Линклар

12 декабр 2017, Тошкент вақти: 15:27

Behzod Ahmedov: Gulnoraning eng katta xatosi meni Interpolga berish bo‘ldi!

  • Озодлик

Behzod Ahmedov O‘zbekiston IIV tomonidan 2012 yilning 15 iyun kuni Interpol orqali xalqaro qidiruvga berildi.

Stokholm mahkamasi jamoatchilik uchun ochiq hujjatlar sirasiga kiritgan tergov materiallarining Ozodlik tanishgan ikkinchi hujjati 2015 yili Shveysariya prokurorlarining Gulnora Karimovaning eng yaqin biznes sherigi Behzod Ahmedov bilan o‘tkazgan so‘rog‘idir. Moskvada to‘rt kun davomida to‘rt nafar tergovchi tomonidan o‘tkazilgan bu so‘roq-javobda Behzod Ahmedov¸ Gulnora Karimova jinoyatlariga oid kengroq tafsilotlarni taqdim etgan.

O‘zi o‘ziga advokat

2015 yilning may oyida Rossiya Bosh prokuraturasining Moskvadagi idorasida Shveysariya federal prokuraturasi va federal kriminal politsiyasining to‘rt tergovchisi MTS-O‘zbekiston shirkati sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni to‘rt kun so‘roq qiladi.

12 maydan 15 mayga qadar davom etgan tergov¸ Shveysariya prokuraturasi Behzod Ahmedovga qarshi ochgan jinoiy ish doirasida federal prokuror Patrik Lamon (Patrick Lamon) rahbarligida o‘tkaziladi.

Tergov boshlanishida prokuror Behzod Ahmedovdan tashqari Rustam Madumarov¸ Gulnora Karimova¸ Gayane Avakyan¸ Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovlarga qarshi pul yuvish va yana boshqa ayblar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildiradi.

Shveysariya qonunchiligida ko‘zda tutilgan haq-huquqlari bilan tanishtirilgan Behzod Ahmedov¸ savollarga advokatsiz o‘zi javob berishga qaror qilganini aytadi.

12 may kuni Moskva vaqti bilan tungi soat 11 da boshlangan tergovning birinchi sessiyasida Ahmedov asosan o‘zi 10 yildan ko‘proq boshqargan “O‘zdunrobita” shirkatining Gulnora Karimova bilan aloqasi¸ shirkat aksar aksiyalarining amerikalik investorlar va O‘zbekiston hukumatidan Karimova qo‘liga o‘tish jarayoni bilan bog‘liq savollarga javob beradi.

Беҳзод Аҳмедов оиласи билан.
Беҳзод Аҳмедовнинг 2012 йил 10 сентябрида Россия терговида берган гувоҳлик кўрсатмаси протоколи

Bu savollarga Ahmedov¸ asosan¸ 2012 yil 12 sentabr kuni Rossiya Tergov departamenti tergovchisiga bergan javoblarni takrorlaydi va Karimovaning bir tiyin investitsiya qilmay turib¸ O‘zbekistondagi barcha mobilь aloqa operatorlari va mamlakat telekommunikatsiya sohasini bosib olganini hikoya qiladi.

“Gulnora nima niyatda sizni “O‘zdunrobita”ga bosh direktor qilib tayinladi?”

Shveysariya tergovchilarining bu savoliga Behzod Ahmedov¸ 2002 yilda telekommunikatsiya sohasida “havodan pul qilish” mumkinligini tushungan Gulnora Karimovani faqat bir narsa – pul qiziqtirganini aytadi.

“U “O‘zdunrobita”ga bir tiyin ham pul sarflamay¸ shirkatni qo‘liga oldi va uni MTSga 350 million dollarga sotdi”¸ degan Ahmedov Karimova munosabatlarini tasvirlashga o‘tadi.

Gulnora Karimova bilan shaxsiy munosabatlarim notekis edi. Bir tomondan¸ u o‘zini menga do‘stdek tutardi¸ boshqa tomondan¸ o‘zini men boshqaruvchisi bo‘lgan shirkat aksioneri deb bilardi. Uchinchidan¸ menga o‘zidan katta qarzi bor odamga qilgandek muomala qilardi. Shuningdek¸ menga istalgan payt sog‘iladigan sog‘in sigir deb qarardi. U bir qarasang¸ meni tug‘ilgan kunim bilan tabriklar¸ bir qarasang¸ qamoqda chiritaman¸ deb tahdid qilardi. Bir tomondan¸ meni tug‘ilgan kuniga taklif qilsa¸ boshqa tomondan¸ ota-onamning chetga chiqishini taqiqlab¸ uylarimni tortib olishga urinardi. Men uchun Gulnoraning kimligini aniq aytish qiyin. U menga quliga qaragandek qarardi. Lekin men o‘zimni hech qachon uning quli deb bilmaganman. Qarorlarni men berardim¸ Gulnora chegaradan oshmaguncha¸ ma’qullab bosh irg‘ib turardim¸ ammo bu chegara oilamga kelganda tugardi. Aslida¸ menda ko‘p ham tanlov yo‘q edi. Jinnixonaga tushishim hech gapmasdi! U meni hatto o‘ldirib yuborishi mumkin edi. Chunki Gulnora o‘zini eng qudratli ayol deb bilardi”¸ deydi Shveysariya tergovchilariga Behzod Ahmedov.

