Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:37

Mirziyoev: Mahallasida jinoyat sodir bo‘lgan inspektor oyligining 30 foizi ushlab qolinadi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Ichki Ishlar vazirligi bilan Xorazm hokimligiga bir oy muddatda “Xavfsiz hudud” konsepsiyasini ishlab chiqishni topshirdi. Bu kontseptsiyaga ko‘ra, ichki ishlar xodimlarining asosiy qismi posyolka va qishloq aholi punktlari yaqinida faoliyat yuritishi va jinoyatchilikning oldini olish zarur. Prezident, shuningdek, mahallasida jinoyat sodir bo‘lmagan inspektorga oyligining 30 foizi qo‘shib berilishi, aks natijada esa oylikning 30 foizi kesib tashlanishi taklifini kiritdi.

Xalq deputatlari Xorazm viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida 14 oktabr kuni chiqish qilgan prezident Shavkat Mirziyoev tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini aytdi:

“Xodimlarning asosiy qismi posyolka va qishloq aholi punktlariga yaqin joylarda faoliyat yuritishini ta’minlashimiz kerak”, dedi prezident.

Prezidentning aytishicha, “profilaktika inspektorlari bundan buyon ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, balki mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakili sifatida o‘z ishini tashkil etishi kerak”.

Mirziyoev, profilaktika inspektorlarining maoshlari ularning hududlarida qancha jinoyat sodir etilgan va etilmaganiga qarab belgilanishi kerak, dedi:

“O‘z hududida yashaydigan fuqarolar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan mahalla raisi va profilaktika inspektoriga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida mukofot puli berish va, aksincha, jinoyat sodir etishga yo‘l qo‘yilgan taqdirda esa ularga nisbatan oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llashni nazarda tutadigan tartib ishlab chiqilsin”, dedi prezident.

Mirziyoev Xorazm viloyatini jinoyatlardan butunlay xoli hududga aylantirib, bu borada Xorazm tajribasini yaratishni taklif qildi.

Mirziyoev topshirig‘iga ko‘ra, joriy yilning 1 dekabriga qadar Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari uy-joy va avtotransport vositalari bilan ta’minlanishi shart.

XS
SM
MD
LG