Линклар

Шошилинч хабар
18 ноябр 2019, Тошкент вақти: 21:59

Jurnalist Bobomurod Abdullaev ishi doirasida 3 kishi qo‘lga olindi


Rovshan Solaev va Shavkat Olloyorov

“Hokimiyatni fitna yo‘li bilan bosib olish” va “O‘zbekistonda inqilob” qilishni rejalashtirganlikda gumon qilinayotgan 44 yashar jurnalist Bobomurod Abdullaevning ishi yuzasidan keyingi 10 kun ichida o‘nga yaqin kishi guvoh sifatida so‘roq qilingan va 3 kishi qo‘lga olingan. 27 sentabr kuni yo‘qolganidan uch kun o‘tib, Abdullaevning daragi, MXX hibsxonasidan chiqqan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi jurnalistni ehtiyot chorasi sifatida hibsda ushlash haqida 1 oktabr kuni ajrim chiqargan​.​

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 9 oktabr kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Qo‘lyozmalar instituti tadqiqodchisi 27 yashar Akrom Malikov Bobomurod Abdullaev bilan yuzlashtirish uchun MXXning Gvardeyskiy tergov hibsxonasiga olib kelingan.

Akrom Malikov
Akrom Malikov

Ma’lum bo‘lishicha, Akrom Malikov 2016 yilning 22 iyulida qo‘lga olingan. Bu haqda Ozodlikka uning yaqinlari aytdi.

Ularning aytishicha, Toshkent viloyat, Pskent tumanilik Akrom Malikov bundan 1 yil muqaddam qora maska kiygan MXX tezkor guruhi tarafidan olib ketilgan va yaqinlariga bu haqda jim yurish buyurilgan. Yaqinlariga Akrom Malikovning aynan nimada ayblangani shu kungacha aytilmagan.

Malikovni yaqindan bilgan sharqshunos olimning aytishicha, Malikov Abdulloh Nusrat taxallusi ostida Internetda e’lon qilgan maqolalari ortidan qamoqqa olingan. Bu maqolalarda muallif O‘zbekistondagi boshqaruv usulini va rahbarlarni tanqid ostiga oladi.

Bir yil mobaynida Malikov hibsga olinganini yashirib kelgan yaqinlari Bobomurodning zimmasiga yuklanayotgan ayblovga oid xabarlarni eshitgach, sukutni buzishga qaror qilishdi.

- Akrom ana chiqadi, mana chiqadi, deb aldab kelishdi. Endi Akromning zimmasiga og‘ir ayblar qo‘yilar ekan, biz jim tura olmaymiz, dedi Malikovning yaqinlaridan biri.

Gulnoranining bog‘boni?

1 oktabr kungi sud ajrimida¸ Bobomurod Abdullaevning Usmon Haqnazarov taxallusi bilan yozgan maqolalari uchun ma’lumotlarni “qo‘riqlanadigan davlat amaldorlari”ga yaqin bo‘lgan Ravshanbek Salaev va Shavkatjon Olloyorovlardan olgani aytilgan..

Inson huquqlari faoli Sur’at Ikromovga ko‘ra¸ bu ikki fuqaro 28 sentabr kuni MXX tezkor guruhi tarafidan qo‘lga olingan.

- Bobomurodni 27 sentabrda o‘g‘irlab ketishgan bo‘lsa¸ oradan bir kun o‘tib¸ MXX xodimlari Salaev va Olloërovning uyiga qora maskada bostirib kirib¸ ularni ham olib ketgan. Bu ikkala xorazmlik yigitning yaqinlariga ko‘ra¸ shundan beri ularning taqdiriga oid biror ma’lumot berilmagan. Ular ham MXX hibsxonasida tergov qilinmoqda. Bu ish bo‘yicha yana qancha odamning hisbga olinganini hozircha aniqlashning imkoni yo‘q¸- dedi Ikromov.

Ravshanbek Salaev va Shavkatjon Olloërovlarni yaqindan taniganlar bilan suhbat asnosida Ozodlik muxbiri ularning O‘zbekistondagi muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lishganini aniqladi.

Ravshanbek Solaev
Ravshanbek Solaev

Bobomurod Abdullaevga ma’lumot berib turganlikda ayblangan Ravshanbek Solaev O‘zbekiston shou-biznesi va boshqaruv elitasi ichida ancha ta’sirli shaxs bo‘lgan. Uni yaqindan tanigan va ismi atalmasligi sharti bilan gapirgan estrada xonandasiga ko‘ra, Solaev ko‘plab qo‘shiqchilarni qo‘llab-quvvatlagan.

Asli kasbi agronom bo‘lgan Solaev bir muddat hozir hibsdagi Gulnora Karimovaning uylarida landshaft dizayni bilan shug‘ullangan. Solaevning Toshkentda va chet elda bir nechta do‘konlari bor.

Solaevni yaqindan taniganlar uni dunyoviy demokratik jamiyat qurish tarafdori bo‘lgan tadbirkor sifatida ta’riflashdi. Ozodlik tasarrufidagi fotosuratlarda Solaev o‘zbekistonlik madaniyat va san’at arboblari hamda mulozimlar bilan yonma-yon turganini ko‘ramiz.

Solaevning yaqinlariga ko‘ra, u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 162-moddasi ya’ni “davlat sirlarini oshkor qilish” da gumonlanmoqda. Ayni paytda bu ayblov aks etgan hujjat Ozodlikda yo‘q.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod sudining 1 oktabr kungi ajrimida Solaevning "hokimiyatni noqonuniy yo‘l bilan bosib olishda ishlatilishini bilganlari holda Bobomurod Abdullaev uchun, uning topshirig‘i bilan materiallar to‘plagani va unga yetkazib turgani” aytiladi.