Bir kechada 50 million dollar to‘lash talabi

Ahmedovga ko‘ra¸ 2007 yili “O‘zdunrobita”ni MTSga 350 million dollarga sotib¸ shirkat aksionerlari safidan chiqqan Gulnora Karimovaning bu shirkatdan pul undirish harakatlari to‘xtash o‘rniga¸ aksincha¸ yanada kuchaygan.

Avvaliga aksioner sifatida qilingan iqtisodiy talablar o‘rnini endi ochiq qaroqchilik egallaganini aytgan Ahmedovga ko‘ra¸ Karimova MTS-O‘zbekiston direktori sifatida o‘zidan bir kunda “O‘zdunrobita” hisobida turgan 50 million dollarni berishni talab qilgan.

Sistema” (MTSning mulkdori bo‘lgan guruh¸ egasi rossiyalik milliarder Yevtushenkov-tahr.) “O‘zdunrobita” orqali “O‘zpromstroybank” aksiyalarini sotib olmoqchi bo‘ldi. Ular narxi 50 million dollar edi. Bankni olishga Gulnora ham qiziqdi. Buni eshitib¸ “Sistema” rejasidan qaytdi¸ ammo Gulnora “O‘zdunrobita” aktivida 50 million dollar naqd puli bor¸ degan to‘xtamga keldi va oldimga Nodir ismli yordamchisini yuborib¸ bir kunning ichida 50 million dollarni o‘ziga yetkazishni talab qildi”¸ deb hikoya qilgan Ahmedov¸ masalani muhokama qilish uchun Gulnora Karimova bilan yuzma-yuz uchrashishni talab qilganini aytadi.

Toshkentdagi Gulnoraga qarashli "Fashion Bar"da gaplashdik. Men unga bu ishni qilolmasligimni aytdim. U menga¸ “qamoqqa tiqishdan boshqa chora qoldirmading”¸ dedi. Men unga¸ bu ishni qilsam ham qamoqqa tushishim aniqligini aytdim. Agar men bir chora topmasam¸ shubhasiz¸ u meni qamoqqa tashlardi. 2012 yilgi kunlar¸ 2008 yildaëq boshimga tushishi mumkin edi. 50 millionni qanday qilib bo‘lsa ham to‘lashimni aytib¸ men o‘z umrimni uzaytirdim¸ xolos. Bu Gulnora Karimova bilan chiqqan eng og‘ir konflikt edi. U qudratli prezidentning nihoyatda qudratli qizi edi¸ undan qo‘rqmaslik mumkin emasdi”¸ deb ko‘rsatma beradi Behzod Ahmedov.

“Takilant” muallifi menman”

TeliaSonera, VimpelCom va MTS shirkati Gulnora Karimovaga berganini tan olgan bir milliarddan dollardan oshiq porani o‘zlashtirishda markaziy rol o‘ynagan Takilant Ltd asoschisi¸ Behzod Ahmedov ko‘rsatmasiga muvofiq¸ aynan uning o‘zidir.

Ahmedov aytganlaridan anglashilishcha¸ 2005 yilda Gibraltarda ro‘yxatdan o‘tgan Takilant offshor shirkati aynan xorij telekommunikatsiya shirkatlarining Gulnora Karimovaga beradigan millionlab dollar porani legallashtirish vositasi sifatida tuzilgan.

Men uchun Takilant Gulnora talab qilgan 50 million dollarni pul ëki aksiyalar bilan to‘lash vositasi edi. Takilant ning telekommunikatsiya sohasidagi konsepsiyasi va strategiyasini men ishlab chiqqanman”¸ degan Ahmedov¸ MTS va TeliaSonera bergan poraning bir qismini (2007 yil)¸ aynan Gulnora o‘ziga ilib qo‘ygan 50 million dollarlik qarzni uzish uchun Takilant hisobiga o‘tkazganini aytadi.

Bu iqrordan so‘ng Ahmedov¸ uch xorij mobil aloqa operatori – MTS¸ VimpelCom va TeliaSoneraning O‘zbekiston telekom bozoriga kirishida o‘zi vositachilik qilgani va bu jaraënga ham Karimova qo‘ygan qarzni to‘lash bosimi ostida kirganini aytadi.

To‘rt kunlik so‘roq davomida Ahmedov Takilant shirkatining qolgan boshqaruvchilariga oid ayrim ma’lumotlarni ham taqdim etadi.

