Линклар

Шошилинч хабар
12 ноябр 2019, Тошкент вақти: 02:54

“Prezidentning yangi farmoni fermer ustidan nazoratchilarni ko‘paytiradi!”


Prezident Shavkat Mirziyoev Surxondarëda fermer chol bilan uchrashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoevning fermer¸ dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatiga oid 9 oktabr kungi yangi farmoniga munosabat bildirgan o‘zbekistonlik fermerlar fikricha, bundan buyon fermerning hayoti yanada og‘irlashadi.

Fermerlar Bosh vazir sifatida 13 yil qishloq xo‘jaligi sohasini bevosita boshqargan Mirziyoevning so‘nggi farmonidan bu tarmoqni falaj qilib kelayotgan fundamental muammolar echimiga eltuvchi asos topmaganlarini afsus bilan qayd etishdi.

Farmon mazmuniga o‘tishdan oldin, e’tiboringizni qashqadaryolik bir fermerning aytganlariga qaratmoqchimiz.

Koson tumanidagi “Serhosil Jizzax dalasi” fermer xo‘jaligi egasi Maxmanazar Abdurahmonov¸ o‘zi va o‘zi kabi oddiy fermer-dehqonning birlamchi muammosi hokimiyat va nazorat tizimlari bedodligi va bosimidan himoyalanmagani ekanini aytadi:

- Menga 2016 yilning 11 yanvar kuni Koson tuman hokimi jami 32 gektar yerni 49 yilga ijaraga berish haqidagi shartnomani hujjatlashtirib¸ qaror chiqarib berdi. Men 94 tonna paxta topshirish majburiyatini zimmamga olib¸ ishga kirishdim. Paxtazavod bilan shartnoma qildim¸ selxozximiya bilan qildim¸ MTT bilan¸ yagona darcha¸ soliq¸ hamma ishimni qilib¸ chigit qo‘yib¸ paxta ekib¸ paxtalarimni qatorlab¸ kultivatsiya qilaman¸ desam¸ 5 may kuni menga bu yer sandan ketgan¸ deb qo‘ymayapti. Hokim o‘z qarorini o‘zi bekor qilib¸ menga berilgan yerni rayondagi eng boyvachcha qassobga beribdi. Ha emish¸ men tenderga noto‘g‘ri hujjat topshirganmishman¸ shunga viloyat prokurori protest kiritib¸ yerni mendan boshqaga olib beripti¸ deydi prezident Shavkat Mirziyoevga videoshikoyat bilan murojaat qilgan kosonlik fermer.

Фермердан мурожаат
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:03 0:00
Бевосита линк

Prezidentning 9 oktabr kungi farmoni haqidagi yangilikni mahalliy televideniedan eshitganini aytgan Maxmanazar Abdurahmonov¸ “fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish” qog‘ozdan amalga ko‘chmay kelayotgani va yangi farmondan keyin ko‘chish ko‘chmasligini o‘z taqdirida sinovdan o‘tkazishini aytadi.

Prezidentning ustuvor yo‘nalishlaridan fermerning ustuvor yo‘nalishiga joy topilmadi

Prezidentning 5199-sonli yangi farmoni “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” dir.

Farmondan maqsad¸ ”dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda, tizimda bozor mexanizmlarini joriy etishda, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirishda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini barqaror oshirib borishda hamda yer maydonlaridan samarali foydalanishda qator muammo va kamchiliklar”ga barham berishdir.

Bu maqsadga erishish uchun farmonda belgilangan yetti ustuvor yo‘nalish bilan tanishgan toshkentlik paxtachi fermer¸ undan o‘zi kabi fermerlar eng muhim deb bilgan yo‘nalishni topmaganini aytadi.

“O‘zbekistonlik fermerga suv bilan havodek zarur narsa bu erkinlik¸ yerga haqiqiy ega bo‘lish. Hokimlar qaror chiqarib¸ buncha yerga mana buni ekasan¸ deydi. Ek degan narsasi to‘g‘ri kelmaydi¸ to‘g‘ri keladigan narsani ektirmaydi. 30 yilga ijaraga berilgan bo‘lsa¸ nima ekishni hokim belgilaydi¸ reja qanchaligini hokim belgilaydi¸ qaerga berishimizniyam hokim belgilab beradi. Paxta bilan g‘alladan boshqa narsani ekolmaymiz. Eksak¸ prokuraturani xohlagan paytida tashlab¸ yerni tortib oladi. Qog‘ozda fermerning go‘yo haqqi himoyalangan¸ amalda esa hech vaqo yo‘q”¸ deydi shaxsi sir qolish sharti bilan prezident farmonini sharhlagan Toshkent viloyatining paxtakor tumanidagi fermerlardan biri.