Solaevning yaqinlari esa, ayblovnining absurd ekani va oddiy tadbirkorning davlat sirlariga daxli yo‘qligini aytishdi. Yaqinlarining ishonishicha, Solaevning Bobomurod bilan bir qishloqdan ekanligi uning qamalishiga sabab bo‘lgan.

Mulozimlarning restorandagi oshkoraligi

Bobomurod-Haqnazarov ishi bo‘yicha qo‘lga olingan uchinchi figurant Toshkent va Toshkent viloyatidagi qimmat restoranlar egasi Shavkatjon Olloyorovdir. Uni yaqindan bilgan mulozimga ko‘ra, Xorazmdagi turk litseyini bitkazgan Olloyorov Toshkentda usluban yangi bo‘lgan restoranlar tizimini yaratib, biznes-muvaffaqiyatga erishgan.

- Pelete¸ "Pavlin-mavlin"¸ "Hazrati Ali buva" restoranlari Ollorovga oid. Bu restoranlarda shou-biznes vakillari bilan birgalikda yuqori martabali mulozimlar ovqatlangan¸ deydi Olloyorovni yaqindan bilgan mulozim. Unga ko‘ra, restoranlar egasi bo‘lgan Olloyorov ham davlat sirlariga daxldor bo‘lmagan:

- Davlat siriga daxldorlik degan holat bor. Agar organda yoki hokimlikda ishlasangiz sizga ba’zi hujjatlarga dostup beriladi. O‘sha paytda bu mulozimlar davlat sirini oshkor qilmaslik haqdagi majburiyatni olishadi. Agar ular bu galarni restoranda valaqalab aytib qo‘ygan bo‘lsa¸ e’tiroz restoran egasi Olloyorovga emas, o‘sha sirni tarqatgan mulozimga bo‘lishi kerak, deydi suhbatdosh.

1 oktabr kungi sud ajrimida Olloyorov "qo‘riqlanadigan shaxslar, yirik ishbilarmonlar va O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari rahbariyatiga kirish imkoniga ega bo‘lgan" shaxsligi aytilgan.

Olloyorovni yaqindan bilgan mulozim bu ayblovni yanglish deb atadi. Unga ko‘ra huquq-tartibot idoralarining rahbar tarkibi Shavkat Olloyorov ishlaydigan restoranga kelib turgan.

10 ga yaqin kishi guvoh sifatida chaqirtirildi

Maqolani yozish asnosida o‘nga yaqin guvoh Bobomurod Abdullaevning ishi bo‘yicha guvoh o‘laroq so‘roq qilinib, qo‘yib yuborilgani ma’lum bo‘ldi. (Ularning ismlari Ozodlikda mavjud)

Ular ham Bobomurod Abdullaev-Usmon Haqnazarovga ma’lumot yetkazib berish borasida so‘roqqa tutilgan.

Журналист Бобомурод Абдуллаев иши доирасида 3 киши қўлга олинди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:50 0:00

Bobomurod Abdullaevning onasiga o‘g‘li bilan uchrashishga ruxsat berilmadi

Ozodlik MXX yerto‘lasida qolayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaevning xotini Katya Balxiboeva bilan, uning telefoni kun davomida o‘chiq bo‘lgani uchun, bog‘lana olmadi. Lekin juma, 6 oktabr kuni Xorazmdan Toshkentga kelgan Bobomuodning onasiga o‘g‘li bilan uchrashishga ruxsat berilmagan.

O‘tgan hafta Katya Balxiboeva MXX tergovchisi podpolkovnik Nodir To‘raqulov tarafidan “matbuotga gapirmaslik” haqida “tavsiya” olganligini huquq himoyachilariga aytgan edi.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov Bobomurod Abdullaev ushlanganidan buyon uning ahvoli haqida biror ma’lumot yo‘qligini bildirdi:

- Buni bilishning yo‘li mahbusning oldiga mustaqil advokatni qo‘yishdir. Lekin bular Bobomurodning yaqinlariga mustaqil advokat yollashiga bosim orqali yo‘l bermayapti. Ishni olishi mumkin advokatlarga litsenziyangdan ajraysan¸ deb tahdid qilashayapti. Davlat tomonidan tayinlangan advokatning hech ish qilmasligi hammaga ma’lum. Shuning uchun tergov qanday borayotgani¸ Bobomurodning hozirgi ahvoli haqida umuman ma’lumot yo‘q¸- degan edi Ikromov o‘tgan haftada.

Huquq faoli¸ Abdullaev ishining bu qadar yopiqligi O‘zbekiston qonunchiligi hamda xalqaro standartlarga mutlaq zidligini ta’kidlaydi:

- Bu "159 lar" bilan doim shunaqa bo‘lib kelgan. Ammo Bobomurod Abdullaev ishi shov-shuv bo‘lgani¸ unga e’tibor kuchliligidan kelib chiqib¸ MXX tergovda uning oilasi yollagan advokat qatnashishiga ruxsat bersa kerak¸ deb o‘ylagandim. Ammo bunday bo‘lmadi. Tergovning bu qadar yopiq¸ advokatsiz o‘tkazilishi O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksiga mutlaq ziddir¸ degan edi huquq faoli o‘tgan haftada.

XS
SM
MD
LG