimlik mulozimi.

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 22 sentabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan majlisda maktab va kollej o‘qituvchilari, o‘quvchi va talabalari hamda tibbiyot xodimlarining dala mehnatiga jalb etilishi jinoyat ekani, bunday hol aniqlangan taqdirda xodimlarni dalaga chiqargan rahbarlar nafaqat lavozimidan ayrilishi, balki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan edi.

“Bugundan boshlab Andijon viloyati bo‘yicha, chunki men Andijon bo‘yicha javob beraman, 18 yoshga to‘lmagan fuqaro, byudjet tashkiloti xodimlari, asosan maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, xodimlari, tibbiyot xodimlari, vrachlar, hamshiralar, kollej xodimlari, o‘qituvchilari, o‘quvchilari, shularni birortasi dalaga chiqishi bu jinoyat. Va oliy o‘quv yurti talabalari va o‘qituvchilari ham bunga kiradi. Qaysi tumanda, qaysi sektorda mana shu toifa odamlar paxta terib yurgani aniqlansa rahbariga nisbatan nafaqat lavozimidan ketish balki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiraman”, - degan edi Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov.

XS
SM
MD
LG