Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:53

Tuman hokimi paxta bo‘yicha selektor majlisida tergalgani ortidan hushidan ketib o‘ldi


Ulug‘nor tumani hokimi 57 yashar Asilbek Yusupov 5 oktabr kuni olamdan o‘tdi.
Ulug‘nor tumani hokimi 57 yashar Asilbek Yusupov 5 oktabr kuni olamdan o‘tdi.

Andijon viloyat, Ulug‘nor tuman hokimi 57 yashar Asilbek Yusupov 5 oktabr kuni olamdan o‘tdi. Tuman hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ 6 oktabrь kuni dafn qilingan Yusupov 3 oktabr kuni paxta yig‘im-terimiga oid viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov​ o‘tkazgan selektor majlisida hokim tomonidan tergalgani ortidan ish kabinetida og‘iz-burnidan qon ketib, yiqilib tushgan.

Ozodlik suhbatlashgan andijonlik vrachga ko‘ra¸ tuman hokimi gemorragik insult tashhisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyati filiali klinikasiga yotqizilgan. Vrachga ko‘ra¸ “koma holatida bo‘lgan Yusupov uch kun mobaynida IVL apparati (O‘pkada havo almashishini ta’minlaydigan uskuna) bilan ushlab turilgan".

Selektor yig‘ilishida qatnashgan fermerlardan birining iddaosicha, Ulug‘nor tuman hokimi 3- oktabr kuni selektor yig‘ilishida Shuhrat Abdurahmonov tomonidan qattiq haqoratlangan:

- Uni selektorda viloyat hokimi o‘ta nafsoniyatiga tegib haqorat qildi¸ dedi suhbatdosh. U hokimning og‘zidan chiqqan haqoratlarni aynan keltirdi, lekin Ozodlik odob talablaridan kelib chiqib, ularni bu matnda keltira olmaydi.

Ozodlik viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan bog‘landi. U Asilbek Yusupovning ismini eshitishi bilanoq, "majlisdaman", deb telefonini o‘chirib qo‘ydi. Abdurahmonov shuningdek Asilbek Yusupovning o‘limi borasida izoh so‘ralgan SMS maktubga ham javob bermadi.

Marhum tuman hokimining janozasida qatnashgan tuman hokimligi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ Yusupov tuman paxta yig‘im -terimini samarali tashkil qilish uchun keyingi ikki hafta mobaynida uzluksiz ishlab toliqib qolgan:

- O‘zi u kishining hokim bo‘lib ishlaganiga yetti oycha bo‘luvdi. Asilbek Akramovich shu yilning 22 fevralida Ulug‘norga hokim bo‘lib keluvdi. Tirishqoq va ishchan edi. Unaqa kasal bo‘lganini ham bilmaymiz. Paxta masalasidagi raqamlar borasida rahbarlardan e’tiroz bo‘ldi selektor paytida. O‘rnidan turib yurmoqchi bo‘ldi¸ keyin munkib ketdi. Tez doktor chaqirdik. Ammo kecha kechqurun o‘tib qoldi. Bugun peshinga chiqardik. Uch bolasi ortida qoldi rahmatlining, dedi suhbatdosh.

Andijon viloyat hokimligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 3 oktabr kuni Ulug‘nor tumanida paxta terimi hajmi kamaygan. Tuman 2 oktabr kuni 660 tonna 857 kg, 3 oktabr kuni esa, 543 tonna 700 kg paxta topshirgan.

Tuman hokimi lavozimida olamdan o‘tgan Asilbek Yusupov bundan oldin O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasini boshqarish departamenti direktori lavozimida ishlagan.

Туман ҳокими пахта бўйича селектор мажлисида тергалгани ортидан ҳушидан кетиб, ўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:23 0:00

Mulozimlar uchun halovatsiz kunlar

Ozodlik suhbatlashgan hokimlik mulozimiga ko‘ra, tuman hokimi keyingi paytda ancha toliqib qolgan edi.

- Toshkentda vazirlikda bir maromda ishlab yurgan odam tuman hokimligidagi tig‘iz rejimga dosh bera olmadi. Bu tig‘iz rejimni viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shaqbaevich talab qilyapti. Kerak joyida tergaydi. Paxtani yig‘ib-terib olish davlat ahamiyatidagi ishku?! deydi suhbatdosh.

Stressmi yoki paxta jonbozligi?

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon viloyat filialida ishlaydigan doktorning Ozodlikka aytishicha, gemorragik insult organizm toliqishi va stress oqibatida yuzaga keladigan kasallikdir.

Ulug‘nor tuman hokimi hushidan ketgan selektor majlisida qatnashgan fermerning Ozodlikka aytishicha¸ viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov qattiq gapirgan:

- Hammaning og‘zida shu, Ko‘shaqboevich xokimning boshini edi, deyishyabdi. O‘sha kuni Ulug‘nor hokimi adresiga rosayam qattiq gaplar bo‘ldi. Tuman hokimi 24 emas¸ 25 soat ishlasin, dedi. Qo‘shaqboevich gapiga kirmaganlarni bir og‘iz gap bilan organlarga jinoiy ish fabrikatsiya kilib, qamab tashlashyabdi. Mulozimlarga ikkita yul bor: yoki qamoq, yoki 25 soat ishlab o‘lish, deydi fermer.

Majlislarda haqoratlangani ortidan mulozimlarning kutilmaganda vafot etgani to‘g‘risida Ozodlik avval ham bir necha bor xabar qilgan.

Qashqadaryo viloyat, Nishon tuman hokimi Asror Jo‘raev joriy yil 10 iyulda bo‘lib o‘tgan tuman faollari yig‘ini paytida 53 yashar mashina-traktor parki rahbari Muzaffar Chorshanbievni "singlingi...," deb haqorat qilgan va haqoratlangan kichik rahbar ayni kuni kasalxonaga tushib, yurak xurujidan jon taslim qilgan edi.

Hokimlarning mulozimlarga qo‘l ko‘tarishi masalasi joriy yil sentyabrida ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lgan, o‘shanda Sayxunobod tuman hokimi tumandagi maktablarning direktorlarini yig‘ib, ularni bir qatorga tergan holda kaltaklagani tasvirlangan video tarmoqda qizg‘in muhokama qilingan edi.

XS
SM
MD
LG