Линклар

Шошилинч хабар
20 ноябр 2019, Тошкент вақти: 07:38

Putin Sochida MDH va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitlariga mezbonlik qildi


Sobiq sovet respublikalari rahbarlari 11 oktabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YII) sammitlarida ishtirok etish uchun Rossiyaning Sochi shahrida to‘plandi.
Rossiya prezidenti biryo‘la ikkita tashkilot zirvasiga mezbonlik qildi.

Moskva ushbu tashkilotlar yordamida mamlakatining mintaqadagi ta’sirini saqlab qolishga harakat qilmoqda.

Biroq Sovet Ittifoqi inqirozga yuz tutgandan beri o‘tgan 26 yil mobaynida uning o‘rnida yuzaga kelgan yangi davlatlar o‘rtasida manfaatlar ziddiyati barham topmayapti.

Joriy yildagi zirva Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlar taranglashgan paytga to‘g‘ri keldi.

Qirg‘iziston hukumati qo‘shni Qozog‘istonni 15 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga aralashayotganlikda
ayblamoqda.

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaev 9 oktabr kuni Sochiga safarini bekor qildi.

Bunga saylov kuni chetdan mablag‘ bilan ta’minlanadigan
tartibsizliklar uyushtirilishi mumkinligiga oid xavotirlar sabab bo‘ldi.

Bu haqda prezident devoni xabar tarqatdi.

Atambaev Qozog‘istonni hokimiyatdagi partiyaning bosh muxolifi O‘murbek Babanovni qo‘llab-quvvatlashda ayblab chiqqan va prezident Nursulton Nazarboevni u bilan sentyabrda uchrashgani uchun tanqid qilgan edi.

10 oktyabrь kuni Putin Tojikiston va Moldova prezidentlari Emomali Rahmon va Igor Dodon bilan alohida-alohida uchrashdi.

Dodon rossiyaparast siyosatchi sifatida tanilgan va Putinni tez-tez maqtab turadi.

Uning bunday siyosati mamlakatining yevropaparast hukumati siyosatiga mutlaqo ziddir.

MDH sammiti 11 oktabr kuni boshlanishidan oldin Putin Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi va u Rossiya prezidentining tug‘ilgan kuniga Markaziy Osiyo cho‘pon kuchugi – alabayning bolasini sovg‘a qildi.

7 oktabr kuni 65 yoshga kirgan Putinning 2018 yili mart oyida bo‘lib
o‘tadigan prezident saylovida yana qatnashishi kutilmoqda.

Putin Berdimuhamedovga zirvada qatnashgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uning tashqi denyodan deyarli uzilib qolgan mamlakati betaraflik siyosati yuritadi va MDHga to‘liqsiz, ya’ni assotsiativ a’zo hisoblanadi.

Putin zirva oldidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan ham uchrashdi.

Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston MDHga a’zo davlatlardir.

Ammo Litva, Latviya va Estoniyadan iborat Boltiqbo‘yi mamlakatlari hech qachon ushbu tashkilotga a’zo bo‘lgan emas.

Gruziya 2008 yili Rossiya bilan mojarodan so‘ng MDHdan chiqib ketdi.

Ukraina ayni tashkilotga assotsiativ a’zodir, biroq uning g‘arbparast rahbarlari Rossiya 2014 yili Qrimni bosib olgandan va Ukraina g‘arbidagi ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlashni boshlagandan so‘ng MDH ishlarida qatnashmay qo‘ydi.

11 oktabr kuni MDH sammiti tugagach, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiya rahbarlari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining Oliy iqtisodiy kengashi majlisida ishtirok etdi.

XS
SM
MD
LG