“Hukumat dehqon-fermerga mana senga yer¸ qani nima qilmoqchisan¸ nechta odamga ish berasan¸ davlatga qancha soliq to‘laysan¸ byudjetga qancha kirim keltirasan¸ desinda¸ qolganini bizga qoldirsin. Davlatning ham¸ bizning ham maqsadimiz foyda olish¸ manfaat ko‘rish. Fermerda manfaat bo‘lmagandan keyin¸ uni faqat hozirgidek tayoq bilan¸ qo‘rquv bilan ishlatish mumkin¸ xolos”¸ deb davom etadi bu fermer.

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan buxorolik fermerga ko‘ra¸ prezident qishloq xo‘jaligini isloh qilishni fermerni ma’muriy bosim ostida ishlatishdan ko‘rilayotgan daromadni o‘zlashtirayotgan monopolist tizimlarni bekor qilishdan boshlashi lozimligi¸ ammo 9 oktabr kungi hujjatda buning asari ham yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘lganini aytadi.

Farmon bilan tanishgan bu va boshqa fermerlar¸ unda fermerlar faoliyati samaradorligini kuzatib¸ muhokama qilib¸ baho beruvchi nazorat tizimlarining yanada kuchaytirilganidan xavotir bildirdilar.

“Fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagan”i tanqid etilgan farmonga ko‘ra¸ 2018 yil hosilidan boshlab¸ erdan samarali foydalanish ahvolini tekshirish jarayoniga endi senatorlar ham jalb etiladi.

“Buni men ma’muriy bosim yanada kuchayadi¸ deb tushundim. O‘zi shundoq ham melisa¸ prokuratura¸ Toshkentdagi vazirlik va tashkilotlardan biriktirilgan dehqonchilikdan xabari yo‘q amaldor-vakillar unday qil¸ bunday qil¸ deb tinkamizni quritayotgan edi. Endi ular yoniga senatorlar ham qo‘shiladigan bo‘lsa¸ umrimiz majlis va hisob berishga ketarkanda! Shundoq ham boshimiz selektor majlislaridan¸ prokuror va hokimning eringni olib qo‘yaman degan tahdidlaridan chiqmay qolgandi. Endi battar bo‘ladi shekilli”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan vodiylik fermer.

“Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tashkil etish yaxshi fikr”

Uzoq yillar O‘zbekiston qishloq xo‘jalik sohasi boshqaruvida ishlagan agronom Ahmad Xorazmiy ham Ozodlik so‘rovi bilan prezidentning 9 oktabr kungi farmonini o‘qib chiqdi.

Bu mutaxassis¸ farmondagi muhim jihat sifatida o‘z e’tiborini “ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari” tashkil etish g‘oyasi tortganini aytadi.

Farmonda fermer xo‘jaliklarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolayotgani tanqid qilinib¸ garchi ijro mexanizmi tilga olinmasa-da¸ ularning qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulotlarni sotish va xizmatlar ko‘rsatish kabi ko‘p tarmoqli faoliyatini yo‘lga qo‘yishi zarurligi tilga olinadi.

Ahmad Xorazmiy bunday tajribani o‘zi o‘tmishda amalda sinab ko‘rgani va uni bugun qayta tiklash fikrini qo‘llab-quvvatlashini aytadi:

- Men bunga qo‘shilaman. Dehqon-fermer avval faqat xom ashyo sotgan bo‘lsa¸ endi tayyor mahsulot sotishga o‘tishi mumkin. Bundan ularning oladigan daromadi ham¸ o‘z ishiga qiziqishi ham ortadi. Buni biz 80-yillarda qilganmiz. Konserva zavod qurdik¸ sutni separatdan o‘zimiz o‘tkazdik¸ paxtani chigitdan ajratib¸ kunjara va yog‘ chiqardik. Bularni qilsa dehqon-fermer boyishi mumkin¸ deydi Ahmad Xorazmiy.

Ayni paytda bu suhbatdosh¸ fermerning bunday ko‘p tarmoqli kompleks yaratishi uchun unga qisman bo‘lsa-da erkinlik berish zarurliginini ham e’tirof etadi.

XS
SM
MD
LG