Линклар

O‘zbekistonda 2008 yilda tovlamachilikda ayblanib, 10 yilga qamalgan muxolifatdagi "Erk" demokratik partiyasi faoli va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan "Mazlum" inson huquqlari tashkiloti rahbari bo‘lgan A’zam Turg‘unov 7 oktabr kuni qamoqdan ozod etilgan. Bu haqda Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti ma’lum qildi. Turg‘unov qamalishidan oldin mahalliy kuch tizimlari munosabatidan norozi fuqarolarning mahkama ishlarida qatnashib, ularga huquqiy yordam ko‘rsatib kelgan.

66 yoshli A’zam Turg‘unovning qamoqdan ozod etilgani haqda dastlab Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otaeva ma’lum qildi.

- Do‘stlar, hushxabar, A’zam Turg‘unov ozooood bo‘ldi, - deb yozdi Otaeva Facebook sahifasida.

"Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti faoli Abdurahmon Tashanov esa o‘z Facebook sahifasida qamoqdan ozod bo‘lgan Turg‘unov bilan birga tushgan videoni e’lon qildi.

So‘nggi bir hafta ichida O‘zbekistonda uch nafar siyosiy mahbus ozod etildi.

4 oktabr kuni o‘zbekistonlik jurnalist Solijon Abdurahmonov 9 yilu 4 oylik qamoq ortidan Qarshi shahridagi Shayxali qamoqxonasidan ozod etilgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

67 yoshli Solijon Abdurahmonov 9 yil 4 oylik qamoq ortidan 4 oktyabrda ozod bo‘ldi.
67 yoshli Solijon Abdurahmonov 9 yil 4 oylik qamoq ortidan 4 oktyabrda ozod bo‘ldi.

Abdurahmonov ozod etilishidan bir kun avval esa jizzaxlik huquq faoli A’zam Farmonov "Jasliq" qamog‘idan uyiga qaytgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi jurnalist Solijon Abdurahmonov, inson huquqlari faoli Farmonov va boshqa mahbuslarning ozod etilishini olqishladi.

"Amerika Qo‘shma Shtatlari jurnalist Solijon Abdurahmonovning ozod etilishini olqishlaydi. Bu kuni-kecha inson huquqlari faoli A’zam Farmonovning ozod etilishidan so‘ng ko‘p o‘tmay yana bir uzoq muddatga qamalgan vijdon tutqunining ozod etilishidir. Janob Abdurahmonov 2008 yilda qamalgan edi. Qo‘shma Shtatlar va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar Abdurahmonovning jurnalist sifatida ijtimoiy-iqtisodiy adolat, korruptsiya va inson huquqlari masalalariga oid olib borgan salmoqli faoliyatini e’tirof etgan. Umid qilamizki, ushbu ochiqroq yondashuv davom etadi hamda O‘zbekiston hukumati jurnalist va faollarga taalluqli bo‘lgan barcha masalalarga O‘zbekiston konstitutsiyasi va huquqiy talablarga muvofiq ravishda echim topadi. Qonun ustuvorligini ta’minlash Prezident Mirziyoevning O‘zbekistonda inson huquqlariga oid xalqaro andozalarni ta’minlashga bo‘lgan sadoqatini mustahkamlaydi. Biz keng ko‘lamli siyosiy, ijtimoiy va inson huquqlari sohasiga oid islohotlar sari olg‘a siljish davom etishiga umid qilamiz", - deyilgan 4 oktabr kuni AQSh elchixonasi rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda.

XS
SM
MD
LG