“150 million dollar yoki o‘lim”

Behzod Ahmedovning Shveytsariya tergovchilariga 2015 yil mayida bergan ko‘rsatmasida aytilishicha¸ Gulnora Karimovaning qaroqchilik ishtahasi oshgandan-oshib borgan va 2012 yilga kelib u endi o‘zidan 150 million dollar berishni talab qilishga o‘tgan.

O‘zbekistonni tark etishimdan avval u men prezident bo‘lgan “O‘zdunrobita” hisobidagi 150 million dollarni berishni talab qildi. Shunda men uning niyati faqat pul emas¸ meni butunlay yo‘q qilish ekanini tushundim”¸ deydi Behzod Ahmedov.

Ko‘rsatma davomida Ahmedov¸ Gulnoraning bunday bosimlariga chidab bo‘lmay qolganini ayta turib¸ unga ishlagan ayollardan birining Gulnora tahdidlaridan qo‘rqib¸ uksus ichib o‘zini o‘ldirganini tasdiqlovchi qandaydir hujjatlarni tergovchilarga taqdim etadi.

Gulnoraning eng katta xatosi...

O‘lim tahdidi ostida qolganidan 2012 yil 6 iyun kuni O‘zbekistondan qochib chiqishga majbur bo‘lganini aytgan Ahmedov¸ 15 iyun kuni Gulnora buyrug‘i bilan o‘zining pul yuvishda ayblanib “shosha-pisha” Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilganiga to‘xtaladi.

“Bu Gulnora Karimovaning eng katta xatosi edi”¸ degan Ahmedov¸ nomi pul yuvish bilan bog‘lanishi hamono banklar¸ xususan¸ Shveysariya banklaridagi o‘z hisoblariga “qizil chiroq” yoqilganini aytadi.

Ahmedovga ko‘ra¸ u Lombard Odier (LODH) bankida Gulnoraning o‘z nomiga hisob ochib¸ unga yuzlab million dollar va boshqa qimmatbaho ashëlar qo‘yganidan mutlaq bexabar bo‘lgan.

"Alisher va Shohruh Gulnora nomidan kelib¸ menga oppoq qog‘oz yoki menga ko‘rsatilmagan hujjatlar tagiga qo‘l qo‘ydirib ketishardi. Yo‘q deyish mumkin emas edi. Ana shunday qog‘ozlar orasida¸ taxminimcha¸ mening nomimga bank hisobi ochish yoki ko‘chmas mulk sotib olish haqidagi ishonchnomalar ham bo‘lgan. Shveysariya bankida hisob ochish uchun nomiga hisob ochiladigan shaxsning o‘zi borishi shart emas"¸ deb izohlashga urinadi Gulnora Kraimovaning o‘z nomiga Lombard Odier bankida hisob ochganidan bexabarligini Ahmedov.

Ayni paytda¸ Behzod Ahmedovning mazkur hizobdagi millionlab pullarni chiqarib olishidan qo‘rqqan Gulnora esa¸ avvaliga bu hisobdagi pullarni olishga haqli deb ko‘rsatilgan Gayane Avakyanni¸ unga berilmagach¸ Alisher Ergashev va Shohruh Sobirovni Jeneva bankiga yuboradi.

Avakyannning ikki yuz millionga yaqin dollarni chiqarib olish so‘rovini rad qilgan Lombard Odier¸ Ergashev va Sobirov ayni talab bilan kelganda¸ moliyaviy politsiyaga xabar beradi va ular hibsga olinadi. Gulnora Karimovaning yugurdaklari¸ ko‘p o‘tmay uning o‘ziga qarshi Shveysariyada jinoiy ish ochilishiga¸ 2012 yilning 30 iyun kuni sodir bo‘lgan ana shu voqea asos bo‘ladi.

Shveysariya federal prokuraturasining moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha federal tergovchisi Patrik Lamon yetakchilik qilayotgan bu jinoiy ish hozirga qadar davom etmoqda¸ ishning qachon mahkamaga oshirilishi haqida hozircha rasmiy xabar yo‘q. Tergov bilan ko‘ngilli ravishda hamkorlik qilayotgan Behzod Ahmedovga qo‘yilgan ayblarning olib tashlangan-tashlanmagani haqida ham hozircha ma’lumot yo‘q.

Gulnora Karimovadan qochib¸ uning imperiyasi qulashiga xorijda huquqiy zamin yaratgan Behzod Ahmedovning¸ 2012 yildan beri Rossiya huquq tizimlari guvoh sifatida bergan xavfsizlik kafolati ostida hamon Rossiyada yashayotgani aytiladi.

Ayni paytda¸ Shveysariyada boshlanib¸ so‘ngra Shvetsiya¸ Fransiya¸ Hollandiya¸ Latviyaga ko‘chgan jinoiy ishlar yakuniga yetmay turib¸ bu ishlarga figurant bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ mahkama hukmi bilan qamoqqa tashlandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi joriy yil 27 iyulida e’lon qilgan rasmiy bayonotga ko‘ra¸ Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 168, 178, 182, 189, 228 va 243-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

XS
SM
MD
LG