Линклар

Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev barcha davlat va xususiy tashkilotlar xodimlarini yotog‘i bilan ommaviy paxta terimiga safarbar qildi. Hokim selektor majlisida bu haqda gapirar ekan, hatto ish o‘rnini qoldirishi mumkin bo‘lmagan tashkilotlar xodimlariga o‘z o‘rniga odam yollab chiqarishni buyurdi. Bunday holat prezident Shavkat Mirziyoevning O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berildi, deb BMT minbaridan turib aytgan gaplaridan so‘ng sodir bo‘lmoqda.

Ozodlik Samarqand hokimi Turobjon Jo‘raev o‘tkazgan selektor majlisining audioyozuvini qo‘lga kiritdi.

Hokim majlisda barchani senlab gapirar ekan, paxtaga ommaviy safarbarlik haqida qat’iy buyruq beradi:

“Barcha tuman va viloyat tashkilotlari, menga birortang bahona qilmaysan, birortangni gapingni ham eshitishni istamayman. Bugundan boshlab xodimlaringni ommaviy safarbarlikka chiqarasan. Hammasi yotoqqa chiqadi”, deydi Turobjon Jo‘raev.

Hokim tadbirkorlarning o‘zlariga paxta terishni yoki o‘rniga mardikor sotib olishni buyuradi:

“Departament vakillari hokimlar bilan birgalikda o‘zimizning hududlarda joylashgan tadbirkorlarni yig‘ib, ana o‘shalarning o‘zidan odam chiqaradi. Tadbirkorlar xohlasa o‘zini xotini bilan chiqib tersin, xohlamasa mardikor sotib olib, o‘rniga olib chiqsin. Yotoqqa olib chiqsin va paxtani tersin”, deydi Turobjon Jo‘raev.

Hokim majlisda gapirar ekan, barcha tashkilotlar vakillarini birma-bir turg‘izib, paxtaga kam odam chiqarayotgani uchun koyidi va paxtani “kattaxolasi” terib bermasligini uqtiradi:

“Don korxonalaridan chiqarasan, hammani paxtaga. Mana senda 10711 nafar xodiming bor, lekin bor-yo‘g‘i 1550 nafar chiqyapti. Ertaga yoppasiga yotoqqa chiqadi hamma. Qani borib joylashib olsin, termay ko‘rsinchi. Paxtani men kim bilan teraman, kattaxolam bilan teramanmi?", deydi hokim mas’ul rahbarga.

Turobjon Jo‘raev, ayniqsa, bank xodimlarini qattiq tergaydi:

“Kerak bo‘lsa, sotma valyutangni, ishim yo‘q meni. Yuz foiz olib chiqasan. O‘zing qoladigan bo‘lsang, o‘rningga odam olib chiq, deb aytdim, senlarga. Pogolovna, kallang bilan javob berasan, mana shu iqtisodiyot kompleksiga. 3212ta odaming bor, chiqadi hammasi. Oila a’zosi bor, boshqasi bor. Bankda ishlayman desa, chiqadi. Bo‘lmasa ketsin, davlatning bankida ishlamasin. Hammang tushundingmi, sen bankirlar”, deydi hokim.

Viloyat hokimi majlis boshida "xalq ta’limi va sog‘liqni saqlashdan boshqa hammasi paxtaga chiqadi", degan edi. Lekin, majlis yarmida, Samarqand viloyati Davlat sanitariya va epidemiologiya markazi xodimlarini sog‘liqni saqlash tizimida ishlashini yoki unutib qo‘ydi, yoki bularning ishini muhim deb hisoblamadi. Hokim DSEM xodimlarini ham yoppasiga paxtaga haydadi:

“Viloyat sanitariya epidemiologiya markazi. Menga qarang, 220ta odamingizni to‘liq olib chiqasiz. Birortasi ham qolmaydi. 20 kunga hech kim o‘lib ketmaydi, hamma yoqni epidemiya bosib ketmaydi. Tushunarlimi, bittang ham qolma!”, dedi hokim.

Viloyat hokimi rahbarlarga aql bilan ishlashni maslahat berar ekan, “o‘zing chiqmasang o‘rningga odam yolla” deb maslahat berdi:

“Qayta-qayta aytyapman. Aql bilan ishlaylik. Mana, masalan, bank. Bankda uchta-to‘rtta xodim bor, tegib bo‘lmaydi ularga. U paxtaga chiqishi kerak emas, lekin o‘rniga odam beradi. Oilasi a’zosi chiqadimi, borib birorta mardikorni oladimi, eto tvoy problema. Hammangni taqdiring o‘zing qo‘lingda”, dedi Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘raev.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev BMTda qilgan chiqishida majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida baнщnot bergan edi.

Biroq, prezident gaplarining siyohi hali qurimay turib, paxta terimida majburiy mehnat yana avvalgiday joriy qilinayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

Ozodlikning bu masalaga munosabat olish uchun Samarqand viloyati hokimligi bilan bog‘lanishga qilgan bir necha urinishlari samara bermadi.

XS
SM
MD
LG