Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:01

Poezdda Sirdaryoga majburan paxtaga yuborilgan maktab xodimining o‘ligi keldi


Andijon vokzali. Poezdda hasharchilar Toshkent viloyatiga jo‘natilyapti. 2017 yil, 14 oktabr.
Andijon vokzali. Poezdda hasharchilar Toshkent viloyatiga jo‘natilyapti. 2017 yil, 14 oktabr.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanidagi 18-umumta’lim maktabining qorovuli Abdurahim Xudoyqulov paxta dalasida jon berdi. Xudoyqulov o‘limining sabablarini rasmiylardan surishtirgan mahalladoshlarning aytishlaricha, go‘yoki u qon bosimi tushib ketib, vafot etgan. So‘nggi ikki haftada Farg‘ona viloyatidan qariyb 17 ming nafar hasharchi ixtiyoriy-majburiy tarzda vagonlarda Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonga paxta terimiga olib ketilgan edi.

Yozyovon tumanining Qatortol qishlog‘idagi 18-umumta’lim maktabining 54 yashar qorovuli Abdurahim Xudoyqulov 12 oktabr kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida paxta terimidan qaytgandan so‘ng vafot etdi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan marhum mahalladoshlaridan birining aytishicha, u paxtaga majburan jo‘natilgan:

“Abdurahim aka maktabda qorovul bo‘lib ishlardi. Hokim va maktab direktorining buyrug‘iga ko‘ra ular ko‘rpa-to‘shagi bilan poezdda Sirdaryoga ketgan edi. Mahalladoshlarimiz uning jasadini olib kelishdi. Ulardan biri bilan gaplashganimda, go‘yoki paxta terimidan so‘ng shiyponga qaytib kelganidan so‘ng, jon bergan ekan”, dedi qatortolliklardan biri.

Поездда Сирдарёга мажбуран пахтага юборилган мактаб ходимининг ўлиги келди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:31 0:00
Бевосита линк

Ismi sir qolishini so‘ragan 18-maktab o‘qituvchilaridan biri marhumni yaxshi bilganini aytar ekan, uning hech qanday og‘ir kasallik bilan og‘rimaganini aytadi:

“Direktor majbur qildi paxtaga borishga. Hech kim o‘z ixtiyori bilan ketgani yo‘q. Abdurahim aka ham ishdan haydamasliklari uchun majbur ketgan. To‘rt muchasi sog‘lom odam edi. Kecha yaqin qarindoshlari bilan gaplashdim. Hech qachon qon bosimidan yoki yuragidan shikoyat qilmagan ekan”, dedi o‘qituvchi.

Yozyovon tumani hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, maktab qorovuli Abdurahim Xudoyqulovning Sayxunobod tumanidagi paxta terimida vafot etganini tasdiqladi, lekin uning o‘limi sabablaridan xabari yo‘qligini aytdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan yozyovonlik mahalla faollaridan birining aytishicha, hokimiyat uyushmagan aholini paxta terimiga jalb qilolmagani uchun tashkilot va korxonalar ishchi-xodimlarini majburan boshqa viloyatlarga paxta terimiga jo‘natyapti:

- Haqiqatdan ham, yuqoridan paxta qattiq talab qilinyapti. Bekorchi odamlarni jo‘natinglar deyapti, lekin bekorchi odamlarni jalb qilish qiyin bo‘lyapti. Shuning uchun mahalliy hokimiyatlar ishli odamlarni majbur qilyapti, chunki ular ishini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqadi. Bog‘cha, maktablar texnik xodimlar hisobidan odam jo‘natyapti, dedi mahalla faoli.

Ozodlikning O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasida ishlaydigan manbasidan olgan ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta davomida Farg‘ona viloyatidan 16700, Namangan viloyatidan 1900 va Surxondaryo viloyatidan 14900 nafar hasharchi paxta terish uchun Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax viloyatlariga maxsus poezdlarda yuborilgan.

O‘zbekistonda shu paytgacha o‘n minglab hasharchilarni ommaviy ravishda boshqa viloyatlarga poezdlarga olib borish kuzatilmagan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev BMTda qilgan chiqishida majburiy mehnatga batamom barham berilgani haqida bayonot bergan edi.

Biroq, prezident gaplarining siyohi hali qurimay turib, paxta terimida majburiy mehnat yana avvalgidan kuchliroq tarzda joriy qilinayotgani ko‘zga tashlanmoqda.

XS
SM
MD
LG