Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:46

Toshkent yuridik kolleji o‘quvchisi ikki kursdoshini pichoqladi


6 oktabr kuni 1- sonli Toshkent yuridik kolleji talabasi 2 kursdoshini pichoqladi. Talabalardan biri voqea joyida jon berdi. Pichoqlangan yana bir talaba Toshkentdagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi. Militsiya ikki kursdoshini pichoqlagan kollej talabasini qidirmoqda. Chilonzor tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi, ya’ni qasddan odam o‘ldirish bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochdi.

Qotillik 6 oktabr kuni ertalab soat 10 lar atrofida kollej oshxonasida ro‘y berdi.

Bir talaba gap ustida talashib 2 kursdoshini pichoqladi.

Oqibatda kollejning 3- kurs talabasi Asadbek Parpiboev pichoq jarohatidan olamdan o‘tdi.

Rahmatilla Yorqoriev esa og‘ir ahvolda Toshkentdagi Shoshilinch tibbiy markazning reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi.

Militsiya kursdoshlarini pichoqlab qochgan kollej talabasini qidirmoqda.

Toshkent Yuridik kollejining voqea guvohi bo‘lgan talabalaridan biri pichoqlashuv tafsilotlarini Ozodlikka aytib berdi.

- Bugun ertalab kollej oshxonasida o‘tirgandik. Birdan baqir-chaqir bo‘ldi. Uchinchi kursda o‘qiydigan bolalar gap talashib qolishdi. Shu payt o‘quvchilardan biri oshxona pichog‘ini olib, kursdoshining soniga urgan, keyin yonidagi yana bir kursdoshiga pichoq tiqqan. Pichoq tig‘i arteriyasini yorvorgan. Qon fontan bo‘lib oqdi. U bola shu yerning o‘zida o‘ldi, deb aytishdi. Yana biri og‘ir ahvolda reanimatsiyada yotibdi, - dedi kollejning ismi sir qolishini istagan talabalaridan biri.

Voqea joyida Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi, prokuratura va Oliy va o‘rta ta’lim vazirligining kollejlar boshqarmasi rasmiylari taftish olib bormoqdalar.

Holat yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi, ya’ni qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kollej o‘quvchilari orasida pichoqlashuvga sabab bo‘lgan janjal nimadan kelib chiqqani ma’lum emas.

Kollej o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, bu o‘quvchilar orasida adovat ancha vaqtdan beri davom etib kelgan.

- Halok bo‘lgan bolaning otasi Rossiyada ishlaydi, o‘zi kamsuqum bola edi. Yaralangan bolaning ota-onasi ham juda oddiy odamlar. Hozir nimadan bu janjal kelib chiqqanini o‘rganyapmiz. Pichoqlagan bola qochib ketgan, qidirilyapti, - dedi kollej o‘qituvchisi.

Toshkentdagi 1- sonli Toshkent yuridik kollejidagi “vahshiyliklar” o‘tgan hafta O‘zbekiston telekanalida ham tanqid qilingan edi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston kollejlarida bir necha marta qotillik amalga oshirildi.

Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida shu yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Mart oyida esa Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkentdagi kollejlardan birining o‘quvchisini rashq sababli, oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan edi.

XS
SM
MD
LG